254

Akademiyada bitiruv tadbiri o‘tkazildi

Dunyo tamadduni rivojini zamonaviy bilim va intellektual salohiyatga ega bo‘lgan yoshlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu bois, yoshlarning iqtidorini aniqlash va uni rivojlantirish muhim masalaga aylangan.

Darhaqiqat, yurtimizda ham keyingi yillarda o‘g‘il-qizlarga o‘z imkoniyatlarini namoyish etishi uchun zarur imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ajdodlarimizning boy merosini o‘rganib, har taraflama yetuk, diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallagan barkamol avlodni voyaga yetkazishda salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘zining navbatdagi bitiruvchilarini yoshlar hayotidagi yangi davri sari kuzatmoqda. 

Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Oq yo‘l sizga, aziz bitiruvchi!” mavzusida bitiruv tadbiri o‘tkazildi. Mazkur tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, bitiruvchi talabalar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Bitiruv tadbirini O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov tabrik so‘zi bilan ochib berdi. 

– Bugun zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallagan yoshlarimiz ishonch bilan katta hayotga kirib kelayotgani barchamizni quvontiradi. – dedi Akademiya rektori. – Zotan, muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida xalqimiz Uchinchi Renessans – yangi Uyg‘onish davriga poydevor qo‘ymoqda. Ta’kidlash kerakki, jonajon yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Binobarin, barkamol avlod — Vatanimiz taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi! “Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabidir”. Shu bois, yoshlarning ta’lim-tarbiya olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk inson bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.

Tadbir davomida bitiruvchi talabalarga tantanali ravishda diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. 

Samimiy va qizg‘in muloqot shaklida o‘tgan uchrashuv yakunida bitiruvchi talabalar hamda ularning ota-onalari so‘z olib, Akademiya rahbariyati va ustozlarga minnatdorlik bildirishdi. 

Talabalar tomonidan kuylangan kuy-qo‘shiqlar, she’rlar, mehmon san’atkorlarning chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish