378

Endi mahalla tizimida uch yillik stajga ega boʻlganlar tavsiyanoma asosida oʻqishga qabul qilinadi

“Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” telegram kanali xabar berdi.

Qarorga koʻra, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab pedagogika va moliya-iqtisod sohalaridagi oliy taʼlim muassasalarida “5520100 – Ijtimoiy ish (faoliyatning turli sohalari boʻyicha)” bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari uchun sirtqi taʼlim shaklida kadrlar tayyorlash tizimi joriy etiladi.

Mazkur sirtqi taʼlim shakli doirasida:

oʻqitish toʻlov-kontrakt asosida tashkil etiladi:

kadrlar tayyorlash boʻyicha malaka talablari, oʻquv rejalari, fan dasturlarini ishlab chiqish uchun Oʻzbekiston Milliy universiteti tayanch OTM hisoblanadi;

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan berilgan tavsiyanomaga ega boʻlgan hamda kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlari talabalikka tavsiya etiladi;

tavsiyanoma asosida oʻqiyotgan talabalar oʻqishini boshqa bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga koʻchirishga ruxsat berilmaydi.

Tavsiyanomalar, jumladan, quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:

egallab turgan lavozimida soʻnggi bir yil davomida faoliyat yuritayotganligi;

mahalla tizimida kamida uch yillik ish stajiga ega boʻlganligi;

faoliyat yuritayotgan fuqarolar yigʻini reyting koʻrsatkichi boʻyicha “namunali” deb topilganligi.

Izoh qoldirish