488

Poytaxtimizda "Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha!" shiori ostida harbiy-vatanparvarlik festivali boshlandi

Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Toshkent shahridagi «Xalqlar do‘stligi» sanʼat saroyi oldidagi maydonda «Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha!» shiori ostida harbiy-vatanparvarlik festivali boshlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, mazkur tadbir poytaxtimiz mehmonlari, aholisi va o‘quvchi yoshlarni qamrab olmoqda. Dastlab milliy armiyamiz tarixi, kuch-qudrati, salohiyati haqida yig‘ilganlarga maʼlumotlar berildi. Jangovar texnikalar, qurol-aslahalar, aloqa vositalari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Tadbirda ayniqsa, kichkintoylarning ko‘zlarida harbiy akalariga nisbatan havas ifodalarini ko‘rish mumkin. Barchada bayram kayfiyati. Tadbirning badiiy qismida harbiylar, el suygan sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashmoqda.

Tadbir dasturidan O‘zbekiston Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiyasi, DXX Chegara qo‘shinlari harbiy orkestrlarining musiqiy chiqishlari, qo‘l jangi va qurol bilan saf mashqlarini bajarish bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar va tarixiy jang sanʼati ko‘rinishlari, kinolog mutaxassislarning ko‘rgazmali chiqishlari o‘rin olgan.

Tashrif buyuruvchilar uchun zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar, aloqa vositalari bilan tanishtirishlari mumkin.

Festival 14-yanvargacha davom etadi.

Izoh qoldirish