480

Akademiyada vatanparvarlik oyligi doirasida tadbirlar o‘tkazilmoqda

14-yanvar – mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi, yorug‘ istiqboli yo‘lida matonat va g‘urur bilan mehnat qilayotgan har bir yurtdoshimiz uchun ulug‘ bayram desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ayni paytda yurtimiz bo‘ylab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida targ‘ibot tadbirlar tashkil etilyapti.

Shu munosabat bilan 2021-yilning yanvar oyida “Vatanimga xizmat qilaman!” shiori ostida vatanparvarlik oyligi o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham fakultetlar o‘rtasida turli tadbirlar, sport musobaqalari tashkil etilyapti.

Bugun Akademiyada harbiy sohada ko‘plab yutuqlarga erishgan, davlat mukofoti sovrindorlari bilan talaba-yoshlarning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi professori, polkovnik Bobur Nigmatov, Qurolli Kuchlar akademiyasi professori, podpolkovnik Akramjon Shohakimov, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti vzvod komandiri, mayor, “Shuhrat” medali sovrindori Sanjar O‘tayev, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari xodimi, kichik serjant, “Shuhrat” medali sovrindori Bunyod Kozimov, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari xodimi, kichik serjant, “Shuhrat” medali sovrindori Ma’mura Ashurova, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti 2-bosqich kursanti, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sovrindori Bekzod Xolyigitov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirni Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Munira Qahhorova kirish so‘zi bilan ochdi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlar akademiyasi professori, polkovnik Bobur Nigmatov bugungi kunda yurtimizda harbiy sohaga berilayotgan e’tibor haqida to‘xtalib o‘tdi.

– So‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini yuksaltirish, milliy armiyamizni modernizatsiyalash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, harbiy xizmatchilarning jismoniy va intellektual tayyorgarligini oshirish bilan bir qatorda harbiy xizmatchilar va ularning oilalari uchun sharoitlar yaratib berilmoqda, – deydi polkovnik Bobur Nigmatov. – Mazkur islohotlar natijasida milliy armiyamiz Vatanimiz chegaralari daxlsizligi, xalqimiz osoyishtaligining ishonchli kafolati bo‘lishi bilan birga, yosh avlod uchun mardlik, yuksak vatanparvarlik tuyg‘usi, Vatanimizga sadoqat hislarini tarbiyalaydigan hayot maktabiga aylandi.

Qizg‘in muloqot yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan harbiy xizmatchilarga yuzlandi. Mazmunli tadbir uchun yig‘ilganlarga minnatdorlik bildirildi. “Vatanimga xizmat qilaman!” shiori ostida o‘tkazilayotgan ma’rifiy tadbirlar davom etmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish