386

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning 2021/2022-o‘quv yili bitiruvchilariga TABRIGI

Aziz talaba-yoshlar!

Hurmatli ota-onalar!

Qadrli ustozlar!

Avvalambor, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bu yilgi bitiruvchilari hamda ularning ota-onalarini samimiy muborakbod etaman!

Bugun zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallagan yoshlarimiz ishonch bilan katta hayotga kirib kelayotgani barchamizni quvontiradi. Zotan, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida xalqimiz Uchinchi Renessans – yangi Uyg‘onish davriga poydevor qo‘ymoqda. 

Ta’kidlash kerakki, jonajon yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Binobarin, barkamol avlod — Vatanimiz taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi! 

“Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabidir”. Shu bois, yoshlarning ta’lim-tarbiya olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk inson bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.

Aziz talabalar!

Mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlar natijasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, zamonaviy ilm-fan va kasb-hunarlarni egallash orqali raqobatbardosh kadrlar tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida xassos soha – muqaddas islom dinini ilmiy nuqtai nazardan fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalar ma’naviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli mutaxassis-kadrlar tayyorlash jarayonida ko‘plab yangiliklar hayotga tatbiq etildi.

Ayni paytda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida talabalar xalqaro ta’lim standartlari asosida tahsil olmoqda. Talabalarga o‘z sohasining yetuk ustozlari, professor-o‘qituvchilari va mutaxassislari saboq beryapti. Xalqaro miqyosda ham o‘z nufuziga ega bo‘lib borayotgan Akademiyamizning moddiy-texnik bazasi ham xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lib bormoqda. 

2021-2022-o‘quv yilida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasini 341 nafar talaba bakalavriat va 91 nafar yigit-qiz magistratura bosqichini tamomlamoqda. Akademiyada “Islomshunoslik”, “Mumtoz Sharq filologiyasi” hamda “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti hamda “O‘zbek tili va mumtoz Sharq adabiyoti”, “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA”, “Din psixologiyasi va pedagogika”, “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi”, “Chet tillari”, “Arab tili va adabiyoti Al-Azhar”, “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari”, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ISESCO” kabi kafedralar faoliyat yuritmoqda. 

Hurmatli ota-onalar!

So‘zim davomida Siz, azizlarga ham o‘z minnatdorligimni bildirib o‘tmoqchiman. Bugungi murakkab va sinovli davrda bilim va kasb-hunar eng katta boylik ekanini anglab, farzandlarni ham shunga da’vat etayotgan Siz kabi ota-onalar oldida hamisha ta’zimdamiz! Farzandingizning ta’lim olishi, Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shadigan yetuk kadr bo‘lib kamolga yetishida Siz, azizlarning hissangiz beqiyosdir. 

Shu o‘rinda Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadis yodga tushadi. Ya’ni muborak kalomda: “Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar”, deyiladi. Farzand ta’lim-tarbiyasi xususida Imom Gʻazzoliy o‘zining “Ihyou ulumud din” asarida “Bola – ota-ona qo‘lidagi omonat. Agar yaxshilikka undalsa va o‘rgatilsa, saodatli bo‘ladi. Ota-onasi hamda odob, ta’lim-tarbiya bergan ustozlar uning savobiga sherik bo‘ladi…”, deb yozishi ham bejiz emas. 

Aziz talaba-yoshlar!

Yana bir bor barchangizni oliy ta’lim muassasasini muvaffaqiyatli tamomlab, yetuk mutaxassis-kadr bo‘lganingiz bilan tabriklayman. Hayot yo‘lingizning yangi chorrahasida turgan ekansiz, ota-ona duosi, ustozlar o‘giti hamisha yodingizda bo‘lsin! Sizlar nafaqat ota-onangiz, balki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining ham faxrisiz! Kelgusidagi o‘qish va ishlaringizga, shaxsiy hayotingizga Alloh taolodan barokat tilab qolaman.

Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shib, uning porloq istiqbolini ta’minlashda qo‘shqanot bo‘ling! 

Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Xalqimiz, Vatanimiz sizlardan buyuk ishlar kutayotganini hech qachon yodingizdan chiqarmang! Yurtning yuksak ishonchi va umidini to‘la oqlash, unga munosib bo‘lish dunyodagi eng ulug‘ baxtdir. Shunday sharaf barchangizga nasib etsin!”.

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish