Axborot xavfsizligi sohasida raqamlashtirish muammolari va istiqbollari
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Axborot xavfsizligi sohasida raqamlashtirish muammolari va istiqbollari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
Mazkur anjuman “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari” kafedrasi tomondan 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va “Raqamli O‘zbekiston-2030” dasturini amalga oshirish borasida belgilangan vazifalarga muvofiq tashkil etildi.
Konferensiyaning maqsadi diniy-ma’rifiy sohani raqamlashtirishning nazariy muammolari va axborot xavfsizligini ta’minlashda sun’iy intellekt texnologiyalarining o‘rni, kibermakonda axborot xavfsizligini ta’minlash muammolari, shuningdek, sohada zamonaviy innovatsion va pedagogik texnologiyalarni qo‘llanilishiga oid amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar hamda tadqiqotlar natijalari bilan keng jamoatchilikni tanishtirishdan iborat.
Anjuman “Diniy-ma’rifiy sohani raqamlashtirishning nazariy muammolari”, “Axborot xavfsizligini ta’minlashda sun’iy intellekt texnologiyalarining o‘rni”, “Kibermakonda axborot xavfsizligini ta’minlash muammolari” hamda “Sohada zamonaviy innovatsion va pedagogik texnologiyalarni qo‘llanilishi” kabi yo‘nalishlarga bo‘lindi.
Onlayn hamda oflayn formatda tashkil etilgan tadbirda Rossiya Federatsiyasi hukumati huzuridagi Moliya universiteti Biznes informatika kafedrasi professori, iqtisodiyot fanlari doktori Irina Jukovskaya, “Yangi O‘zbekiston” universiteti Dasturiy ta’minot muhandisligi kafedrasi professori Sirojiddin Jo‘rayev, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bank Xavfsizlik va axborotni muhofaza qilish departamenti bosh eksperti Dilshod Ismoilov, “Kiberxavfsizlik” DUK mutaxassisi Abbosbek Mamanazarov, yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalaridagi sohada faoliyat olib boradigan professor-o‘qituvchilar, olimlar, mutaxassislar, ilmiy tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov Akademiya rektori Muzaffar Komilovning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Konferensiyani O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari” kafedrasi mudiri Qurbon Rahmonov olib bordi.
Anjumanda “Axborotning zamonaviy jihatlari oliy ta’lim muassasalari faoliyatida xavfsizlik raqamli kontekstdagi muassasalar iqtisodiy transformatsiya”, “Kibermakonda axborot xavfsizligini ta’minlashda kibergigienaning o‘rni”, “Turli xakerlik hujumlardan veb-sayt va veb ilovalarning xavfsizligini ta’minlash”, “Virtual 3D universitet o‘quv jarayoni uchun Ko‘kaldosh madrasasini uch o‘lchovli geometrik modellashtirish” hamda “Axborot xavfsizligini ta’minlashda sun’iy intellekt texnologiyalarining o‘rni” kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi.
So‘z olganlar yurtimizda axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tishdi. Jumladan, axborot xavfsizligi sohasida olib borilayotgan ishlarning uzviy davomi sifatida 2022-yilning 17-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasining “Kiberxavfsizlik to‘g‘risidagi” qonuni qabul qilindi.
Sohadagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, buning uchun malakali, yosh kadrlarni tayyorlashda qanday jihatlarga ahamiyat qaratish kerakligi haqida so‘z yuritildi. Axborot xavfsizligi to‘g‘risida o‘zbek tilida ilmiy, ommabop o‘quv adabiyotlar, qo‘llanmalar yetarli emasligi ta’kidlandi.
Konferensiya yakunida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha umumiy xulosalar qilindi. Bu kabi ilm anjumanlari soha rivoji uchun foydali bo‘lishini qayd etishdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish