392

Konstitutsiya – millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik va e’tiqod erkinligimiz garovidir

Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda “Inson – davlat va jamiyat uchun maqsadga erishish vositasi emas, aksincha, ana shu maqsadning bosh mazmuni va manbai hamda eng oliy qadriyat bo‘lishi lozim. Biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekiston uchun inson qadri va xalq manfaati, hamma narsadan ustundir!” deb ta’kidladilar.

Shu ma’noda kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini e’lon qildi.

Loyihada asosiy qonunning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartishlar kiritish hamda 16 ta normani o‘z ichiga olgan 6 ta yangi modda (prim-moddalar) qo‘shish taklif etilmoqda.

Mazkur loyihani kengroq tushuntirish, mazmun-mohiyatidan xabardor etish hamda jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada “Konstitutsiya – millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik va e’tiqod erkinligimiz garovidir” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.

Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. 

Unda Konstitutsiyaviy komissiya raisi, yuridik fanlari doktori, professor, akademik, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov ishtirok etdi va ma’ruza qildi. 

Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, viloyat hokimlari o‘rinbosarlari, Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari xodimlari, viloyat, shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari va o‘qituvchilari, noislomiy diniy tashkilotlar vakillari, shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari va OAV xodimlari qatnashdi.

Uchrashuvda Konstitutsiya barcha qonunlarimizning asosi, mamlakatimiz farovonligi, xalqimiz baxt-saodatining kafolati ekani, so‘nggi besh yilda hayotimizning barcha jabhalarida keng qamrovli islohotlar olib borilayotgani, buning zamirida eng avvalo inson xuquq va erkinliklariga bo‘lgan e’tibor, uning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, inson huquqlarining eng oliy qadriyat sifatida tan olinishi kabi hayotiy tamoyil yotgani, Konstitutsiya – bu, istiqlol va mustaqil O‘zbekiston ramzi, g‘urur-iftixori, shu zaminda istiqomat qilayotgan, millati, dini, irqi, tilidan qat’i nazar, barcha uchun mustahkam himoya, fuqarolik jamiyatimiz istiqbolini aniqlab beruvchi dasturilamal hujjat ekani bilan bir qatorda, bugungi islohotlar davrida uni o‘zgartirishga katta ehtiyoj sezilayotgani alohida ta’kidlandi. 

Shuningdek, Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov “Konstitutsiya bu dogma emas, u harakat uchun dastur bo‘lishi kerak. U qotib qolgan emas, o‘zimizni olaylik, masalan, inson ham tug‘iladi, rivojlanadi va boshqa. Shuning uchun o‘ylaymanki, jamiyat ham rivojlanmoqda”, deya bo‘layotgan jarayonlarga kengroq to‘xtalib o‘tdi.

Yangi O‘zbekistonga hamda uning taraqqiyotiga javob beradigan yangi qoidalarni kiritish kerak bo‘ladi. Konstitutsiya loyihasining mazmun-mohiyati, uning Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining huquqiy asosi ekani, fuqarolarning burch va majburiyatlari, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamiyat hayotining barcha sohalarini izchil liberallashtirish va modernizatsiya qilish, ta’lim, fan, madaniyat hamda ma’naviyat rivojida muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi to‘g‘risida batafsil tushuntirildi. 

Tadbir yakunida yurtimizda kechayotgan muhim siyosiy islohotlar haqida mazmunli va foydali ma’ruzasi uchun Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidovga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘asi topshirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish