Muhim masalalar tahliliga qaratilgan navbatdagi majlis o‘tkazildi
Bugun, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari ishtirok etishdi.
Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov olib bordi.
Tanqidiy-tahliliy tarzda o‘tkazilgan yig‘ilish Akademiya oldida turgan muhim vazifalar ijrosiga qaratildi. Bu borada mutasaddi rahbarlardan sohalar kesimida amalga oshirilgan ishlar, belgilangan vazifalarning amaliyotga tatbiq etilgani, ilmiy salohiyatni yuqori darajaga olib chiqish, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash, xalqaro yo‘nalishdagi faoliyatni yangi bosqichga ko‘tarish, soha islohotlaridagi sa’y-harakatlarda faol ishtirok etish kabi masalalar atroflicha tahlil etildi.
Yig‘ilishda O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev so‘zga chiqib, 2021/2022-o‘quv yili bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassikliklarida o‘quv jarayoni natijalari tahlili hamda 2022/2023-o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Akademiya pedagog-o‘qituvchilar faoliyatini baholash yuzasidan (110 ballik tizim asosida) 2021/2022-o‘quv yili natijalari bo‘yicha Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i I.Berdiyarov, Akademiya pedagog-o‘qituvchilar faoliyatini baholash yuzasidan (SHIR asosida) 2021/2022-o‘quv yili natijalari yuzasidan O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor, Yoshlar masalalari va ma’naviy-marifiy ishlar bo‘yicha prorektorlar axboroti tinglandi.
Shunindek, Akademiya kafedralarining xalqaro faoliyati yo‘nalishidagi natijalar tahlili to‘g‘risida Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor B.Mamadiyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, Oliy Majlisi qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va boshqa yuqori davlat organlari buyruqlarining Akademiyadagi ijrosi monitoringi bo‘yicha Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, nazorat va monitoring sektori bosh mutaxassisi B.Botirov ma’lumot taqdim etishdi.
Majlis davomida Akademiya professor-o‘qituvchilarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK)ga ilmiy unvonga taqdim etish, professor-o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan monografiyalarni nashrga tavsiya qilish, talabalarni davlat stipendiyalariga hamda “Aloqabank nomidagi maxsus stipendiya”ga tavsiya etish, Akademiya Kengashining 2021/2022-o‘quv yilidagi faoliyati natijalari hamda Akademiya Kengashining 2022/2023-o‘quv yili rejasini tasdiqlash, professor-o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv-uslubiy birlashmalar faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi Kengashga taqdim etish uchun tavsiya etish kabi turli masalalar muhokama etildi.
Shundan so‘ng Moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor Salim Dusanov so‘zga chiqib, moliyaviy masalalar bo‘yicha yig‘ilish qatnashchilariga ma’lumot berdi.
Majlis yakunida soha rahbarlari axboroti bo‘yicha mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, kun tartibidan o‘rin olgan masalalarning amaldagi ijrosini yanada kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Akademiya jamoasi hamda rahbariyati oldida turgan muhim vazifalar belgilab olindi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish