371

Yoshlar kamolotiga har birimiz masʼul

OGOHLIK

Prezidentimizning Oʻzbekiston xalqiga Qurbon hayiti tabrigi mazmundorligi, yuragimiz toʻridagi fikr-mulohazalarni, bugungi kunning dolzarb vazifalarini qamrab olganligi bilan har birimizning qalbimizni yanada nurafshon etdi.

Tabrikda islom dini, avvalo, tinchlik, ezgulik va insoniylik dini ekanligiga yana bir bor eʼtibor qaratildi. Darhaqiqat, hozirgi gʻoyat murakkab hamda tahlikali zamonda tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetish, uni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash va mustahkamlashdek oʻtkir talablar yurtimizda yashayotgan har bir moʻmin-musulmon, har bir inson uchun har qachongidan ham dolzarb boʻlib turibdi.

Bu haqda soʻz yuritganda, bugun yoshlarni bilimli va zukko, sogʻlom dunyoqarashga ega, odob-axloqli, imon-eʼtiqodli, vatanparvar insonlar etib tarbiyalash jamiyatda uchrayotgan koʻplab muammolarni bartaraf qilish va ularning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlash joiz.

Kishi maʼnan qanchalik boy boʻlsa, u ezgu qadriyatlarda shunchalik sobit turadi. El-yurt taqdiriga daxldorlik bilan yashaydi. Tinchlik-totuvlikning mohiyatini anglab, ahamiyatini tushunib, uni asrab-avaylashga hissa qoʻshadi.

Xoʻsh, ertamiz egalarini yuksak maʼnaviyatli insonlar qilib tarbiyalashda bugun qaysi yoʻldan borishimiz kerak? Bizga bu yoʻlda nima tayanch va suyanch boʻladi? Shubhasiz, muborak dinimizning ezgu taʼlimotlari, muqaddas kitoblarimiz, asrlar osha yashab kelayotgan milliy qadriyatlarimiz, ota-bobolardan meros taʼlim-tarbiya usul hamda uslublari.

Shukrki, Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda maʼnaviyat hamda maʼrifat masalasiga, milliy qadriyat va anʼanalarni asrash, rivojlantirish hamda targʻib qilishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Zamon andozalariga mos taʼlim maskanlari bunyod etilayotir. Tabarruk ziyoratgoh va qadamjolar, koʻhna masjid hamda madrasalar obod qilinyapti. Yangidan ochilgan ilmiy-tadqiqot markazlarida buyuk ajdodlarimizning bebaho maʼnaviy-maʼrifiy merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib etish borasida keng koʻlamli ishlar yoʻlga qoʻyildi.

Bunday chora-tadbirlar davlatimiz rahbari ilgari surgan “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasini hayotga tatbiq etishda muhim oʻrin tutmoqda.

Bugun jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashishni nafaqat masʼul tashkilot vakillari, balki har bir ota-ona oʻzi uchun dolzarb vazifa, deb bilmogʻi lozim.

Muqaddas islom dinimizni pok saqlash, uni turli gʻarazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va boʻhtonlardan himoya qilish, ayniqsa, uning asl mohiyatini unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodga toʻgʻri tushuntirish, islom madaniyatining ezgu gʻoyalarini keng targʻib etish vazifasi hamon dolzarb boʻlib qolmoqda.

Axborot texnologiyalari oʻta tezkorlik bilan rivojlanayotgan, nanotexnologiyalar shiddat bilan hayotga kirib kelayotgan, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar xilma-xil, toʻgʻri-notoʻgʻri maʼlumotlarni kecha-yu kunduz tarqatayotgan hozirgi davrda bu ish nihoyatda murakkab hamda qiyin ekani rost. Bugun farzandlarimizni nazoratsiz yolgʻiz qoʻysak, ular boʻsh vaqtlarini telefon, kompyuter bilan mashgʻul boʻlib oʻtkazsa, yoshlar tarbiyasidagi muammolar, ularning ongu dunyoqarashiga suqilib kirgan illatlar yanada ildiz otadi.

Dono xalqimiz “yaxshining sharofati, yomonning kasofati” deb bejiz aytmagan. Bugun olis oʻlkalardan yoshlar uchun turli yoʻllar bilan, asosan, global tarmoq orqali eksport qilinayotgan “qadriyat”lar, yurish-turishu oʻzini tutish, insonlararo muomala-munosabatga oid koʻrsatmalar ongu qalbga qaratilgan xurujlardir, desak, aslo xato emas. Ular milliy mentalitetimizga ham, Qurʼoni karim oyatlari va Paygʻambarimiz alayhissalomning hadisi shariflariga ham, dinimiz koʻrsatmalari va shariatimiz hukmlariga ham, ulamolarimiz fatvolari va davlatimiz qonunlariga ham, sharqona odoblarimiz va mazhabimiz meʼyorlariga ham mutlaqo zid ekani har birimizni tashvishlantiradi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻz hadis-shariflarida: “Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar!” deya marhamat qiladilar.

Bu xususda shoirlarimizning ibratli soʻzlari ham bor:

Birinchi gʻishtni qiyshiq qoʻyarkan meʼmor,

Osmonga yetsa ham, qiyshiqdir devor.

Shunday ekan, toki hali suyagi qotib ulgurmagan yoshlarning begʻubor olamiga, gʻoʻr maʼnaviyatiga “allakimlar” jiddiy zarar yetkazib qoʻymasidan oldin oʻz farzandlarimizni oʻzimiz tarbiyalashimiz kerak.

Barchamiz koʻzimizni kattaroq ochib, ziyraklik va ogohlik bilan gʻoyaviy hamlalarga qarshi kurashmogʻimiz lozim.

Shu oʻrinda aytish joizki, muqaddas haj va umra ziyoratlarini ado etib qaytgan otaxon va onaxonlar, mahallalardagi nuroniylar, katta hayotiy tajribaga ega insonlar bu ezgu ishda yanada faol boʻlishlari zarur.

Ular Prezidentimizning “Jaholatga qarshi – maʼrifat” degan ezgu gʻoyasini hayotga tatbiq etishda asosiy kuchdir. Yigit-qizlarni hidoyatga chorlashda, xonadonlarni islom nuri bilan munavvar qilishda, har bir moʻmin va moʻminalarga maʼrifat ulashishda bu in­sonlarning hissalari juda katta ekaniga shubha yoʻq. Yoshlarimiz Qurʼoni karim tafsiri, Hadisi sharif sharhi, aqida, fiqh masalalaridan bahramand boʻlishsa, ular yot kuchlar “darslari”ga ehtiyoj sezmaydi, aldanib, yot gʻoyalar va botil iddaolarga berilmaydi.

Har bir ota, har bir ona oʻz farzandiga odob-axloq namunalarini, kindik qoni toʻkilgan mislsiz Vataniga muhabbatni, bobo-buviga ehtirom-hurmatni, mehr-itoatkorlikni, oila aʼzolariga rahmdillik va mehribonlikni, oʻz jufti haloliga sadoqatni, qoʻni-qoʻshnilarga oqibat va chiroyli munosabatni, qavm-qarindoshlarga saxovat-muruvvatni, sinfdosh-kasbdoshlarga chin doʻstlik va yordam berishni, atrofdagi odamlarga insonparvarlik va samimiylikni, hayvon-parranda-hasharotlarga nisbatan rahm-shafqatni uqtirishi, yuqtirishi, tushuntirib, singdirishi muqaddas burch, ham qarz, ham farzdir.

Oʻylaymanki, bu yumushlar hech birimizga qiyinchilik tugʻdirmaydi. Zero, shu sifatlarning hammasi farzandlarimizning qonida bor. Bu fazilatlarning barchasi bolalarimizning DNKsida mavjud. Chunki bu xususiyatlar ajdoddan-avlodga, qondan-qonga tarbiya orqali oʻtib kelyapti. Faqat yoshlar kamolotiga bugun yanada eʼtiborli boʻlsak, zimmamizdagi burchni, vazifani sidqidildan bajarsak, ogohlik va hushyorlikni boy bermasak, koʻzlangan natijalarga, albatta, erishamiz.

Iloho, oʻzimizning ham, farzand-zurriyotlarimizning ham mehribon Parvardigorimiz Oʻzi buyurgan, janob Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam tavsiya etgan, oʻtmishda oʻtganlarimiz ruhini shod, xalqimizni xursand, ota-onalarimizni rozi qiladigan yoʻllardan yurishimizni nasib etsin!

Ibrohimjon INOMOV,

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari.

Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2022-yil 13-iyul, 148-son

Izoh qoldirish