“IMOM MOTURIDIY” – BIZ KUTGAN ASAR
Moziy haqiqatning tarozusidir
Ulug‘ ajdodimiz, alloma, imom Abu Mansur Moturidiy haqida, u zotning salohiyati, aqida, fiqh, tafsir ilmiga qo‘shgan ulkan hissasi to‘g‘risida xos davralarda, anjumanlarda ko‘p va xo‘b eshitganmiz. Ne ajabki, hazrat ilgari surgan ta’limot, hayotiy-diniy tutum, falsafa bugun ham o‘z kuchini, o‘z dolzarbligini yo‘qotgan emas. Zero, turli mafkuralar zimdan kurashayotgan, har xil firqalar ko‘paygan hozirgi davrda millatni, ayniqsa, yoshlarni tarbiyalashda, ularning ma’naviyatini o‘stirishda, ezgulikka esh bo‘lishida, noto‘g‘ri yo‘llardan qaytarishda imom Moturidiyning ulug‘vor g‘oyalari, o‘gitlari o‘ta muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari ma’naviyatga, ma’rifatga oid suhbatlarda ulug‘ ajdodlarimiz ta’limotini keng yoyishga, ularning hayoti va faoliyati haqida badiiy asarlar, filmlar yaratishga da’vat qilib keladi. Chunki buyuklar ibratini xalq orasida keng targ‘ib etishda, qalblarga singdirishda adabiyotning o‘rni kattadir. Shu nuqtai nazardan qaraganda, kuni kecha O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasida taqdimoti bo‘lib o‘tgan, taniqli adib Luqmon Bo‘rixon qalamiga mansub “Imom Moturidiy” romani xuddi shunday ezgu niyatda bitilgan, davr talabiga mos, biz ko‘pdan beri kutgan asar bo‘ldi, deb bemalol aytishimiz mumkin.
Romanda somoniylar zamonasiga xos tarixiy voqealar, jarayonlar qatida hazrati imom siymosi yaqqol namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston qahramoni, yirik adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov kitob so‘z boshisida ta’kidlaganidek, yozuvchi Luqmon Bo‘rixon tarix sahifalarida yetib kelgan ma’lumotlarni misqollab yig‘ib, o‘rganib, tahlil va talqin qilib buyuk ilohiyotshunos olimning hayotiy, insoniy qiyofasini badiiy tarzda yortishga erishgan. Roman maroq bilan o‘qiladi. O‘quvchini behad zavq-shavqqa ko‘madi. Hatto, soha mutaxassislarini ham ba’zan zeriktirib qo‘yadigan ilmiy, aqidaviy bahs-munozalar ham qiziqarli, hayajonli ifoda etilgan. Eng muhimi, kitobxon “Imom Moturidiy”ni o‘qib shunchaki qiziqarli, hayajonli voqealar zanjiriga oshufta bo‘lib qolmaydi, balki qaysidir ma’noda ilmga ham erishadi. Bahs-munozalarda ko‘tarilayotgan masalalarning haqiqatini, aqida bobidagi ustivor yo‘nalishlarni o‘rganib oladi.
Biroz kengroq ta’riflaydigan bo‘lsak, roman badiiy asar bo‘lishiga qaramasdan uni o‘qigan kitobxon Islom dinining sof aqidasidan o‘ziga xos ta’lim oladi. Ahli sunnat val jamoat mazhabining e’tiqodiy masalalari Abu Mansur Moturidiy nomidan romandagi dialoglarda mohirlik bilan singdirib yuborilgan. Fikrimcha, aynan mana shu asarning eng asosiy jihatidir. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom va u zotning sahobalaridan naql qilingan va ota-bobolarimiz amal qilib kelgan e’tiqod masalalarini bilish bugungi kunda har qachongidan ham muhim va dolzarbdir. Zero, mana shu qadimiy asosiy e’tiqodni, ya’ni ahli sunnat val jamoat mazhabining e’tiqodiy masalalarni bilmaganlar adashib turli buzuq niyatdagi yangi chiqqan aqidaparast firqalarga ergashib ketishi natijasida muqaddas islom dinimiz buzib ko‘rsatilayotgani, bunday adashgan yoshlar esa dunyohamjamiyatiga katta tashvish keltirib chiqarayotgani bugun barchaga ma’lum. Bir yirik xalqaro konferensiyada ta’kidlanganidek, buning davosi ‒ buyuk bobokalonimiz Abu Mansur Moturidiy hazratlari ko‘rsatib bergan yo‘ldan yurmoq va ul zotning ta’limotiga amal qilmoqdir.
Asarning tag‘in bir e’tiborli jihati shundaki, garchand u maqtovga loyiq ulug‘ zot haqida bo‘lsa-da, muallif qahramonini ko‘r-ko‘rona, balandparvoz satrlar tizmasi bilan madh etishdan qochadi. Uning darveshona qiyofasi va fe’l-atvorini, xuddi shu sodda, oddiy surat ostiga ulkan qalb, ulkan bilim, mustahkam e’tiqod jo bo‘lganini samimiy satrlarda mahorat bilan ifodalaydi. U kishining sevgisi ham boshqacha: xayolotida jonlangan pok, hur, go‘zal siymoga ko‘ngil qo‘yadi. Bu yerda adib tasavvuf unsurlarini yaxshi bilishi, ulardan unumli foydalangani ko‘rinib turibdi. Asarda imom Abu Mansur Moturidiyning bahs-munozaralarga sabab masalalarning mohiyatini chuqur anglashi, bilimdonligi, zakiyligi ishonarli, teran ifodalangan. Shuningdek, u zotning mardlik, hozirjavoblik, olijanoblik kabi insoniy xususiyatlari ham satrlar aro yaqqol ko‘rinadi. Umuman, Luqmon Bo‘rixon qalamiga mansub mazkur romanda deyarli barcha obrazlar, personajlar puxta ishlangan. Muallif, garchand salbiy yo‘sundagi obrazlar bo‘lishiga qaramay, Vosiq La’liy, Idris Shomiy kabi obrazlarni qop-qora rangga bo‘yab tashlamaydi. Ularning, avvalo ilm egalari ekanligini doimo nazarda tutadi. Ilm egalari esa tabiiyki, qator insoniy fazilatlardan xoli bo‘lmaydi. Masalan, Vosiq La’liy o‘z nasabiga bino qo‘yish, hasadga berilish oqibatida bolalik chog‘laridan beri do‘sti bo‘lgan insonning raqibiga aylansa-da, uni tez-tez vijdon bezovta qilib turadi. Jumladan, imom Abu Mansurni hokim jazolash uchun ketganini eshitib iztirobga tushadi, Moturidiyning o‘ldirilishini aslo xohlamaydi. Ko‘nglida tavba-tazarruga, sog‘inchga o‘xshash ezgu o‘ylar charx uradi. Muhammad bilan bahslashish uchun uning uyiga borgan Vosiqning kechinmasini yozuvchi qo‘yidagicha ifodalaydi:
“Vosiq va Muhammad quchoq ochib ko‘rishdilar. Vosiq do‘stini bag‘riga bosarkan, uning ozib-to‘zib, bir tutamgina bo‘lib qolganini payqadi. O‘kinchmi, mehrmi, shafqatmi ko‘nglidan lip etib o‘tdi.”
Shu parchada ham biz hasad girdobida sarson yurgan vijdonning g‘ira-shira sharpasini ilg‘aymiz.
Romandagi Xolid Xalaj obrazi ham o‘ziga xos. U tabiatan mard, jasur jangchi. Saltanantga, dinga sadoqati bisyor. Lekin u ochiq dushman bilan maydonda savashishga o‘rgangan, xolos. Taqdir taqozasiga ko‘ra Samarqandga muvaqqat hokim bo‘lgach, olimlar o‘rtasidagi ziddiyatlarga, fitnalarga duch keladi. Hamma ahli ilmni ham ziyoli, taqvodor deb bilgani uchun osongina aldanadi, qarama qarshiliklar girdobida qoladi. Siri fosh bo‘lgan Shomiyni qatl qilgan lahzadagi uning ruhiy holatini yozuvchi chiroyli, sermazmun ifodalaydi:
“Xolid Xalaj xuddi xumori bosilgan mayxo‘rday entikib, suzilib turardi. U qozi tomonidan jo‘ngina aldangani, oyog‘i singani, ahli peshvo tilini topolmay xotiniga kuni qolgani, hamma-hammasi uchun go‘yo qasos olgan edi.”
Somoniylar hukmronligi davrida ilmu fan, madaniyat, adabiyot va san’at gullab-yashnagani haqida tarixiy asarlardan ma’lum. Luqmon Bo‘rixonning “Imom Moturidiy” romanida jonlantirilgan amir Ahmad Somoniy obrazi ham yorqin bo‘yoqlarda o‘quvchiga taqdim etilgan. Mazkur shaxsning ilmga, e’tiqod masalalariga g‘oyat e’tiborli ekanligi ta’sirchan, jonli lavhalarda o‘z aksini topgan. Darveshona libosda hazrat Moturidiy ziyoratiga borishi, saroyda g‘oyat jiddiyat bilan olimlar bahsini tashkil etishi, dinga, ilmga munosabati shular jumlasidan. Ahmad Somoniy obrazi orqali o‘tmishda barcha hukmdorlar ham zolim, johil bo‘lmaganiga, ular orasida adolatni, e’tiqod sofligini, xalq manfaatini jiddu jahd bilan himoya qilganlari ham ko‘pligiga yana bir karra guvoh bo‘lamiz.
Albatta, men bir oddiy o‘quvchi sifatida roman mutolaasi jarayonida o‘zim ilg‘agan jihatlarga biroz to‘xtalib o‘tdim, xolos. Uning badiiy xususiyatlarini, yozuvchining mahoratini keng va chuqur tahlil qilish, ta’riflash adabiyotshunoslik mutaxassislariga havola. Lekin fursatdan foydalanib, mazkur asarning eng muhim xislatini tilga olib o‘tishni istardim. Luqmon Bo‘rixon alloma Abu Mansur Moturidiy hayoti va ijodi haqida qalam tebratar ekan, u zotning faoliyatdagi bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini, ahamiyatini yo‘qotmagan qirralarini bo‘rttirib ko‘rsatadi. Hazrat imomning e’tiqodda sobitligi, islom aqidasining jasur muhofizi ekanligi, diniy bag‘ri kengligi, ilmga intilishi, ilmgina dunyoni qutqaradi deb bilishi shular jumlasidan. Xolid Xalaj mahkum Shomiyni qatl qilgach, hazrat iztirob bilan aytgan quyidagi so‘zlari go‘yo bugunning ham shiori kabi jaranglaydi:
“– Qilich ishi?! Ul savash maydonida emasmu? Axir Idris Shomiy bu yon tig‘ o‘qtalib kelmadi. Aning yarog‘i fikr edi, g‘oya edi. Fikrni fikr ila, g‘oyani g‘oya ila daf etmoq, buni ahli ilm, ahli qalam bajarmoq lozim edi.”
Bugun mamlakatimizda olib borilayotgan oqilona, odilona siyosatning tub mohiyatida yurtimizni barcha sohalarda ravnaq toptirish, xalq farovonligi, Vatanimiz shonu shuhratini dunyoga yoyishdek ezgu g‘oyalar yotibdi. Buning uchun millatni, ayniqsa, yoshlarni yuksak ma’naviyat, ma’rifat ruhida tarbiyalash lozim sanaladi. Shuning uchun ham Prezidentimiz tomonidan ilmga, ta’limga, adabiyot va san’atga bemisl darajada e’tibor qaratilgan. Chunki mazkur sohalargina ta’lim-tarbiya, ruhiy yuksalish borasidagi eng muhim omillar sirasiga kiradi.
Shu nuqtai nazardan olib qaraganda yozuvchi Luqmon Bo‘rixonning “Imom Moturidiy” romani biz yuqorida tilga olgan ezgu maqsadlarga xizmat qilishiga ishonamiz. Yangi O’zbekistonning yangicha dunyo qarashiga, yangicha mavqeiga mos shunday go‘zal, sermazmun asarlar ko‘payaversin.
Mas’udxon ISMOILOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti, tarix fanlari nomzodi.
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 30-iyul, 154-son
Izoh qoldirish