427

Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon

XALQARO SIMPOZIUM

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda yurtimizdan yetishib chiqib, jahon ilm-fani va islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish hamda keng jamoatchilikka targ‘ib qilish, ularning nomlarini xalq orasida ommalashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda yurtimizda faoliyat olib borayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari kabi muassasalar ushbu vazifani amalga oshirishda muhim o‘rin tutib kelmoqda.

Xususan, buyuk mutafakkir ajdodimiz, mutakallim olim Imom Abu Mansur Moturidiy hamda u asos solgan ta’limotni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish maqsadida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzuidagi II xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpozium o‘tkazildi.

O‘zbekiston qadimdan jahon ilm-fani va islom sivilizatsiyasi rivojiga o‘z asarlari, yaratgan umrboqiy ta’limotlari, insoniyat taraqqiyoti uchun xizmat qiluvchi ezgu g‘oyalari hamda kashfiyotlari bilan bebaho hissa qo‘shgan allomalar zamini bo‘lib kelgan.

Jumladan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Mahmud Zamaxshariy, Abul Muin Nasafiy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Abul Barakot Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy, Abu Mansur Moturidiy kabi allomalar bugungi kunda jahon ilmiy jamoatchiligining katta qiziqishi va e’tiboriga sazovor bo‘lmoqda.

Ushbu allomalar qatorida kalom va aqida ilmining buyuk namoyandasi, hozirgi vaqtda dunyo musulmonlarining qariyb yarmi e’tiqod qiladigan moturidiylik ta’limoti asoschisi hisoblangan mutakallim olim Abu Mansur Moturidiyning nomi alohida ahamiyatga ega. U yaratgan e’tiqodiy tizim islom diniga yot bo‘lgan turli oqimlar g‘oyalariga naqliy va aqliy dalillar asosida raddiyalar berish orqali musulmonlarning e’tiqodiy birligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan o‘ta muhim hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, bugungi kunda allomaning ilmiy merosini o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish dolzarb vazifalardan biri sanaladi. 

Mazkur vazifaning ijrosini ta’minlash maqsadida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan ICESCO, IRCICA kabi xalqaro tashkilotlar, Saljuq universiteti Imom Moturidiy tadqiqotlari markazi, al-Azhar majmuasi Islom tadqiqotlari akademiyasi kabi xorijiy ilmiy muassasalar, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikda “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzusida II xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpozium o‘tkazildi. 

Xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpoziumda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Xalqaro ilmiy hay’ati a’zolari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, mahalliy va xorijlik taniqli olimlar, jahonning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, sohaga oid ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar, mutaxassislar ishtirok etdi. 

Shuningdek, simpoziumda Misr Arab Respublikasi, Iordaniya, Turkiya, Germaniya, Rossiya, Malayziya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi davlatlardan moturidiyshunos va islomshunos olimlar ham ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti (ICESCO) Bosh direktori Salim al-Malik, Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) Bosh direktori Mahmud Erol Qilich, Saljuq universiteti Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, professor Rejeb Tuzju, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov tabrik so‘zlari bilan ishtirok etib, anjuman ishiga muvaffaqiyat tilashdi.

Konferensiya “Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limoti: moturidiylik namoyandalari va asarlari”, “Moturidiylik ta’limotiga oid zamonaviy tadqiqotlar”, “Globallashuv jarayonida moʻtadil islom ta’limotining ahamiyati. Zamonaviy islomshunoslik tadqiqotlari” kabi shoʻba yig‘ilishlariga bo‘lindi. 

— O‘zbekiston qadimdan ilm-fan rivoji hamda insoniyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutgan ezgu ta’limotlar, umrboqiy ta’limotlarni yaratgan olimlar yurti hisoblanib kelingan, — deydi Turkiya Respublikasi Saljuq universiteti Imom Moturidiy tadqiqot markazi direktori, doktor, professor Rejeb Tuzju. — Xususan, Samarqand ulamolarining ilmiy-ma’naviy merosi bugungi kunda ayrim ixtilofli aqidaviy masalalarni hal qilishda amaliy ahamiyatga ega ekani hech kimga sir emas. Shu munosabat bilan, bugun Imom Moturidiy markazida tashkil qilingan simpozium ushbu mamlakatdan yetishib chiqqan olimlarning merosini qayta jonlantirishga xizmat qiladi deb umid qilaman.

Simpozium davomida ishtirokchilar tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limoti mohiyati: moturidiylik namoyandalari va asarlari, moturidiylik ta’limotiga oid zamonaviy tadqiqotlar, globallashuv jarayonida moʻtadil islom ta’limotining ahamiyati, zamonaviy islomshunoslik tadqiqotlari singari muhim ilmiy masalalar muhokama qilindi.

Shu bilan birga, simpoziumda olimlar moturidiylik ta’limotining o‘ziga xos xususiyatlari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon qildi. Xususan, bugungi kundagi dolzarb aqidaviy masalalarga yechim topishda moturidiylik ta’limotining o‘rni va ahamiyati, ushbu ta’limotning moʻtadilligi ishtirokchilar tomonidan alohida e’tirof etildi. Mazkur simpozium ishi doirasida Imom Moturidiy va moturidiy allomalarining ilmiy merosini xalqaro jamoatchilikka yetkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi.  

Simpoziumda qatnashgan xalqaro ekspertlar, mutaxassis va olimlar tomonidan ishtirokchilarning ma’ruzalari hamda boshqa ilmiy natijalar alohida to‘plam shaklida nashr etilishi ma’qullandi.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi moturidiylik ta’limotini jahonga tanitish hamda islom olamida moʻtadil ta’limotni xalqaro jamoatchilikka yetkazishda muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish