361

Buxoroda jahon hamjamiyati uchun juda muhim hujjat qabul qilinadi

“Buxoro deklaratsiyasi” ma’rifat g‘oyalari va bag‘rikenglik madaniyatini targ‘ib qilishga qaratilgan
 

O‘zbekistonda “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi davom etmoqda. Shimoliy Amerika, Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlarining turli din vakillari, ilohiyotshunoslar, dinshunoslar va huquqshunoslardan iborat delegatsiyalari a’zolari 19-may kuni tadbirning asosiy qismini o‘tkazish va “Buxoro deklaratsiyasi”ni qabul qilish maqsadida qadim kentga  yetib kelishdi.

Dastlab xorijlik mehmonlar, mutaxassis, ekspertlarga O‘zbekiston xalqining boy madaniy va ma’naviy merosi haqida ma’lumot berildi.

Ishtirokchilar forumning dastlabki ikki kunida bo‘lib o‘tgan ilmiy-amaliy seminarlar natijalarini, Marokash, Jakarta, Potomak, Punto-del-Esteda qabul qilingan avvalgi deklaratsiyalar qoidalarini muhokama qilishmoqda. Diniy bag‘rikenglikni ta’minlash sohasida tajriba va fikr almashishmoqda.

Jahonda yuz berayotgan bugungi tendensiyalarni hisobga olib, qabul qilinajak “Buxoro deklaratsiyasi”ni har tomonlama muhokama qilgan holda, dunyoning turli qit’a, mintaqalaridan kelgan nomdor ilohiyotshunoslar, dinshunos va huquqshunoslar ushbu hujjatda avval qabul qilingan barcha deklaratsiyalarning asosiy tamoyillari aks etishiga erishishni ko‘zlamoqdalar.

Ayni dam “Buxoro deklaratsiyasi”ni ishlab chiqishda turli mamlakatlar keng doiradagi vakillari ishtirok etishi mamlakatimizning e’tiqod erkinligi va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash sohasidagi siyosati samaradorligi xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganidan dalolat.

Mazkur tashabbus qo‘llab-quvvatlanayotgani, forumda taniqli dinshunos olimlar va ilohiyotshunoslar - Butunjahon musulmonlar ligasi (KSA) Bosh kotibining maxsus elchisi Abdul Aziz Sarxon, AQSH Xalqaro e’tiqod erkinligi bo‘yicha komissiyasi raisi Nadin Mayenza, Argungau (Nigeriya) amirligi amiri Al Hoji Samoil Muhammad Mer, Indoneziya Fanlar akademiyasi Madaniyat ishlari bo‘yicha komissiyasi raisi Amin Abdulloh kabi nufuzli mehmonlar  ishtirok etayotgani fikrimiz tasdig‘idir.

“Buxoro deklaratsiyasi” butun jahon hamjamiyati uchun  ma’rifat g‘oyalari  va bag‘rikenglik madaniyatini ilgari surish, turli din vakillari milliy an’analarini hurmat qilish, ularning huquqlarini ta’minlash, global miqyosda  bunyodkorlik muloqotini mustahkamlashga qaratilgan muhim hujjat bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, AQSH Global jalb qilish instituti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Samarqand va Buxoro viloyatlari hokimiyatlari tomonidan tashkil etilgan. Dasturga ko‘ra, 20-may kuni forum ishtirokchilari Buxoroning boy madaniy-tarixiy merosi bilan tanishadilar.

O‘zA

Izoh qoldirish