434

“Inson a'zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyatiga qaratilgan ma'lumotlar

“Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisida”gi Qonun

(OʻRQ–768-son, 11.05.2022-y.) Prezident tomonidan imzolandi.

Qonunga mavofiq, inson aʼzolari va toʻqimalarini olish hamda ularning transplantatsiyasi davlat sogʻliqni saqlash tizimining tibbiyot muassasalari tomonidan amalga oshiriladi, ushbu muassasalarning roʻyxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini retsipiyentlarga transplantatsiya qilish inson aʼzolarining va (yoki) toʻqimalarining transplantatsiyasi zarurligi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa asosida amalga oshiriladi.

Transplantatsiya retsipiyentning yozma roziligi bilan amalga oshiriladi.

Qonunga koʻra, inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini uning murdasidan olishga uning tiriklik chogʻidagi notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligi mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.

Tirik donorni undan aʼzosini va (yoki) toʻqimalarini olish uchun rozilik berishga majburlash taqiqlanadi.

Quyidagilarga nisbatan inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini olishga yoʻl qoʻyilmaydi:

•  18 yoshga toʻlmagan shaxslarga (bundan suyak iligini transplantatsiya qilish hollari mustasno);

•  belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga, shuningdek ruhiy holatning buzilishlariga (ruhiy kasalliklarga) chalingan shaxslarga;

•  qamoqda yoki ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarga;

•  I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga;

•  homilador ayollarga;

•  shaxsi aniqlanmagan shaxslarga;

•  muayyan yashash joyi boʻlmagan shaxslarga;

•  “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashovchi shaxslarga;

•  aʼzosi va (yoki) toʻqimalari ilgari transplantatsiya uchun olingan shaxslarga.

Oʻzbekiston fuqarosi chet davlat fuqarosi boʻlgan retsipiyent uchun donor boʻlishi mumkin emas.

Transplantatsiya qilinadigan inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini Oʻzbekistondan tashqariga olib chiqish taqiqlanadi.

Inson aʼzolaridan va (yoki) toʻqimalaridan foydalanish ustidan nazoratni amalga oshirish, shuningdek transplantatsiyaga muhtoj shaxslarga tezkor tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida Donorlarning, retsipiyentlarning, shuningdek inson aʼzolarining va (yoki) toʻqimalarining yagona davlat reyestri tashkil etiladi.

Yagona davlat reyestrida:

•  aʼzolarning va (yoki) toʻqimalarning potensial retsipiyentlari;

•  oʻziga nisbatan aʼzolar (aʼzoning bir qismi) va (yoki) toʻqimalarning transplantatsiyasi bajarilgan retsipiyentlar;

•  oʻzidan aʼzolar va (yoki) toʻqimalar olinishiga notarial tartibda tasdiqlangan yozma rozilik bergan tirik donorlar;

•  oʻzining biologik oʻlimi yuz berishi fakti aniqlanganidan keyin oʻz tanasidan (tanasining qoldiqlaridan) aʼzolar va (yoki) toʻqimalar olinishiga tiriklik chogʻida notarial tartibda tasdiqlangan yozma rozilik bergan shaxslar;

•  oʻzidan transplantatsiya uchun aʼzolar va (yoki) toʻqimalar olingan donorlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak.

Yagona davlat reyestrida saqlanadigan maʼlumotlar shifokor siridir.

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

BATAFSIL MA'LUMOTGA EGA BO‘LISH UCHUN HAVOLA (MATN USTIGA BOSING).

Izoh qoldirish