Buyuk ajdodimiz aks etgan asar taqdimoti
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Luqmon Bo‘rixonning "Imom Moturidiy" romani taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot tadbirida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid Prezidentimiz tomonidan qo‘yilgan barcha topshiriqlar xalqimiz, adabiyotimiz ravnaqiga, xalqaro aloqalarning tobora mustahkamlanishiga xizmat qilayotganini qayd etib, "Imom Moturidiy" romani aynan buyuk alloma bobolarimiz haqidagi asarlarga, kitobxonlikka talab kuchaygan bir paytda yuzaga kelganini, ushbu asarni qo‘shimcha tirajda chop etish muhim ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurovning fikricha, 9-10-asrlar islom ta’limoti, falsafasi ravnaq topgan davr edi. “Imom Moturidiy” asarida islom ahkom-aqidalarini tushunish, ularni hayotga olib kirish yo‘lida behad kurashlar avj olgan tarixning qorong‘u sahifalari yoritilib, ushbu kitob qimmatli ma’lumotlarga, yaxshi tassurotlarga ega bo‘lishga imkon beradi.
Tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori Zohidjon Islomov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, pedagogika fanlari doktori Qozoqboy Yo‘ldoshev va boshqalar mazkur roman buyuk alloma bobomiz Imom Moturidiyning hayoti, g‘oyalari, falsafasini xalqimizga sodda, ravon va hayotiy tarzda tushuntirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Darhaqiqat, yozuvchi Luqmon Bo‘rixon ushbu romanida X asr boshlaridagi qo‘hna Samarqandning siyosiy-ijtimoiy, ma’rifiy hayotidan ayrim lavhalarni qalamga oladi. Ulug‘ ajdodlarimizdan biri, mashhur alloma Abu Mansur Moturidiyning badiiy siymosini aks ettirishga urinadi. Asar dramatik voqealarga, qiziqarli, sermazmun bahs-munozaralarga boy.
Tadbirda e’tirof etilishicha, avvallari Imom Moturidiy faoliyati tadqiq etilganida faqatgina din sohasi vakillari jam bo‘lishar edi. Luqmon Bo‘rixonning yangi asari targ‘iboti sababli endilikda allomalarimiz faoliyatini targ‘ib etishda adabiyot ahli, yozuvchilar ham to‘plangani, ushbu kitob ma’rifiy-ma’naviy hayotimizda o‘ziga xos voqelikka aylangani e’tiborga molikdir.
Ushbu roman joriy yilda “Adabiyot” nashriyotida chop etilgan. 1000 nusxada nashrdan chiqqan asarga Hasanxon Yahyo Abdulmajid muharrirlik qilgan. Kitobga O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov so‘zboshi yozgan.
Yozuvchi Luqmon Bo‘rixon tarix sahifalarida yetib kelgan ma’lumotlarni misqollab yig‘ib, o‘rganib, tahlil va talqin qilib buyuk ilohiyotshunos olimning badiiy qiyofasini hayotiy, insoniy tarzda yoritishga muvaffaq bo‘ldi. Asarda imom Abu Mansur olim va inson sifatida to‘liq namoyon bo‘lgan, uni yaratgan muhit aniq xarakterli belgilari bilan tavsiflangan. Roman jonli hayot lavhalariga, o‘z qiyofalari bilan ajralib turadigan personajlarga boy.
E’tiborga molik jihati, Moturidiya aqidasidagi eng muhim jihatlar ushbu kitobda o‘z ifodasini topgan. Kitob bugungi tobora globallashib borayotgan davrning muhim masalalariga ham javob berishi mumkinligi mutaxassislar tomonidan alohida e’tirof etildi. Asarni mutolaa qilgan har bir o‘quvchi ogohlik, hushyorlik qalb uyg‘oqligi bilan bevosita bog‘liq ekaniga yana bir karra ishonch hosil qiladi. Aytish joizki, asar g‘oyat xalqchil, ravon tilda yozilgani bilan ahamiyatlidir. Muallif voqealar bayoni va takomilini rivojlantirishda, epizodlarning o‘zaro uyg‘unligi bog‘lanishlarida asosan “eslash” usulidan foydalangan. Roman ezgulik, abadiyat, ilohiyot bobidagi fikrlarimizni charxlaydi. Tariximizning qorong‘u sahifalarini yoritib, o‘y-xayollarimizga yaxshi ma’naviy quvvat beradi. Kitobxonlar ushbu asarni o‘qib, uzoq o‘tmishimiz, buyuk olim ajdodlarimiz va ularning kurashlari haqida qimmatli ma’lumotga, jonli tasavvurga ega bo‘ladilar.
– Hazrat Moturidiy haqidagi fikrlarimni ushbu kitobda bayon etdim, – dedi yozuvchi Luqmon Bo‘rixon. – bugungi globallashuv davrida milliyqiyofani saqlab qolish dolzarb ahamiyat kasb etayotgan bir paytda Prezidentimiz buyuk ajdodlarimiz haqidagi asarlar yaratishga ehtiyoj katta ekani xususida gapirgan edilar. Ushbu asarni yaratishda o‘rgangan manbalarim va tasavvurimga tayandim, oddiy odamlarga tushunarliroq, soddaroq tarzda yaratdim.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar romanning o‘ziga xos jihatlariga e’tibor qaratdilar. Yangi kitob haqida iliq fikrlar bildirildi. Taqdimot yakunida Luqmon Bo‘rixon asar borasidagi mulohazalari uchun o‘z tashakkurini aytdi va yig‘ilganlarga yangi kitobidan tuhfa etdi.
N.Usmonova, O‘zA
Izoh qoldirish