426

“Vatanni sevmoq imondandir” mavzusidagi esselar tanlovining Akademiya bosqichi g‘oliblari aniqlandi

Yurtimizda yoshlarni milliy qadriyatlar, an’analarimizga sodiq ruhda tarbiyalash, Vatanga sadoqat tuyg‘usini shakllantirish, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishidagi salbiy illatlarni yoshlarga tushuntirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xabaringiz bor, kecha O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari o‘rtasida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Vatanni sevmoq imondandir” mavzusida esselar tanlovining birinchi – Akademiya bosqichi o‘tkazilgan edi. 

Bugun esa 80 nafarga yaqin talabalar ishtirok etgan tanlovning yakuniy natijalari e’lon qilindi. Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib berarkan, tanlovda ishtirok etgan barcha talabalarga minnatdorlik bildirdi. Vatanni sevish, uning taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish har bir fuqaroning burchi ekanligini ta’kidladi. Ayniqsa, yurtimizda Prezidentimiz rahnamoligida Uchinchi Renessans davriga poydevor qo‘yilayotgani va bu jarayonda yoshlar mamlakatning bilim salohiyati, porloq istiqbolini ta’minlaydigan kuch ekanini qayd etdi. 

O‘z navbatida Hakamlar hay’ati raisi, Ziyo-media markazi direktori Abduhamid Muxtorov tanlovdagi ijodiy ishlarda mavzuning to‘laqonli ochib berilgan, mavzuga oid mavjud muammolar va ularning yechimi bo‘yicha takliflarga ega, imloviy savodxonligi baland, amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan o‘z munosabati aks etgan ijodiy ishlar yuqori baholanganini bildirdi.

Tanlovda ishtirok etgan talabalar ham so‘zga chiqib, bu kabi tanlovlar yoshlarni o‘z ustida ishlashlariga katta turtki bo‘lishi, bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilishini ta’kidlashdi.

Shundan so‘ng hakamlar hay’ati tomonidan adolatli, shaffof, ochiq va oshkora tarzda baholangan tanlov natijalari e’lon qilindi. 

Unga ko‘ra, “Islomshunoslik” fakulteti 4-bosqich talabasi Iroda Abdumannopova 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2-o‘rin “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti 3-bosqich talabasi Muhammadamin Mamanovga nasib etgan bo‘lsa, 3-o‘rin “Mumtoz sharq filologiyasi” fakulteti 2-bosqich talabasi Dildora Rajapboyeva qo‘lga kiritdi. 

Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Akademik litseyi o‘quvchilari — Muratova Muslima 1-o‘rin, Shavkatova Zahro 2-o‘rin, Sultonmurodova Muslima 3-o‘rinni egalladi. Iqtidorli yigit-qizlar tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.

Bundan tashqari, hakamlar hay’ati tomonidan tanlov doirasida yaxshi natijalarni qayd etgan talabalar turli nominatsiyalar bilan rag‘batlantirildi. 

Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi g‘olib talabalarni mazkur yutuqlari bilan muborakbod etib, respublika bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etishlari uchun omad tilaydi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish