BUGUN TUGʻILGAN KUN – NAJMIDDIN NIZOMIDDINOV
Bugun, 10-iyun – “Shuhrat” medali sohibi, “Bobur xalqaro mukofoti”ning sovrindori, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Najmiddin Nizomiddinov tavallud topgan kun.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyati va jamoasi mehribon ustoz, samimiy inson Najmiddin Nizomiddinovning tabarruk 75 yoshga to‘lganlari munosabati bilan muborakbod etadi. U kishiga uzoq umr, oilaviy totuvlik, sihat-salomatlik tilab qoladi.
Butun umrini ilm-fanga baxshida etib kelayotgan kamtarin, xokisor va zahmatkash Ustozning ibratli hayot yo‘li barchaga namuna bo‘lib kelmoqda. Zero, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti Hind filologiyasi fakultetida o‘qish bilan birga Hindistondagi Lakhnau universiteti magistraturasida ham tahsil olganlar. Ko‘p yillar mobaynida Hindistonda xizmat safarida bo‘lib, hind, urdu, ingliz va fors tillarini mukammal o‘zlashtirish bilan bir qatorda ko‘hna brajbhasha tilini ham puxta o‘rganishga muvaffaq bo‘ldilar.
Hindiston adabiyoti va madaniyatiga bo‘lgan qiziqish tufayli “Progress” nashriyoti, Inturist tashkilotlarida ham faoliyat ko‘rsatib, ko‘pchilik hind kinosi ixlosmandlari olimni qator hind kinofilmlarining tarjimoni sifatida yaxshi bilishadi. “O‘zbekfilm”da ishlagan yillarda ham samarali mehnat qildilar.
Ustoz Najmiddin Nizomiddinov ko‘p yillik fidoyi mehnati, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga qo‘shgan hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-avgustdagi Farmoniga binoan “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi.
Adabiyot va ilmga nisbatan chanqoqlik Ustozni O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyiga yetaklab keldi. Uzoq yillar davomida shu ilmiy tashkilotda faoliyat ko‘rsatib, “XVI-XVIII asrlarda Hindiston turkiyzabon shoirlarining adabiy merosi” mavzuidagi nomzodlik (10.01.06 – “Xorijiy Osiyo va Afrika mamlakatlari xalqlari adabiyoti” ixtisosligi bo‘yicha) hamda “XVI-XIX asrlar Hindiston turkiyzabon adabiyoti” mavzuidagi doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildilar.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari dinlari tarixi, madaniyati bilan bog‘liq mavzularni o‘zida qamrab olgan qator fanlardan bir necha yillardan beri bakalavr va magistrlarga saboq berib kelyaptilar. Bu borada har yili o‘quv qo‘llanma, monografiya va risolalar nashr etishga ham vaqt topdilar.
Hindiston madaniy hayotida o‘chmas iz qoldirgan Bobur va boburiylar faoliyatiga oid tadqiqotlari ilmiy jamoatchilikda e’tirof etildi. Shu tufayli 2013-yili “Bobur xalqaro mukofoti”ning sovrindori bo‘ldilar.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi Najmiddin Nizomiddinovdek tajribali ustoz bilan faxrlanadi. U kishiga sihat-salomatlik, boqiy umr, ilmiy-ijodiy ishlarida muvaffaqiyatlar tilab qoladi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi
Izoh qoldirish