“27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning TABRIGI
Qadrli do‘stlar!
Hurmatli jurnalistlar!
Sizlarni 27-iyun — “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” bayrami bilan samimiy tabriklayman!
So‘nggi yillarda yurtimizda so‘z erkinligi yangi bosqichga ko‘tarildi. Ommaviy axborot vositalari demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, dunyoda va mamlakatimizda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, voqea-hodisalar haqida tezkor va haqqoniy ma’lumotlar yetkazish yangi O‘zbekistonning demokratik qiyofasini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi.
Shu bois, bugungi kunda mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim sharti bo‘lgan ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigida “Mamlakatimizda demokratik yangilanish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, ommaviy axborot vositalari faoliyati samaradorligini oshirish yo‘lida davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan sohani qo‘llab-quvvatlash, jurnalistlarning mashaqqatli mehnatini har tomonlama rag‘batlantirishga bundan buyon ham alohida e’tibor qaratiladi”, deya mazkur soha vakillari mehnatini e’tirof etib keladi.
Ta’kidlash joizki, 2022/2023-o‘quv yilida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ilk bor bakalavriatning kunduzgi hamda sirtqi ta’lim shakllariga “Jurnalistika (xalqaro jurnalistika)” hamda magistratura bosqichining “Jurnalistika (internet jurnalistika)” yo‘nalishi ochildi. Hozirda mazkur yo‘nalishga ko‘plab abituriyentlar hujjat topshirmoqda.
Shu munosabat bilan kuni kecha “27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbirida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda Akademiya o‘rtasida Anglashuv Memorandumi imzolandi. Ishonamanki, mazkur Memorandum hamkorlik aloqalarimizni mustahkamlash bilan birga bo‘lajak jurnalist kadrlarga ta’lim va kasb mahoratini o‘rgatishda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki talabalar Akademiyada nazariy bilimlarni olsa, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi ko‘magida respublikamizdagi nufuzli tahririyatlarda amaliy kasbiy ko‘nikmalarni egallashida yaqindan yordam beradi.
Qolaversa, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida tahsil olgan jurnalist kadrlar yurtimiz diniy-ma’rifiy sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni jamoatchilikka tez va samarali yetkazishda faollik ko‘rsatishlari shubhasiz.
So‘zim yakunida barcha qalam ahlini yana bir bor kasb bayramlari bilan qutlayman! Sihat-salomatlik, ijodiy parvozlar tilayman.
Izoh qoldirish