395

Moturidiylik – moʻtadil ta’limot

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Moturidiylik – moʻtadil ta’limot” mavzusida onlayn seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Bahrayn universiteti Arab tili va islomshunoslik kafedrasi professori, islom ilmlari bo‘yicha yetakchi olim Adnon Muhammad Zarzur o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.

Uchrashuvda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Davron Maxsudov, markaz katta ilmiy xodimi Ahmad Sa’d Damanhuriy, ilmiy xodimlar, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi a’zolari, yosh tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

Davra suhbatida professor Adnon Muhammad Zarzur so‘zga chiqib, Movarounnahr diyoridan dunyo tamadduni rivojiga hissa qo‘shgan buyuk allomalar yetishib chiqqani, ularning ilmiy meroslarini o‘rganish esa bugungi kundagi eng dolzarb vazifalardan biri ekanini qayd etdi.

— Ayni paytda insoniyat Imom Moturidiyning fikr-mulohazalariga ehtiyoj sezmoqda, — deydi Adnon Muhammad Zarzur. — Chunki inson qadr-qimmati, uning jamiyatda tutgan o‘rni Moturidiy ta’limotida yuksak o‘rinni egallashi shubhasiz. Mazkur bilimlarni mufassal o‘rganish va tadqiq etish orqali “jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida islom dinining ilm-ma’rifat, ma’naviy poklik, tinchlik-osoyishtalik, bag‘rikenglik, taraqqiyot va bunyodkorlikka chaqiruvchi g‘oyalarini aholiga, ayniqsa, yoshlarga yetkazish zarur.

Olim nutqida davom etarkan, har qaysi yurtning milliy-diniy qadriyatlarini asrab-avaylash, yosh avlodni ezgu umuminsoniy g‘oyalar ruhida tarbiyalash, islom olamida mutaassiblik hamda aqidaparastlik g‘oyalarini tarqalishining oldini olishda islom dini va Moturidiylik ta’limoti muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdi.

Seminarda so‘zga chiqqanlar Imom Moturidiyning hayoti, ilmiy faoliyatiga to‘xtalib o‘tishdi. Mazmunli va qiziqarli o‘tgan uchrashuv yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan ma’ruzachiga murojaat qildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish