449

Janubiy Koreya telekanalida O‘zbekiston haqidagi navbatdagi ko‘rsatuv namoyish etildi

Koreya Respublikasining «OLIFE» telekanali «Dunyo bo‘ylab sayohat» dasturi orqali yurtimizning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan «O‘zbekiston – qadimiy qizil karvon yo‘llari va moviy gumbazlar o‘lkasi» nomli ko‘rsatuv namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Qariyb 50 daqiqalik ko‘rsatuv davomida janubiy koreyalik sayyohlarning mamlakatimizdagi eng diqqatga sazovor turizm marshrutlari bo‘ylab sayohat taasurotlari tomoshabinlarga yetkaziladi. Jumladan, Toshkent shahrining zamonaviy qiyofasi va ko‘ngilochar maskanlari, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlarning arxitektura va madaniy yodgorliklari, O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi tarixiy aloqalar, shuningdek o‘zbek xalqining urf-odatlari, milliy taomlari, san’ati va boy madaniy me’rosi aks ettiriladi.

Ko‘rsatuv ijodkorlari tomonidan janubiy koreyalik turistlar orasida katta qiziqish uyg‘otuvchi respublikamizning tog‘-chang‘i komplekslari, sahrodagi ekstrimal sayohatlar va boshqa yo‘nalishlarni qamrab oluvchi lavhalar ham tayyorlangan.

Telekanal ijodkorlarining fikriga ko‘ra, har yili millionlab koreys fuqarolari chet el sayohatlariga yo‘l oladi. Shu o‘rinda Janubiy Koreya ommasi ko‘z o‘ngida O‘zbekistonning ham turizm jozibadorligi yildan yilga oshib bormoqda. Ayni damdagi epidemiologik vaziyatni inobatga olib, bu kabi ko‘rsatuvlar ko‘plab tomoshabinlarning talablariga javob beradi va kelgusida turizm mavsumi tiklangach, O‘zbekistonga turistlar oqimining ko‘payishiga hissa qo‘shadi.

 

Izoh qoldirish