390

“Vatanni sevmoq imondandir” mavzusidagi esselar tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tmoqda

Xabaringiz bor, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Musulmonlar idorasi tasarrufidagi o‘rta maxsus islom bilim yurtlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi qoshidagi akademik litsey va Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari o‘rtasida “Vatanni sevmoq imondandir” mavzusida esselar tanlovi o‘tkazilmoqda.

Jamiyatimizga yetuk, raqobatbardosh kadrlarni yetishtirish, ertamiz egalarining intellektual salohiyatini oshirish, ularning o‘z qobiliyatlarini namoyon etishlariga imkoniyat yaratish, jamoatchilik, fidoyilik fazilatlarini shakllantirish, yoshlar ongida Vatanimiz tarixi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ijtimoiy hayot haqidagi tushuncha, bilim va ko‘nikmalarni yanada yuksaltirish tanlovning ustuvor vazifalaridan sanaladi. 

Shu maqsadda tashkil etilayotgan “Vatanni sevmoq imondandir” mavzusidagi esselar tanlovining birinchi bosqich – 2022-yilning 2-7-iyun kunlari o‘rta maxsus islom bilim yurtlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi qoshidagi akademik litsey va Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi talabalari hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan edi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida o‘tkazilgan tanlovning birinchi bosqichida Akademiyaning 80 nafarga yaqin talabalari ishtirok etdi. Hakamlar hay’ati tomonidan adolatli va shaffof tarzda baholangan tanlovning respublika bosqichiga “Islomshunoslik” fakulteti 4-bosqich talabasi Iroda Abdumannopova, “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti 3-bosqich talabasi Muhammadamin Mamanov hamda 3-o‘rin “Mumtoz sharq filologiyasi” fakulteti 2-bosqich talabasi Dildora Rajapboyeva qo‘lga kiritgan edi. 

Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Akademik litseyi o‘quvchilari – Muratova Muslima 1-o‘rin, Shavkatova Zahro 2-o‘rin, Sultonmurodova Muslima 3-o‘rinni egalladi. Iqtidorli yigit-qizlar tanlovning respublika bosqichida ishtirok etmoqda.

Ayni paytda “Vatanni sevmoq iymondandir” insholar tanlovining 45 nafar ishtirokchisi bilan poytaxtimizdagi “Chinobod plaza” sanatoriysida ijodkor-ziyolilar bilan muloqoti o‘tkazildi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, professor, yozuvchi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xurshid Do‘stmuhammad, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) bosh direktori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Abdusaid Ko‘chimov, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojmatov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi akademik litseyi o‘qituvchisi Naima Aliqulova so‘zga chiqib, yangi O‘zbekistonda inson qadrini yuksaltirish, Uchinchi Renessans davriga poydevor qo‘yishda yoshlarning o‘rni nihoyatda kattaligi, har qaysi mamlakat taraqqiyoti yoshlarning yuksak aql-zakovati, ma’naviy-ma’rifiy tarbiyasiga bog‘liq ekanligi ta’kidlashdi.

Dasturga binoan ishtirokchilar uchun “Yangi O‘zbekiston” bog‘i va “Gʻalaba” yodgorlik majmuasiga sayohat tashkil etildi. Shuningdek, O‘zbek milliy akademik teatrida “Jaloliddin Manguberdi” spektaklini tomosha qilishdi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, ishtirokchilar kun davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Islom sivilizatsiyasi markazi, Hazrati Imom majmuasi, O‘zbekiston musulmonlar idorasiga ham tashrif buyurishadi. Tashrif asnosida bir qator siyosiy va diniy arboblar bilan muloqotlar uyushtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, tanlov nizomiga ko‘ra, respublika bosqichi ishtirokchilarining barchasi noutbuk bilan taqdirlanadi. 1-o‘rin sohibi 30 million, 2-o‘rin 20-million, 3-o‘rin egasi esa 10-million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritadi. Tanlovning respublika bosqichi faol ishtirokchilari turli nominatsiyalar bo‘yicha ham taqdirlanishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish