382

Milliy va ma’naviy qadriyatlarning yuksalishida ayollarning o‘rni

Asrlar davomida ayolni e’zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish o‘zbek xalqiga xos fazilat bo‘lib kelgan. Shu ma’noda yurtimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini mustahkamlash borasida davlat ahamiyatiga molik salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni davlat va jamiyat boshqaruviga keng jalb qilishga alohida e’tibor berilmoqda.

Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Milliy va ma’naviy qadriyatlarning yuksalishida ayollarning o‘rni” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi. 

Har yili an’anaviy tarzda tashkil etiladigan anjumanni Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

– Ayol-qizlarning e’zozlanishi ayniqsa, hadisi shariflarda yaqqol ko‘zga tashlanadi, – deydi filologiya fanlari doktori Zohidjon Islomov. – Yurtimizdan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Imom Muslim, Imom Abu Hanifa, Imom Subazmuniy kabi yuzlab buyuk muhaddis allomalarimiz ularga bag‘ishlangan hadislarga alohida e’tibor berganlar, ularning sharhlarida mazkur mavzuning keng qamrovli izohli bayonini berganlar. 

ZOOM platformasi orqali onlayn formatda o‘tkazilgan konferensiyada “Hadislarda ayollarga hurmatli munosabatning ifodalanishi”, “Alisher Navoiy ijodida ayol obrazi”, “Suxrob Sipexriy ijodida inson va e’tiqod o‘rtasidagi muvozanat talqini”, “Ayol atalmish ilm”, “Jamiyat rivojida xotin-qizlarning roli”, “Xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash”, “Sog‘lom avlod tarbiyasida ayollarning o‘rni” kabi mavzulardagi ma’ruzalar tinglandi.

– Ming yillar davomida har qaysi jamiyatning madaniy darajasi va ma’naviy barkamolligi ayollarga bo‘lgan munosabat bilan belgilangan, – deydi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Yusupdjan Sadikov. – Ayolni e’zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish o‘zbek xalqiga xos va mos xususiyatdir. Bu O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasida “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar” deb ta’kidlanishi ham yuqoridagi fikrimizning dalilidir. Bundan tashqari, yurtimizda ayollarga alohida berilayotgan e’tiborni 1999-yil “Ayollar yili”, 2000-yil “Sog‘lom avlod yili”, 2001-yil “Onalar va bolalar yili”, 2005-yil “Sihat-salomatlik yili”, 2012-yil “Mustahkam oila yili”, 2013-yil “Obod turmush yili”, 2016-yil esa “Sog‘lom ona va bola yili” deb nomlanishidan ko‘rishimiz mumkin. Mamlakatimizning siyosiy hayoti, davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyotimizning barcha tarmoqlarida madaniyat, ilm-fan, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, sport kabi ijtimoiy sohalarda ayollarimizning tutgan o‘rni beqiyosdir.

Akademiya Xotin-qizlar bo‘limi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Toshkent davlat yuridik universiteti Axborot resurs markazi Mavluja Elmurodova, Toshkent davlat yuridik universiteti Axborot resurs markazi xodimi Guliston Sharipova, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi o‘qituvchisi Moʻtabar Madayeva, “O‘zbek tili va mumtoz sharq filologiyasi kafedrasi” dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Nargiza Shoaliyeva, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etdi. 

Konferensiyada so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘lig‘ini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarni e’tirof etishdi.

Qizg‘in muhokamalar, savol-javoblar tarzida o‘tgan anjuman ishtirokchilarda katta taaasurot qoldirdi. Yakunda konferensiya materiallari bo‘yicha to‘plam nashr etish rejalashtirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish