412

“O‘ZBEK MODELI”NI YARATAMAN

Yagona maqsadimiz – yangi O‘zbekistonning buguni va kelajagi barqaror bo‘lishi, xalqimizning farovon hayotini ta’minlash borasida birlashib, qo‘lni qo‘lga berib harakat qilishdir. Bu yo‘lda yoshlarimiz ham katta kuch bo‘lib intilishmoqda. Ana shunday yoshlardan biri – “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohibi Xojiakbar Muhammadjonov.

– 23 yoshni qarshiladim. Axborot texnologiyalari sohasida respublika va xalqaro yutuqlarga erishib kelyapman. Yangi O‘zbekistonning yangi taraqqiyot poydevorini barpo etishda qalbimdagi shijoat, yuragimdagi g‘urur bilan tengdoshlarimga namuna bo‘lishga harakat qilaman. Eng oliy maqsadim –texnologiya va avtomatlashtirish sohasida “O‘zbek modeli”ni yaratish, – deydi qahramonimiz.

Xojiakbar O‘zbekiston xalqaro islomakademiyasining Axborot xavfsizliginiboshqarish mutaxassisligi 1-bosqich magistranti. Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi stipendiyasini qo‘lga kiritgan. 2020-yilda “Yil talabasi – 2020” ko‘rik-tanlovining “Yilning o‘z sohasi bo‘yicha eng bilimdon talabasi” yo‘nalishi g‘olibi. Ayni damda ilmiy ishlar, innovatsion g‘oyalar, loyihalar, ixtirolar, robototexnik ishlanmalar hamda dasturlash yo‘nalishlarida yangi tashabbuslar ustida ish olib bormoqda. Ilm-fan nazariyasi, texnologik yechimlar, avtomatlashtirish mavzularida ilmiy ishlar, tezis va maqolalari respublika va xalqaro nashrlarda chop etilgan.

Germaniyada “Development of tin tack to the terminal or tin filling terminal” deb nomlangan ilmiy ixtiro ishiga xalqaro patentni qo‘lga kiritgan. “Optik tarmoqlarda axborot xavfsizligi” nomli monografiya hamda “Avtomatik boshqarish texnikasiga kirish” uslubiy qo‘llanmalari mazkur yo‘nalishda ta’lim olayotgan tengdoshlari uchun qulay dastur bo‘lib xizmat qilmoqda. Bugunga qadar 5 ta maktabning veb-sayti, 40 dan ortiq robototexnik qurilmalar, 15 dan ortiq dasturiy vositalar yaratuvchisi hamda 3 ta yirik innovatsion loyiha, 21 ta innovatsion targ‘ibot loyihasi, 20 ta innovatsion qurilma loyihalarining mualliflik huquqiga ham ega.

Dilnoza TOSHTEMIROVA tayyorladi.

Manba: “Yoshlar ovozi” gazetasi 2022-yil 30-iyul, 51-son.

Izoh qoldirish