406

Imom Buxoriy majmuasi diniy, ma’rifiy, madaniy markaz bo‘ladi

Imom Buxoriy maqbarasi islom olami uchun tabarruk ziyoratgohlardan biri bo‘lib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bugungi kunda majmua qayta qurilmoqda. Qariyb 10 ming namozxonga mo‘ljallangan masjid, to‘rtta minora, ayvonlar barpo etilyapti. Majmua yonida mehmonxonalar, avtoturargoh, avtobekat, oshxonalar, savdo rastalari, tahoratxonalar quriladi.

Bu jarayon Prezidentimizning doimiy e’tiborida va har gal Samarqandga kelganida qurilish ishlari bilan tanishib o‘z tavsiyalarini bermoqda. 15-iyul kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi davomida Imom Buxoriy qabrini ham ziyorat qildi. Majmuada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.

O‘tgan galgi tashrifida berilgan topshiriqlari qay darajada bajarilayotganini kuzatdi. Ziyoratchilarga barcha qulayliklarni, jumladan, Qur’on va hadis kabi muqaddas kitoblarni erkin o‘qib o‘tirishlari uchun sharoitlar yaratish, majmuaga kiraverishdagilaridan tashqari, ichkariroqda ham zamonaviy tahoratxona qurish, maqbaraga ko‘tarilishda nogironlik aravachasida keladigan ziyoratchilar uchun pandusli yo‘laklar barpo etish va boshqa masalalar bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.

– Inshoolloh, bu majmua ochilganidan keyin ziyoratchilar yanada ko‘payadi. Ayniqsa, nuroniylar ko‘p keladi. Ular uchun barcha qulayliklarni inobatga olish kerak. Bu joy nafaqat diniy va ma’rifiy, balki ulkan madaniy markaz ham bo‘lishi zarur. Shu bois eng yaxshi gulchilarni olib kelib, majmuani qishin-yozin gulzor qilib qo‘yish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangilanayotgan majmua ziyorat turizmining yirik markazlaridan biriga aylanishi uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi, ulardan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Mahmud IBODULLAEV,

Imom Buxoriy masjidi faxriy imomi

O‘zA.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish