311

Akademiya professor-o‘qituvchilari “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida yoshi ulug‘ insonlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, jamiyat hayotida faol ishtirok etishini ta’minlash, ularning ko‘p yillik xizmatini munosib taqdirlash nazarda tutilgan.

Farmonga muvofiq, nuroniylarni rag‘batlantirish maqsadida “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonining ta’sis etilgani bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Yurtimizning iqtisodiyot, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, huquq va boshqa sohalarida ko‘p yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan keksa yoshdagi yurtdoshlarimiz “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanib kelinmoqda. 

Jumladan, joriy yilda ham yuzlab professor-o‘qituvchilar, olimlar, akademiklar, tibbiyot, xalq ta’limi, qishloq xo‘jaligi, madaniyat va san’at va boshqa qator sohalar faxriylari ko‘p yillik halol mehnatlari, fidoyiliklari va faolliklari uchun “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.

Taqdirlanganlar orasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining ikki nafar professor-o‘qituvchisi borligi kasbdoshlarini quvontirdi. “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan “Islom ensiklopediyasi” bo‘limi mudiri, iqtisod fanlari doktori, professor Nurislom To‘xliyev hamda “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi o‘qituvchisi Shoislom Akmalov taqdirlandilar.

Shu munosabat bilan, o‘qituvchilarimizni yuksak e’tirof bilan samimiy muborakbod etib, ularga mustahkam sog‘lik, tinchlik-omonlik, omad va muvaffaqiyatlar, ulkan yutuqlar yor bo‘lishini, Vatan, el-yurt manfaatlari yo‘lidagi ibratli sa’y-harakatlari hamisha baroridan kelaverishini tilaymiz.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish