Yangi kitoblar taqdimoti o‘tkazildi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi “Ijtimoiy va mutaxassislik fanlari” kafedrasi mudiri, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Bekzodbek Muxtarov tomonidan nashr etilgan “Nosiruddin Samarqandiyning “al-Fiqh an-nofe’” asari hanafiy fiqhiga oid muhim manba” hamda “Globallashuv jarayonida Qodiriya tariqati faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari” nomli monografiyalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Malaka oshirish markazi professor-o‘qituvchilari, xodimlar va talabalar ishtirok etdi. Akademiya dotsenti, yuridik fanlari doktori Nigora Yusupova, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Nasriddin Mirzayev, Malaka oshirish markazi o‘qituvchisi Shokir Shavkatov, tadqiqotchi Feruza Mirzayeva so‘zga chiqib, ushbu kitoblarning mazmuni va bugungi kundagi ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.
B.Muxtarovning “Nosiruddin Samarqandiyning “al-Fiqh an-nofe’” asari hanafiy fiqhiga oid muhim manba” nomli monografiyasi XI-XII asrlarda yashagan, movarounnahrlik faqih Nosiruddin Samarqandiy hayoti va ilmiy faoliyati hamda hanafiy fiqhiga oid “al-Fiqh an-nofe’” asarining o‘ziga xos jihatlari tahliliga bag‘ishlangan. Unda “al-Fiqh an-nofe’” asarining yozilish uslubi, manbalari, asarga yozilgan sharhlar, uning mavjud qo‘lyozmalari kodikologik tahlili hamda manbaning oila, nikoh, farzand tarbiyasi, ijtimoiy ta’minot, savdo kabi zamonaviy diniy-ijtimoiy masalalarni hal etishdagi ahamiyati ko‘rsatib o‘tilgan.
“Globallashuv jarayonida Qodiriya tariqati faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari” nomli monografiyada esa bugungi kundagi diniy globallashuv jarayonida tariqatlar faoliyati, global va lokal (hududiy) miqyosda faoliyat olib borayotgan tariqat hamda Qodiriya tariqat tarixi va uning zamonaviy faoliyat ko‘rinishlarini ochib berilgan. Shuningdek, Markaziy Osiyoda Qodiriya tariqati vakillarining faoliyati va jamiyat ma’naviy-ma’rifiy hayotiga mazkur tariqatning ta’sir etish bosqichlari tahlil etilgan.
Mazkur kitoblar bugungi kunda islom dini ta’limoti va undagi g‘oyalarni to‘g‘ri tushunish, ibodat, muomalotga doir fiqhiy masalalardagi ixtiloflarni oldini olish, tasavvufiy tushunchalarni mohiyatini to‘g‘ri anglash hamda talqin etish kabi o‘rinlarda ahamiyatli hisoblanadi.
Islomshunoslik, dinshunoslik, islom tarixi va manbashunosligi, tarix, falsafa kabi fan sohalarida ilmiy tadqiqot olib boruvchi mutaxassislar uchun qo‘shimcha manba bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish