Muftiy hazratlariga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Faxriy doktori” unvoni berildi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Kengashi qaroriga asosan islom dini ma’rifatini keng yoyish hamda ilmiy-ma’naviy yo‘nalishdagi faoliyatini e’tirof etgan holda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarovga “Faxriy doktor” unvoni berildi.
Bugun, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Faxriy doktori unvonini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov topshirdi.
Rektor o‘z so‘zida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan so‘nggi yillarda, barcha sohalar qatori, diniy-ma’rifiy jabhada juda katta ishlar amalga oshirilayotganiga alohida to‘xtaldi.
Jumladan, yurtimiz ulamolarining respublika va dunyo miqyosida faoliyat ko‘lami kengayib borayotgani, nufuzi kun sayin ortib borayotgani, xususan, o‘tgan Ramazon oyida ulamolarimiz, imom-xatiblarimiz, qorilarimiz AQSH, Yevropa, Rossiya va MDH mamlakatlari takliflari asosida mazkur davlatlarda xizmat safarida bo‘lishayotgani haqida alohida qayd etdi.
Tadbirda xalqaro islom akademiyasi prorektori, professor Zohidjon Islomov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarovga berilgan tavsifnomani o‘qib eshittirdi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Kengashi a’zolari bir ovozdan muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarovga “Faxriy doktori” unvoni berish qarorini qo‘llab-quvvatladi.
Tabrik so‘zida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, tarix fanlari doktori Davronbek Maqsudov muftiy hazratlarini qo‘mita rahbariyati tomonidan mazkur unvon bilan qutlab, u kishining bir qator fazilatlariga alohida to‘xtaldi. Xususan, muftiy hazratlarining ma’ruzalari va chiqishlari keng jamoatchilik, ahli ilmlar hamda mo‘min-musulmonlar tomonidan yuqori baholanayotgani hamda u kishining xalqaro anjumanlarda, nufuzli tadbirlardagi nutqlari xalqaro doirada ham yuksak e’tirof etilayotganini qayd etdi.
Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov muftiy hazratlariga berilgan ushbu unvon barcha diniy soha xodimlarini juda ham mamnun etganini bildirdi.
Yig‘ilish so‘nggida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Xalqaro islom akademiyasi “Faxriy doktori”, muftiy Nuriddin domla hazratlari kamtarona xizmatlari uchun mana shunday yuksak e’tibor berilganiga minnatdorlik bildirdilar. Bunday e’tirof O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida mehnat qilayotgan ulamolar, imom-xatiblar, mudarrislar, otinoyilar va barcha diniy soha xodimlarining mehnat samarasi ekanini, o‘z navbatida, ushbu unvon katta mas’uliyat yuklashi va unga munosib bo‘lishga bor kuch-g‘ayratlarini sarflashlarini bildirdilar.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish