Globallashuv jarayonida islomni tushunish muammolari
Yurtimizda turli sohalar qatori diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ham ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarda buyuk allomalar merosini tadqiq etishni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida bir qancha xalqaro maqomdagi tadqiqot markazlarini ochilgani, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha benazir O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi xalqimiz ma’naviy hayotida muhim voqelik bo‘ldi.
Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi tomonidan “Globallashuv jarayonida islomni tushunish muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya o‘tkazildi.
Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Globallashuv jarayonida islomni tushunish uchun ma’rifat suv va havodek zarurligi, jaholatni faqat ma’rifat bilan yengish mumkinligini bugun xalqaro hamjamiyati teran anglayotgani qayd etildi.
Shuningdek, konferensiyada Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro anjumanning yildan-yilga nufuzi oshib borayotganini bildirib, ishtirokchilarni samimiy muborakbot etdi.
Anjumanda Oksford islom tadqiqotlari markazi professori Mustafo Usmon Amin, Rossiya Federatsiyasi Bulg‘or islom akademiyasi professori Muhammad Ayman Zahroviy, Sarbonna universiteti doktori Muhammad Toualbia, Marmara universiteti professori Xulya Alper, Anqara universiteti tadqiqotchisi Mine Demirbilek, Balikesir universiteti Ilohiyot fakulteti ilmiy xodimi Hakan Atalay, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, taniqli islomshunos olimlar, yurtimiz va xorijdagi ilmiy markazlarning yetakchi mutaxassislari, Angliya, Fransiya, Shvesiya, Turkiya, Misr Arab Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi kabi davlatlarning nufuzli oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchi va magistrantlari ishtirok etdi.
Darhaqiqat, globallashuv turli sohalarda taraqqiyot sur’atlarini o‘sishida muhim omil bo‘ldi. Uning ilm-fan rivoji, axborot almashinuvidagi o‘rnini biror vosita bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Shu bilan birga globallashuv media olamida va xalqaro tarmoqda din-e’tiqodni to‘g‘ri anglash, sog‘lom dunyoqarash-tafakkurni shakllantirishdagi muammolarni ko‘rsatib berdi. Mazkur muammolardan kelib chiqqan holda anjumanda “Dinlararo totuvlik va radikalizmni yengish”, “Musulmon jamoasida konfessiyalararo muloqot: o‘tmish, hozir va kelajak”, “Oliy islom ta’limini rivojlantirishda yutuqlarga ega bo‘lgan o‘zbek va xorijiy olimlarning ilmiy, uslubiy va axborot almashinuvi”, “Islom ilohiyoti tafakkuri rivojlanishining an’analari va zamonaviy tendensiyalari: musulmon jamoalarining ichki va xorijiy tajribasi” kabi dolzarb masalalar muhokama etildi.
Tadbirda “Islom tushunchasida globallashuv: muammolar va imkoniyatlar”, “Globallashuv jarayonida islomni tushunish muammolari”, “Diniy ta’lim metodologiyasi hamda uning Vatanga muhabbatni o‘stirishdagi ahamiyati”, “Bugungi kunda islomni qanday tushunamiz?”, “Globallashgan dunyoda islom: vizuallik hukmronligi ostida ma’noning yo‘qolishi muammosi”, “Moturidiya ta’limotida din va siyosat masalasi”, “Islomda ijtimoiy muammolarga yechim topish an’analari hamda zamonaviy uslublar: iqtisodiy aspekt” kabi mavzulardagi ma’ruzalar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Konferensiyaga mahalliy va xorijiy olimlar va tadqiqotchilarining 100 ga yaqin maqolasi taqdim qilingani uning ahamiyati va nufuzini belgilab beradi. Shulardan 20 ga yaqini xorij olimlari va tadqiqotchilarining maqolalari. Mazkur maqolalar tahrir hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilib, to‘plamga 70 dan ziyod maqola kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Ishtirokchilar e’tirofiga ko‘ra, mazkur xalqaro anjuman dinning mohiyatini teran anglashda, islom ta’limotini to‘g‘ri tushunish va anglashda, yoshlar ongida turli buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi immunitetni shakllantirishda dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, “Jaholatni faqat ma’rifat bilan yengish mumkinligi” nufuzli olimlar va yosh tadqiqotchilar tomonidan alohida ta’kidlandi.
Muxtasar aytganda, 2018-yil 12-dekabrda O‘zbekiston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” xalqaro rezolyutsiyasidan so‘ng jahon ommaviy axborot vositalarida yangragan munosabat konferensiyaning yakuniy xulosasi bo‘ldi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish