340

Akademiya kengashining navbatdagi majlisida muhim masalalar muhokama etildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari ishtirok etishdi.

Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov olib bordi.

Muntazam tarzda o‘tkaziladigan Akademiya Kengashi yig‘ilishida muassasa oldida turgan muhim va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinib, yechimini kutayotgan holatlar bartaraf etiladi hamda kelgusi vazifalar belgilab olinadi. Akademiya rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov o‘z so‘zida navbatdagi majlis ham amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etishda muhim ekanini ta’kidladi.

Tadbir avvalida “Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi mudiri Muhammadolim Muhammadsidiqov hamda “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi mudiri Olim Astanaqulovga professorlik unvoni topshirildi. Ularning kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyat tilandi.

Shuningdek, Akademiya talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi maxsus stipendiya” tanlovining g‘oliblari taqdirlandi.

Shundan so‘ng O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev so‘zga chiqib, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga 2022/2023-o‘quv yili uchun qabul jarayonlarini yuqori saviyada tashkil etish to‘g‘risida ma’lumot berdi. Shuningdek, bakalavriat va magistratura bitiruvchi kurs talabalarining Davlat Attestatsiyasi komissiyasi imtihonlarini o‘tkazish hamda bitiruv malakaviy ishi va magistrlik dissertatsiyasi himoyalari to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi.

Tadbir davomida “Islom ensiklopediyasi” bo‘limi boshlig‘i Nurislom Tuxliyev “Islom ensiklopediya” nashrining navbatdagi jildlarini tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, istiqboldagi rejalar haqida so‘z yuritdi.

Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov tomonidan Akademiya professor-o‘qituvchilarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasiga ilmiy unvonga taqdim etish, professor-o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan monografiyalarni nashrga tavsiya etish to‘g‘risidagi ma’lumoti tinglandi.

Bundan tashqari, Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Ilhom Berdiyorov, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlash bo‘yicha birinchi prorektor Shavkat Mavlanov so‘zga chiqib, Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv-uslubiy birlashmalar faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi Kengashga taqdim etish uchun tavsiya etish, Akademiyada Oliy ta’lim muassasalari milliy reytingi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda 2021/2022-o‘quv yili yakuniga tayyorgarlik holati to‘g‘risidagi ishlari muhokama etildi. 

Majlis yakunida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, kun tartibidan o‘rin olgan masalalarning amaldagi ijrosini yanada kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Muhim vazifalar belgilab olindi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati 

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish