Muazzam diyorda ajdodlarga munosib vorislar tarbiya topmoqda
MA’NAVIY YUKSALISH
Har qanday davlat taraqqiyot yo‘lida muayyan yutuq va imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Mamlakatning tinchligi, farovonligi va bardavom rivojlanishi shu yurt ahlining ezgu niyat va intilishlari, zalvorli mehnati hamda xolis niyati evaziga hosil bo‘ladigan buyuk ne’matdir. Iqtisodiy sohadagi o‘zgarishlar moddiy yuksalish deb aytilsa, inson ma’naviyati va ma’rifatining yuksalishi ma’naviy taraqqiyotdir. Ular mushtarak va biri ikkinchisini taqozo qiladi.
Yangi O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlar natijalarining keng va barqaror namoyon bo‘layotgani, ma’naviy-ma’rifiy soha – o‘zlikni anglash, milliy va diniy qadriyatlarimizning yuksalishi mustaqillikning buyuk ma’rifiy ne’matlari sifatida qadrli.
Yurtimizdan chiqqan allomalarning ilm-ma’rifat cho‘qqilarini zabt etish tarixiga nazar solsak, ming yillardan buyon ular dunyo ilm-fani tamadduni asoschilari sifatida jahonda e’tirof etib kelinayotganini ko‘ramiz. Quyida keltirilgan e’tiroflarga e’tibor bering.
BMTning 8-bosh kotibi Pan Gi Mun: “O‘zbekiston zaminidan ko‘plab buyuk allomalarning yetishib chiqqani uning o‘tmishi buyukligidan yorqin dalolatdir”.
Buyuk Britaniya lordlar palatasi a’zosi Shayx Muhammad Iltaf buyuk ajdodlarimiz va ularning benazir ilmiy merosi haqida qimmatli fikrlar aytgan: “Dunyo ilm-fan sivilizatsiyasi taraqqiyotida o‘zbekistonlik olimlarning buyuk xizmatlari bor. Muso Xorazmiysiz matematikani, Abu Ali ibn Sinosiz tibbiyotni, Imom Moturidiysiz aqida ilmini, Imom Buxoriy va Imom Termiziylarsiz hadis ilmini tasavvur etib bo‘lmaydi”.
Bu e’tiroflar dunyo ilm-fani asosiga katta hissa qo‘shgan, ulug‘ ajdodlarimizning ma’naviy merosiga berilgan munosib bahodir.
Dunyoviy fanlar tamal toshini qo‘ygan olimlar ro‘yxati keltirilar ekan, ular orasida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek kabi allomalarimizning borligidan butun dunyo musulmonlari faxrlanadi. Bu ulug‘ zotlar bilan biz bobokalonlarimiz sifatida g‘ururlansak, dunyo musulmonlari uchun buyuk kashfiyotchi olimlar islom dunyosidan yetishib chiqqani bilan faxrli.
Shonli tariximizni o‘rganish, ajdodlarimiz ma’naviy merosini chuqur tadqiq etish hamda diniy va milliy qadriyatlarimizni tiklash borasida yurtimizda muhim ishlar qilinmoqda. Ayniqsa, ajdodlarimiz merosini o‘rganishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati bu sohani yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur xalqaro markazlar tashkil etilishi nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham munosib kutib olinib, jahondagi turdosh markaz va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan faol aloqaga kirishildi.
Markazlar faoliyatida ajdodlarimiz merosini o‘rganish qatorida bugungi kundagi din bilan bog‘liq global muammolarga yechim topish, bu borada xalqaro hamkorlikda ish tutish, xorijiy olimlar bilan birga botil mafkuralarga ilmiy asoslangan raddiyalar berish, shuningdek, buyuk allomalar ma’naviy merosi bo‘lgan qo‘lyozmalarni keng tadqiq etish borasida ahamiyatga molik ishlar yo‘lga qo‘yildi. Markazlar huzurida professor-olimlar va soha mutaxassislarini birlashtiruvchi platforma tashkil etilgan bo‘lib, ularga taniqli xorijiy buxoriyshunos, moturidiyshunos, termiziyshunos olimlar ham jalb etilgan. Masalan, Oksford islom tadqiqotlar markazi direktori Farhang Nizomiy yurtimizda tadqiqot olib borgan olim sifatida mamlakatimizdagi islohotlarni yuksak baholaydi: “Men O‘zbekistonda bo‘lgan vaqtimda u yerda tashkil etilgan ilmiy markazlar faoliyati bilan tanishdim. Bu yurtdan yetishib chiqqan allomalar hayoti va merosini o‘rganishga bevosita qaratilgan mazkur tadqiqot muassasalari buyuk ajdodlari merosiga xos vorislar yetishtirib berishiga ishonch hosil qildim. O‘zbekiston buyuk mutafakkir va mutakallimlar, muhaddis-u mufassirlarning ma’naviy xazinasini o‘zida jamlagan diyordir”.
Buyuk Britaniyadagi Islom madaniyati markazi direktori doktor Ahmad Dubayan esa “O‘zbekiston – islom ummatiga buyuk olimlar, minglab muhaddislar, mutakallim va mufassirlarni yetishtirib bergan zamin. Bu yurtdagi tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik biz uchun sharafdir”, deya markazlar tomonidan xalqaro aloqalar doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni alohida e’tirof etadi.
Xalqaro aloqalar natijasi o‘laroq, bugun markazlar fondlariga minglab kitob-manbalar, kataloglar, kitob-albom va qo‘lyozmalar olib kelinmoqda. Uzoq yillar o‘z tadqiqotchisini kutib yotgan ma’naviyat xazinalari qayta kashf etilmoqda. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, viloyatlarda ilmiy maktablar, oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarining yangidan tashkil etilishi tom ma’noda diniy-ma’rifiy soha uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Ajdodlarimizning ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, ularning o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli tarjimalarini amalga oshirishda ham e’tiborga munosib ishlar bajarilmoqda. Jumladan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan hadis ilmiga oid manbalar, xususan, Imom Buxoriyning boy ma’naviy merosi o‘rganilib, tarjima va tadqiq qilinmoqda.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida tarjima, kitob va risolalar tayyorlash bilan birga, dunyodagi moturidiyshunos olimlar yagona maqsad yo‘lida birlashtirilgani tahsinga loyiq.
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ham ilmiy-tadqiqot ishlari jadal amalga oshirilmoqda. Xususan, Abu Iso Muhammad Termiziyning shoh asari – “Sunani Termiziy”ning o‘zbek tilidagi tarjimasi moturidiy-hanafiylik yo‘nalishidagi sharhi bilan tayyorlanib, nashr etildi. Shuningdek, kitobxonlarga mos, xalqchil va yoshlarning psixologik jihatlarini hisobga olgan holda, o‘nlab buyuk allomalarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan kichik hajmdagi risolalar nashr etilib, mahalliy va xorijiy ta’lim hamda tadqiqot muassasalarida taqdimotlari o‘tkazildi.
Bundan tashqari, yuksak insoniy g‘oyalar va muqaddas qadriyatlarimizni o‘zida ifoda etgan manbalarni tizimli tadqiq etish, ulardan diniy ta’lim, ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarida keng foydalanish maqsadida zarur darslik va o‘quv qo‘llanmalar, ommabop nashrlar, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlash yuzasidan ham tizimli tadqiqot ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Bugun yosh olimlarimiz nafaqat yurtimiz, balki Buyuk Britaniya, Rossiya, Turkiya, Malayziya kabi davlatlardagi tadqiqot muassasalarida ham bilim va ko‘nikmalarini oshirishga muvaffaq bo‘lmoqdalar.
Tarixan “Ilm-ma’rifat ka’basi” deya e’tirof etilgan muazzam diyorda bugun ham ajdodlarga xos vorislar tarbiya topmoqda. Ilm-fan va madaniyat, jumladan, islom ma’rifati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti hamda ilmiy merosini o‘rganish, xalqaro maydonda keng targ‘ib qilishda katta yutuqlarga erishgan olimlar, tadqiqotchilar taqdirlanib, mehnati doimo munosib qadrlangan.
Jumladan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Imom Buxoriy” ordeni ta’sis etilishi har bir o‘zbekistonlik qalbida mislsiz iftixor hissini uyg‘otdi. Mazkur orden bilan ilm-fan va madaniyat, islom ma’rifati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti, ilmiy merosini o‘rganish, targ‘ib qilishda katta yutuqlarga erishgan mahalliy hamda xorijiy fuqarolar mukofotlanishi ilm-ma’rifatning yanada rivojlanishida, yoshlarni ilmiy kashfiyotlarga, yangi marralarni zabt etishga undashda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Bayramlar, to‘y-u tantanalar, shodiyona tinch, mustaqil yurtlarga yarashadi. Ilmiy yuksalish – renessanslar ham shunday yurtlarda sodir bo‘lishi tarixan isbotlangan haqiqatdir. Biz bugun mana shunday mamlakatda yashamoqdamiz. Uning qadriga yetish esa har bir ziyolidan muayyan mas’uliyat talab qiladi. Zero, ilm – taraqqiyot. Ilm – tarbiya. Ilm – go‘zal axloq. Ilm – ikki dunyo saodati. Ilm, Hakim Termiziy ta’biri bilan aytganda, nurdir. Nurga intilgan, unga oshno qalblar esa yuksalishga mahkumdir.
Bunga buyuk ajdodlar dalil. Ularning ibratlarga to‘la hayot yo‘llari-yu kashfiyotlar manbai bo‘lgan ilmiy merosi dalil. Yangi O‘zbekiston shaxmatchi-yoshlarining Hindistonda bo‘lib o‘tgan musobaqada dunyoda tengsiz ekanini isbotlagani, Turkiyaning Konya shahrida bo‘lib o‘tgan V Islom birdamligi o‘yinlarida 54 davlat orasidan umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallagani dalil.
Mustaqillik – ne’mat. U mustahkam tinchlik, go‘zal tarbiya, ilmga rag‘bat, yoshlar baxt-saodati, duoyi xayr bilan bardavom bo‘ladi. Prezidentimiz muborak umra safari chog‘ida qilgan duolarida “Robbim, xalqimni tinch, yurtimni farovon va yoshlarimizni saodatli qilgin!” deya alohida takrorladi. Muqaddas joylarda ulug‘lar tomonidan qilingan duolar ijobatdir, inshaalloh!
Shukurillo Umarov,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 27-avgust, 175-son
Izoh qoldirish