449

Xalqaro jurnalistika ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ijodiy imtihon o‘tkazildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriat “Jurnalistika” (xalqaro jurnalistika) ta’lim yo‘nalishiga 1-2 avgust kunlari kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lib o‘tdi.

Dastlab, Akademiya Qabul komissiyasi mutasaddilari tomonidan imtihon o‘tkazish tartib-qoidalari haqida tushuncha berildi. Jarayonni adolatli va shaffof tarzda o‘tkazish maqsadida imtihon to‘liq onlayn translatsiya qilindi.

Kasbiy (ijodiy) imtihonlarning birinchi kunida abituriyentlar ijodiy insho yozishdi. Imtihon dasturi va baholash mezoniga ko‘ra, insho mavzulari xalqaro jurnalistika tizimida ijtimoiy-siyosiy, adabiy-tarixiy, madaniy-ma’naviy, axloqiy, vatanparvarlik va boshqa dolzarb masalalariga bag‘ishlanganligi hamda jurnalistik xususiyatga yo‘naltirilgan va abituriyentning ijodiy imkoniyatlarini ochib berishga qaratilgan bo‘lishi nazarda tutildi.

Kasbiy (ijodiy) imtihonlarning ikkinchi kunida abituriyentlarning xalqaro juralistika sohasiga qiziqishi, ijodiy qobiliyati va dunyoqarashini baholash bo‘yicha og‘zaki suhbat bo‘lib o‘tdi. Unda abituriyentlarga juralistika va jamiyat tuzilishi, matbuot erkinligi, juralistika prinsipi va funksiyalarining mohiyatini anglash, xalqaro miqyosda sodir bo‘layotgan yangiliklar va uning turli sohalarida yuz berayotgan o‘zgarishlardan xabardorlik darajasi, O‘zbekiston va jahonda yuz berayotgan so‘nggi yangiliklar, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar kabi savollar berish orqali ularning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy va boshqa sohalardagi o‘zgarishlardan boxabarlik darajasi aniqlandi.

O‘tkazilgan kasbiy (ijodiy) imtihonlarda ishtirok etgan abituriyentlarni xolis hamda haqqoniy baholash maqsadida respublikamizdagi yetakchi va nufuzli OAVning vakillari, shoir-yozuvchilar, jurnalistlar jalb etildi. Jumladan, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, Senator Minhojiddin Hojimatov, “Yangi O‘zbekiston” va “Правда Востока” gazetalari tahririyati bosh muharriri Salim Doniyorov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi muassisligidagi “Ishonch” va “Ишонч-Доверие” gazetalari tahririyati bosh muharriri Husan Ermatov, Adliya vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shahnoza Sagatova, “Ma’rifat” gazetasi bosh muharriri Husan Nishonov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi “Ziyo” media markazi direktori Abduhamid Muhtarov, Xalq ta’limi vazirligining “Til va adabiyot ta’limi” – “Преподавание языка и литературы” – “Language and literature teaching” ilmiy-metodik jurnali bosh muharriri Matbuot kotibi Bahodir Jovliyev ishtirok etdi.

Akademiyada ilk bor ochilgan “Jurnalistika” ta’lim yo‘nalishiga hujjat topshirganlar orasida o‘rta-maxsus ma’lumotga ega abituriyentlar bilan bir qatorda respublika va mahalliy Ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan amaliyotchi jurnalistlar ham bor. Bugun har bir sohada bo‘lgani kabi, OAVda ham faoliyat yuritayotgan soha vakillari oldida muhim va mas’uliyatli vazifalar turibdi.  Aynan Xalqaro islom akademiyasida ushbu yo‘nalishning ochilgani bejiz emas.

Imtihon dasturi va baholash mezonida belgilanganidek, Xalqaro juralistika ta’lim yo‘nalishida ijodiy imtihon o‘tkazishdan maqsad — abituriyentda mazkur soha talab etadigan ijodiy qobiliyat, xorijiy tillarini o‘rganish va bilishga qiziqishi, mustaqil fikrlash mahorati, xalqaro mavzularning yoritilishi, xalqaro miqyosda axborot uzatuvchi Xalqaro OAV tizimining shakllanishi va ko‘rinishi, xalqaro axborot bozori va uning qonuniyatlari, OAV faoliyatining iqtisodiy asoslari, iqtisodiy va ijtimoiy ta’sirlar, muassislik va boshqaruv, media-biznes va unda bozor iqtisodiyoti talablaridan kelib chiqadigan zamonaviy tendensiyalar kabi muhim nazariy mavzularini qamrab oladi. “Dunyoning axboriy xaritasi”, “raqamli tengsizlik” yangi tushunchalar mazmunini anglashi va xulosalar chiqarish kabi sifatlarning mavjudligini hamda abituriyentlarning dunyoqarashi va fikrlash doirasini aniqlashdir.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish