421

Botir Zaripov: “Buxoro deklaratsiyasi dinlararo va konfessiyalararo munosabatlar hamda o‘zaro hamkorlikning zamonaviy mexanizmlarini yanada takomillashtiradi”

Buxoroda “Deklaratsiyalar muloqoti” Xalqaro forumi davom etmoqda. Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, AQSH Global jalb qilish instituti, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Samarqand va Buxoro viloyatlari hokimliklari hamkorligida tashkil etilgan.

Xalqaro forumda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqib ushbu zamindan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar, dunyoviy va diniy ilmlarning ulug‘ namoyandalari insoniyat tarixida juda katta iz qoldirganini ta’kidladi. Xususan, diyorimizda yashab o‘tgan ajdodlarimiz Islomni yuksak ilm, madaniyat va sivilizatsiya darajasiga ko‘targanini butun jahon va musulmon olami e’tirof etishini qayd etdi.

Zero, Abu Hafs Kabir Buxoriy, Abu Hafs Sag‘ir Buxoriy, Abu Bakr Kalobodiy, Mustamliy Buxoriy, Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Bahouddin Naqshband va boshqa yuzlab allomalarimiz targ‘ib etgan islomiy qadriyatlar ma’naviy hayotimiz va dinimiz ko‘zgusi hisoblanadi. Ulug‘ allomalarimizning ma’naviy xazinasi hozirda barchamiz uchun ibrat bo‘lmoqda.

Ana shunday buyuk allomalardan biri – Abu Hafs Kabir Buxoriyning islom olamida Bag‘doddagi “Nizomiya” madrasasidan ikki yuz yil oldin – 810 yilda Buxoroda oliy madrasalar, ya’ni universitetlarga asos solgani, uning zalvorli xizmatlari tufayli Birinchi Renessans davrida Buxoro “Qubbatul Islom”, ya’ni “Islom dinining gumbazi” degan sharafli unvonga  sazovor bo‘lganligini e’tirof etish mumkin. Shuningdek, uning taniqli shogirdi, buyuk muhaddis Imom al-Buxoriy islom dinida muhim ahamiyatga ega hisoblangan “Sahihi Buxoriy” kitobining muallifi sifatida butun dunyoda tan olingan.

Albatta, ulug‘ allomalarimizning boy merosini asrab-avaylash, o‘rganish, islom ma’rifati to‘g‘risidagi ta’limotini keng yoyish hamda uni keyingi avlodlarga yetkazish sharafli ishdir. Shu maqsadda, so‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbuslari bilan sohada ulkan yangilanishlar amalga oshirildi.
Xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Motrudiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, Toshkentda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilmoqda. O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasida UNESCOning “Jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish” va ICESCOning “Islom sivilizatsiyasini o‘rganish” kafedralari tashkil etildi.

Tarixiy manbalarga ko‘ra, Buxoro hududida islomgacha bo‘lgan davrlarda zardushtiylik, buddaviylik, nasroniylik, yahudiylik, mazdakiylik singari ta’limotlarga e’tiqod qilingan.

Islom yetakchi din mavqeini egallagan 8-asrdan keyingi davrda ham yahudiylik, nasroniylikka e’tiqod qiluvchilar teng va diniy bag‘rikenglik muhiti hamda totuvlikda istiqomat qilganligi tarixiy manbalardan ma’lum.

Birgina misol sifatida Buxoro shahrining qadimiy Eski shahar qismida “yahudiylar” ko‘chasi mavjudligi, ushbu ko‘chada musulmon va yahudiylar o‘zaro ahillikda yashagani, bitta maktabda ta’lim olgani, musulmonlarning Hayit, yahudiylarning “Pesax”, xristianlarning “Pasxa” bayramini birgalikda nishonlashganini, Sharif shahrimizning qoq markazida yahudiylar va nasroniylarning ibodatxonalari hamda qabristonlari joylashganligi, ularga davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan alohida e’tibor qaratib kelinayotganligini keltirish mumkin.

Tarixiy manbalarga tayanib aytadigan bo‘lsak, 2500 yillikdan ortiq tarix, xususan, turli davrlarda Buxoroda biror marotaba ham diniy yoki milliy xarakterdagi nizo yoki kelishmovchiliklar kuzatilmagan. Davlatimiz tomonidan xalqimizning qon-qoniga singib ketgan bag‘rikenglik an’anasi doimo qo‘llab-quvvatlanib kelinmoqda va bugungi kunda ham bu ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Bugungi kunda viloyatda 4 ta diniy konfessiyaga mansub 120 ta diniy tashkilot faoliyat yuritmoqda. 110 ta islomiy O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi, 106 ta masjid, 3 ta madrasa 7 ta xristian diniy tashkiloti, 2 ta yahudiy, 1 ta bahoiy jamoalari mavjud. 

Ushbu tashkilotlar tomonidan tegishli diniy amallar va marosimlar an’anaviy tarzda amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, Ramazon va Qurbon hayitlari, Pasxa va Rojdestvo kabi diniy bayramlar muntazam tarzda o‘tkazilmoqda.

Shu bilan birga, so‘nggi yillarda musulmonlarning muqaddas “Haj” va “Umra” ziyoratlari, “shia” mazhabiga mansub vakillarning Dashti Karbalo, yahudiy, xristian dini vakillarining Isroil, Gretsiya, Rossiya va Italiyada joylashgan diniy qadamjolarga ibodat safarlarini amalga oshirish borasida keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

Qadim Buxoro zaminini islom sivilizatsiyasi beshigi, Islom dini gumbazi, dunyodagi yetti Sharif shaharning biri sifatida jahoniy e’tirof etilganligini inobatga olgan holda Fan, ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom olami tashkiloti (ICESCO) tomonidan 2020-yil – “Buxoro – Islom madaniyati poytaxti” deb e’lon qilindi.

Qabul qilinadigan “Buxoro deklaratsiya”si esa dinlararo va konfessiyalararo munosabatlar hamda o‘zaro hamkorlikning zamonaviy mexanizmlarini yanada takomillashtirish, diniy barqarorlikka qarshi turli g‘oyaviy tahdidlarga toqatli, shuningdek, barcha konfessiyalarning tinch-totuv yashash g‘oyasi atrofida xalqaro hamjamiyatning jipsligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA

Izoh qoldirish