“Vatanni sevmoq iymondandir” insholar tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari taqdirlandilar
“VATANNI SЕVMOQ IYMONDANDIR” INSHOLAR TANLOVI OAVDA KENG YORITILDI
Taassurotga boy damlar
Mamlakat va jamiyat taraqqiyotini ilmli kadrlar belgilaydi. O‘qish-o‘rganishning eng muhim pallasi esa yoshlikdir! Chunki bu davrda olingan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabi hech qachon unutilmaydi. Ana shu bois, yurtimizda yoshlarning har tomonlama barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishlari, kasb-hunar egallashlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda, ezgu maqsadlarda turli tadbirlar, fan olimpiadalari va tanlovlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamkorligida ushbu idora tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida uyushtirilgan “Vatanni sevmoq iymondandir” nomli insholar tanlovi ham ayni shu maqsadda tashkil etildi.
Imtihon oldidan talabalar poytaxtimizdagi bir qancha diqqatga sazovor qadamjolarni ziyorat qildilar. Dastlab “Yangi O‘zbekiston” bog‘i va “Gʻalaba” yodgorlik majmuasida bo‘ldilar. Shuningdek, “Istiqlol” monumenti va “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qo‘ydilar.
– “Yangi O‘zbekiston” va “Gʻalaba” bog‘iga kelishni anchadan buyon orzu qilib yurardim, – dedi Andijon viloyatidagi Sayyid Muhyiddin Maxdum o‘rta maxsus islom bilim yurtining 2-bosqich talabasi Abdulvosil Abdusattorov. – Insholar tanlovi sharofati bilan xolis niyatim ijobat bo‘ldi. Ikkala bog‘dagi shart-sharoitlar men oynai jahon orqali ko‘rganimdan-da a’lo ekan. Muhimi, bu ziyoratlar oldimizda turgan sinov chog‘i juda asqatadi. Zotan, bunday maskanlarni ko‘rmay, ulardagi muhitni qalban his etmay turib, Vatan haqida ta’sirchan insho yozib bo‘lmaydi.
Sayohatdan so‘ng talabalar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyati bilan tanishdilar. Ularda palata rahbariyati hamda Yoshlar parlamenti vakillari bilan muloqot, professor Akmal Saidovning “Taraqqiyot strategiyasi – kelajak uchun mustahkam zamin” mavzusidagi ma’ruzasi katta qiziqish uyg‘otdi.
Rejaga muvofiq, tanlov qatnashchilari O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida ham bo‘lib, u yerda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini kuzatdilar. Mutasaddilarning aytishlaricha, uch qavatli bu inshoot Toshkentning mashhur Hazrati Imom majmuasi hududida 7 gektar maydonda barpo etilmoqda. Uzunligi – 161 metrga, eni – 118 metrga, o‘rtasidagi gumbazining balandligi esa 67 metrga teng.
Markaz binosi o‘rta asrlar Markaziy Osiyo me’morchiligi usulida loyihalashtirilgan bo‘lib, to‘rt tomoni ilmni targ‘ib qiluvchi, bag‘rikenglik va insonparvarlikka undovchi oyat va hadislardan iborat xattotlik yozuvlari bilan bezatilgan. Birinchi qavati restavratsiya va elektron nusxa olish laboratoriyasi, muzey eksponatlari va nodir qo‘lyozmalarni saqlash fondlari, 200 o‘rinli zamonaviy kafeteriy, muzey, vestibyullardan iborat bo‘ladi.
Ekskursiya chog‘i talabalar O‘zbekiston musulmonlari idorasida ham bo‘ldilar. Bu dargohda Qur’on tilovat qilingach, muftiy Nuriddin Xoliqnazarovning “Islomda Vatanga bo‘lgan muhabbat” mavzusidagi ma’ruzasini tingladilar.
– “Vatan – ona kabi muqaddas”, degan gap bejiz aytilmagan, – dedi muftiy davra ahliga yuzlanib. – Iymonli odam hech qachon Vataniga xiyonat qilmaydi, uni bor kamchiliklari bilan yaxshi ko‘radi. Demak, har bir mo‘min va muslima kindik qoni to‘kilgan yurt ravnaqi uchun kurashishga bel bog‘lasa, uning ikki dunyosi ham obod bo‘ladi. Vatanga muhabbati yo‘q insondan esa yaxshilik kutib bo‘lmaydi.
Talabalar “IT Texnopark” va Shahidlar xotirasi xiyobonida ham bo‘lishdi. Sayohat yakunida ular uchun Toshkent teleminorasining “Koinot” restoranida bayram dasturxoni yozildi.
Sirasini aytganda, tanlov ishtirokchilarining poytaxt bo‘ylab sayohati mazmunli va taassurotlarga boy bo‘ldi.
Akmal SAIDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, senator:
– Aslida dilida iymoni bor kishigina o‘z Vatanini chin qalbdan seva oladi. Uni bor yutuqlariyu kamchiliklari bilan qadrlaydi. Ishonchim komil, “Vatanni sevmoq iymondandir” insholar tanlovida ishtirok etgan har bir talaba, har bir o‘quvchi mana shunday insonlar sirasiga kiradi. Va yana bir narsani faxr bilan ayta olaman, ushbu yoshlar kelajakda mamlakatimiz ravnaqiga, ilm-fan rivojiga, islom dini taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadilar.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida “Vatanni sevmoq iymondandir” insholar tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Prezident maslahatchisi – Xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, senator, akademik Akmal Saidov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov, Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati, yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad, parlament vakillari, tanlov ishtirokchilarining ustozlari, ota-onalari, kasaba uyushmalari mas’ul xodimlari qatnashdilar.
Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqov ishtirokchilarni g‘oliblik bilan qutladi.
Ta’kidlanganidek, bugungacha maktab hamda ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘quvchilari va yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida mana shunday nufuzli tanlovlar bo‘lib o‘tdi. Bunday mazmundagi tanlov esa diniy ta’lim o‘quv muassasalari talabalari o‘rtasida birinchi bor o‘tkazilmoqda.
Albatta, bugun barcha jabhalarda bo‘lgani kabi diniy ta’lim muassasalariga ham juda katta e’tibor qaratilmoqda. Amalga oshirilgan islohotlar natijasida “Mir Arab” oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi hamda 5 ta ilmiy maktab tashkil etildi. Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ayni vaqtda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida 3 ta oliy ta’lim muassasasi, 10 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 2300 nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda.
Bugun yoshlarni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, buzg‘unchi g‘oya va mafkuralarga qarshi tura oladigan intellektual yetuk shaxs darajasiga ko‘tarish har qachongidan ham muhim va dolzarb. Shunday pallada davlat rahbarining Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish g‘oyasini o‘rtaga tashlagani va uni millatimiz va davlatimiz uchun hayot-mamot masalasi darajasiga ko‘tarayotgani ham aslida mana shunday ulug‘ maqsadlarni qamrab olgan.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Xalqaro islom akademiyasi hamkorligida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Vatanni sevmoq iymondandir” insholar tanlovi ham ana shu ezgu g‘oya yo‘lida tashkil etildi.
Tadbirda qayd etilganidek, tanlovning ilk bosqichida 15 ta oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasasining 3 ming nafardan ortiq talabasi ishtirok etib, ularning 45 nafari yakuniy bosqichga yetib kelgan. Muhimi, g‘oliblar orasida o‘z ijodiy ishlarini o‘zbek, qoraqalpoq, ingliz, fransuz va arab tilida yozgan yoshlar ham borligi alohida ahamiyatga egadir.
Qayd etilganidek, hakamlar hay’atiga ijodiy ishlarni baholash oson bo‘lmadi. Boisi, har bir insho mazmunli va o‘ziga xos, ehtiros va samimiyatga to‘la. Ayniqsa, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi rahbariyati va Yoshlar parlamenti vakillari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari va ijodkorlar bilan muloqotlarda olingan ma’lumotlar va ulardan chiqarilgan xulosalar insho yozish jarayonida talabalarga asqatgani rost. Bu ularning ijodiy ishlaridan yaqqol sezilib turibdi. Har birida Vatan haqida tesha tegmagan gap bor. Nafsilambrini aytganda, talabalarning insholaridan ko‘rinib turibdiki, har bir ishtirokchi shu aziz Vatanga sidqidildan xizmat qilishga shay. Hammasining fikri teran. Chuqur bilim va tafakkurga ega.
Talaba-yoshlarning qalb qo‘ri to‘kilgan insholar bir-biridan mazmunli, rangin, salmoqli bo‘lsa-da, ular ichidan eng zo‘rlarini saralab olish lozim.
Tadbir davomida uzoq muhokama, bahslardan so‘ng bu mas’uliyatli vazifa ham ado etilgani qayd qilinib, mukofotlar tantanali tarzda o‘z egalariga topshirildi. Barcha ishtirokchilarga Prezident sovg‘asi sifatida noutbuk, diplom, 1-o‘rin sohibiga 30 million so‘m, ikki nafar 2-o‘rin sohibiga 20 million so‘mdan, uch nafar uchinchi o‘rin sohibiga 10 million so‘mdan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining pul mukofotlari berildi. Talabalardan yana 12 nafari turli nominasiyalar bo‘yicha taqdirlandi. Gʻolib o‘quvchilarning ustozlari ham munosib rag‘batlantirildi.
Nuriddin XOLIQNAZAROV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi:
– Yurtimizdan islom dinining ustunlari sanalmish – Termiziy, Buxoriy, Zamaxshariylar yetishib chiqqan. Qur’oni Karim Arabistonda jamlangan bo‘lsa, uning nuri, ilmi bizning diyorga tushganini buyuk va taniqli shayxlar tan olgan. Ana shunday moʻtabar yurtda yashab, diniy yo‘nalishda ilm olish mana shu yoshlarga nasib qilgan. Bu – katta baxt!
Ilohim, talabalarning inshoda bitgan ezgu tuyg‘ulari, Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbati faqat qog‘ozlarda qolmasdan, dilidan ham chuqur o‘rin egallasin. Har bir ishtirokchi, xoh u g‘olib, xoh mag‘lub bo‘lsin, faqat el-yurt ravnaqi, xalq manfaatlari, inson qadri yo‘lida mehnat qilsin.
Bu mavzuda yuz sahifalab yozish mumkin, ammo...
Insholar tanlovi ishtirokchilari parlament vakillari, ilm-fan arboblari bilan uchrashdilar. muloqot avvalida Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari minhojiddin Hojimatov “Yangi O‘zbekistonning ustuvor maqsadi – Uchinchi Renessans” mavzusida ma’ruza qildi.
– Shiddatli va tahlikali hozirgi davrda o‘zligimizni asrash, qadriyatlarimizni ulug‘lash eng asosiy maqsadimiz bo‘lishi kerak, – dedi u o‘z chiqishida. – Ammo bu shunchaki xohish-istak bilan emas, balki juda katta kuch, sabr-qanoat, mehnat evaziga amalga oshadi. Shunday ekan, har birimiz o‘z vazifamizni vijdonan bajarishimiz, bugungi islohotlarga baholi qudrat hissa qo‘shishimiz kerak. Toki bizdan yana Ibn Sinolar, Buxoriylar yetishib chiqsin. Axir, hozir ajdodlar bilan maqtanib yuradigan vaqt emas. Aksincha, ularga munosib bo‘lish uchun harakat qilish fursati allaqachon yetgan.
Uchrashuvda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) bosh direktori, shoir Abdusaid Ko‘chimov Yangi O‘zbekiston adabiyotida inson ma’naviyatining ulug‘lanishi haqida so‘z yuritdi. Shu asno mamlakatimizda ilm-ma’rifat, iqtisodiyot, ayniqsa, mumtoz adabiyotga alohida ahamiyat qaratilayotganini ta’kidlab o‘tdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, professor va adib Xurshid Do‘stmuhammadning ma’ruzasi ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
– Darhaqiqat, Vatanni qalbida iymoni bor haqiqiy insonlar sevadi, – dedi u o‘z nutqida. – Aslida, bu mavzuda daftarlarni to‘ldirib, yuz sahifalab yozish mumkin. Ammo unda bitta bo‘lsa-da, tesha tegmagan gap bo‘lmasa, muallifning vaqti zoye ketgani qoladi, xolos. Vatanni nafaqat maqtash, balki kamchiliklarini ham ro‘y-rost aytish kerak. Chunki hech bir mamlakat kamchiliklardan xoli emas. Vatan madhini uni o‘qigan muhibning ko‘z o‘ngida o‘zi tug‘ilib o‘sgan oshyon gavdalanadigan darajada aniq va lo‘nda qilib yozish kerak.
– Tanlovda bizdan 30 nafarga yaqin o‘quvchi ishtirok etdi, – deydi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi akademik litseyi o‘qituvchisi Naima Aliqulova. – Ulardan 1-, 2- va 3-o‘rinni olganlari respublika bosqichida qatnashmoqda. Tanlovdagi eng yosh ishtirokchilar bizning o‘quvchilarimiz, ammo ularning shashti baland, orzu-umidlari katta. Muhimi, barchasi bunday tanlovda qatnashayotganidan mamnun. O‘quvchilarimizda bugungi uchrashuvlar ham katta taassurot qoldirdi. Axir elning taniqli ziyolilari bilan bir davrada o‘tirib, yuzma-yuz muloqot qilish hammaga ham nasib etavermaydi-da...
Uchrashuvdan so‘ng tanlov ishtirokchilari O‘zbek milliy akademik teatrida dramaturg va yozuvchi Nazar Eshonqul pyesasi asosida rejissyor Asqar Xolmo‘minov tomonidan sahnalashtirilgan “Jaloliddin Manguberdi” spektaklini tomosha qilishdi. Vatan ozodligi yo‘lidagi mardonavor kurash, buyuk ajdodimiz siymosi, o‘sha davr muhiti yaqqol ochib berilgan mazkur asarning bosh g‘oyasi milliy qahramon darajasiga ko‘tarilgan buyuk sarkardaning hayot yo‘lini yoshlarga o‘rnak qilib ko‘rsatishdan iboratdir. Zero, Jaloliddin Manguberdi yigirma ikki yoshidan umrining oxirigacha mo‘g‘ullarga qarshi 14 marta jang qilib, 11 tasida g‘alaba qozongan. Uning nomi mo‘g‘ul qo‘shinlarini mag‘lub qilgan birinchi sarkarda sifatida tarix sahifalariga muhrlangan.
– Men Jaloliddin Manguberdi haqida tarixiy asarlarda ko‘p o‘qiganman, lekin uning qahramonliklarini, o‘sha davr muhitini to‘liq tasavvur qila olmagandim, – deydi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi akademik litseyi o‘quvchisi Muslima Murodova. – Bugungi spektakl voqealari ana shu bo‘shliq o‘rnini to‘ldirdi. Drama menda juda katta taassurot qoldirdi.
Binobarin, ushbu sahna asari yoshlarimizga o‘z aql-zakovati bilan tarixda o‘chmas iz qoldirgan Jaloliddin Manguberdi haqida kengroq ma’lumot olish imkonini berdi. Qolaversa, navbatdagi insholari uchun yangi ilhom manbai vazifasini o‘tadi.
Murtazo MUSAYOROV,
Qashqadaryo viloyatidagi Xoja Buxoriy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasining 2-kurs talabasi, 1-o‘rin sohibi:
– Vatanga bo‘lgan muhabbatni, avvalo, ota-onam, so‘ngra ustozlardan o‘rgandim. Prezidentimizning yoshlarga bo‘lgan munosabati, yaratilayotgan shart-sharoitlar, imkoniyatlar Vatanga bo‘lgan muhabbatimni yanada oshirdi. Bizni poytaxtda juda iliq kutib olishdi. Toshkent shahrining ahamiyatli joylariga uyushtirilgan sayohatlar menda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, “Gʻalaba” bog‘ida ko‘rganlarim insho yozish jarayonida rosa qo‘l keldi.
Buni qarangki, ushbu tadbirda g‘olib bo‘lish bilan bir qatorda, ko‘pdan buyon dilimga tugib yurgan katta niyatimga erishdim. Hadislarda har qanday holatda ham niyatni yaxshi qilish kerakligi haqida uqtiriladi. Men ham bir farzand o‘laroq anchadan buyon ota-onamni Umra ziyoratiga yuborishni maqsad qilgan edim. Niyatim xolis ekan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi menga va ota-onamga ushbu imkoniyatni berdi. Bu men uchun juda katta baxt va omad. Ayni kezda ko‘nglimda kechayotgan o‘y-xayollarni, quvonchu shodliklarni so‘z bilan ifodalab berolmayman. Tanlovni tashkil etgan va bizga shunday imkoniyatlarni yaratib bergan barcha mutasaddilarga cheksiz tashakkurlarimni izhor etaman.
Yurt haqida so‘z yuritishning gashti bo‘lakcha...
“Vatanni sevmoq iymondandir” insholar tanlovining respublika bosqichi ishtirokchilari uchun 16-iyun yoddan chiqmas sana bo‘ldi. Negaki, shu kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining 45 nafar talabasi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining majlislar zaliga to‘plandi. Ular insho yozishga kirishishdan oldin hakamlar hay’ati a’zolaridan tanlovning qonun-qoidalari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar olishdi. Jarayon boshlangach, har bir talaba o‘zgacha bir ishtiyoq bilan insho yoza boshladi. Bu ularning yuz-ko‘zlaridan ham sezilib turardi.
Belgilangan vaqt tugagach, ishtirokchilar dil so‘zlari bayon etilgan daftarlarni birin-ketin hakamlar hay’atiga topshirdilar. Biz ulardan ayrimlarini suhbatga chorladik.
– Ushbu tanlovda qatnashar ekanman, qalbimni ajib bir his-tuyg‘ular qamrab oldi, – deydi Namangan viloyatidagi “Hidoya” madrasasi talabasi Noʻmonjon Abdurahmonov. – Ayniqsa, ijodkor va siyosiy arboblar bilan uyushtirilgan uchrashuvlar hamda poytaxt bo‘ylab sayohat menga juda katta ruh bag‘ishladi, ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Bunday paytlarda Vatan haqida insho yozishning gashti ham boshqacha bo‘larkan. – Tanlov jarayonida meni hayajonga solgan lahzalar ko‘p bo‘ldi, – deydi Xalqaro islom akademiyasining 2-bosqich talabasi Dildora Rajapboyeva. – Ayniqsa, “Shahidlar xotirasi” xiyoboni va “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyidagi holatimni so‘z bilan ta’riflashim qiyin. O‘zim yozgan inshoda esa bugungi dorilamon kunlarda emin-erkin yashashimizga munosib hissa qo‘shgan, Vatan ozodligi va ravnaqi yo‘lida jonidan ham voz kechgan millat qahramonlari haqidagi fikr-mulohazalarimni bayon etdim.
– Garchi poytaxtda yashasam-da, ish bilan andarmon bo‘lib, yon-atrofimdagi o‘zgarishlarga u qadar e’tibor bermagan ekanman, – deydi D.Rajapboyevaning ustozi Aziza Turg‘unova. – Tanlov bahonasida so‘nggi yillarda yurtimizda ro‘y bergan o‘zgarishlar va amalga oshirilgan bunyodkorliklarni ko‘rib, mohiyatini anglab yetdim. Meni, ayniqsa, Islom sivilizatsiyasi markazi va “Tashkent city” juda hayratlantirdi. Tanlov jarayonida boshqa ta’lim muassasalari xodimlari bilan ham muloqotda bo‘lib, fikr almashdim. Eng muhimi, ozod va obod diyorda yashayotganimni, bu o‘lkada inson qadri tobora ulug‘lanayotganini qalban his etdim. Bizga shunday imkoniyat yaratib bergan mutasaddilarga tashakkur!
«Vatanni sevmoq iymondandir» insholar tanlovi ishtirokchilariga!
YANGI O‘ZBEKISTON YOSHLARI
Toqqa chiqib, ko‘z tashlasang, bu hasratli zamonga,
Suqlanib nur sochar quyosh O‘zbekiston tomonga.
Bugun Vatan tuprog‘ining tafti, rafti o‘zgacha,
O‘zgachadir tilovatu qo‘shiq, navo, so‘zgacha.
Bugun yurtning ishonch tog‘i – qo‘lidagi mash’ali,
Buyuk Turon yoshlaridir – O‘zbekiston yoshlari.
Jahd qilsangiz Asqartog‘lar poyingizda yotadir,
Yurtboshimiz o‘zi sizga ham ustoz, ham otadir.
Siz poydevor qo‘ymoqdasiz yangi zamon fasliga,
Va Uchinchi Renessansning mahobatli qasriga.
Siz Buxoriy, siz Navoiy, siz Behbudiy, hojisiz,
Siz millatning Ko‘hinuri – boshidagi tojisiz.
Bu dunyoda O‘zbekiston, o‘zbek nomi bor bo‘lsin,
Ukalarim, sizga doim ulug‘ shiddat yor bo‘lsin!
Abdusaid KO‘CHIMOV
17.06.2022 yil.
Materiallarni “ISHONCH” muxbiri Gʻulomjon MIRAHMEDOV tayyorladi.
Saidakbar Abdurahimov olgan suratlar.
Manba: “Ishonch” gazetasi 2022-yil 18-iyun, 77-son
Izoh qoldirish