543

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Vatanni sevmoq imondandir” mavzusida esselar tanlovi o‘tkazildi

Bugungi kunda yurtimizda yoshlarni milliy qadriyatlar, an’analarimizga sodiq ruhda tarbiyalash, Vatanga sadoqat tuyg‘usini shakllantirish, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishidagi salbiy illatlarni yoshlarga tushuntirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning zamonaviy shakl, usul va vositalarini hayotga keng tatbiq etish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi topshirig‘iga binoan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Musulmonlar idorasi tasarrufidagi o‘rta maxsus islom bilim yurtlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi qoshidagi akademik litsey va Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari o‘rtasida “Vatanni sevmoq imondandir” mavzusida esselar tanlovi tashkil etildi.

Jamiyatimizga yetuk, raqobatbardosh kadrlarni yetishtirish, ertamiz egalarining intellektual salohiyatini oshirish, ularning o‘z qobiliyatlarini namoyon etishlariga imkoniyat yaratish, jamoatchilik, fidoyilik fazilatlarini shakllantirish, yoshlar ongida Vatanimiz tarixi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ijtimoiy hayot haqidagi tushuncha, bilim va ko‘nikmalarni yanada yuksaltirish tanlovning ustuvor vazifalaridan sanaladi. Shuningdek, yoshlar orasida ijtimoiy-ma’naviy, siyosiy-huquqiy hamda iqtisodiy jarayonlarga nisbatan tanqidiy-tahliliy va ijodiy dunyoqarash ko‘nikmalarini shakllantirish, iqtidorli va iste’dodli o‘g‘il-qizlarni qo‘llab-quvvatlash hamda munosib rag‘batlantirish dolzarb vazifa hisoblanadi.

Ta’kidlash joiz, “Vatanni sevmoq imondandir” mavzusidagi esselar tanlovi ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqich – 2022-yilning 2-7-iyun kunlari o‘rta maxsus islom bilim yurtlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi qoshidagi akademik litsey va Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi talabalari hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi fakultet talabalari o‘rtasida o‘tkazilsa, respublika bosqichi – 2022-yilning 14-17-iyun kunlari birinchi bosqichda 1, 2, 3-o‘rinni egallagan ishtirokchilar o‘rtasida o‘tkazilishi belgilangan.

Jarayonni shaffof va tartibli o‘tkazish maqsadida Tashkiliy qo‘mita huzurida hamkor tashkilotlarning mas’ullari, tegishli ta’lim muassasalarining rahbar o‘rinbosarlari vakillaridan iborat Tashkiliy guruh tuzildi.

Tanlovning birinchi bosqichi doirasida ta’lim muassasasining mas’ul xodimlari hamda professor-o‘qituvchilardan iborat ishchi guruh tomonidan ishtirokchilarga “Vatanni sevmoq imondandir” mavzusida esselar yozish topshiriladi va baholanadi.

Respublika bosqichida esa tanlovning ta’lim muassasasi bosqichi natijalariga ko‘ra, 1, 2, 3-o‘rinni egallagan, jami 45 nafar talaba ishtirokida “Vatanni sevmoq imondandir” mavzusida esse yoziladi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida o‘tkazilgan tanlovning birinchi bosqichida Akademiyaning 80 nafarga yaqin talabalari ishtirok etdi. Talabalar tomonidan yozilgan insholar Akademiyaning mutasaddi rahbarlari, o‘qituvchi va xodimlaridan tuzilgan Hakamlar hay’ati tomonidan tanlov shartlari va baholash mezonlari asosida baholandi.

Tanlov nizomiga ko‘ra, respublika bosqichiga Akademiyaning har bir fakultetidan bir nafar ishtirokchi yo‘l oladi.

Tanlovning respublika bosqichi ishtirokchilarining barchasi noutbuk bilan taqdirlanadi. 1-o‘rin sohibi 30 million, 2-o‘rin 20-million, 3-o‘rin egasi esa 10-million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritadi.

Tanlovning respublika bosqichi faol ishtirokchilari turli nominatsiyalar bo‘yicha ham taqdirlanishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabida ham tanlovning birinchi bosqichi o‘tkazildi.

  

     O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish