406

“Haj-2022” mavsumi ishchi guruhi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi majlislar zalida “Haj – 2022” mavsumida xizmat ko‘rsatadigan ishchi guruhi, shifokorlar va oshpazlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlash kerakki, ikki yillik pandemiyadan so‘ng bu yildan e’tiboran umra va haj ziyoratiga yo‘l ochildi. Bu, shubhasiz, millionlab insonlarning qalbiga xursandchilik olib kirdi. Yanada quvonarlisi, haj ibodatiga boruvchi ziyoratchilar soni qariyb 4 ming nafar, 52 foizga ko‘paydi. Albatta, bunda davlatimiz rahbari tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga berilayotgan e’tiborning yuksak namunasi desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tadbirda ziyoratchilarning ibodatlari mukammal bo‘lishi uchun ularga qulay shart-sharoitlarni muhayyo qilish borasida Makka va Madina shaharlaridagi haj ishchi guruhi a’zolari, guruh rahbarlari va shifokorlar belgilangan vazifalarni tartibli va mukammal bajarishlari juda ham zarur ekani qayd etildi.

Yig‘ilishda ishchi guruh a’zolari tomonidan rioya etiladigan qonun-qoidalar, ularning burch va mas’uliyatlari, ziyoratchilarga husni-xulq ila, chiroyli odob bilan muomala qilishlari, har bir qilayotgan ishining zamirida inson manfaatlari, uning qadr-qimmatiga alohida e’tibor qaratishlari, shuningdek, haj ibodati ruknlari, safarga jo‘nab ketish hamda Saudiya Arabistonidagi tashkiliy ishlar haqida atroflicha yoritildi.

Tadbir yakunida mutasaddilar guruh rahbarlari tomonidan berilgan barcha savollarga batafsil javob berdilar.
 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish