220

“Deklarаtsiyalar muloqoti” Samarqandda davom etdi

Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlari mezbonligida o‘tkazilayotgan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi ishtirokchilari 18 may kuni Samarqandga tashrif buyurdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, AQSH Global jalb qilish instituti, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Samarqand va Buxoro viloyatlari hokimliklari hamkorligida tashkil etilgan anjuman qatnashchilari – Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika mamlakatlari va AQSH yetakchi din ulamolari, ilohiyotshunoslar, huquqshunoslar va boshqa rasmiy vakillar Samarqand temiryo‘l vokzalida tantanali kutib olindi.

Mehmonlar buyuk allomalarga beshik bo‘lgan, qadimiy sivilizatsiyalar markazi hisoblangan Samarqanddagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qildi, tarixiy-madaniy yodgorliklar bilan tanishdi. Yuzdan ortiq millat, turli din va konfessiyalar vakillari hamjihatlikda yashayotgan qadimiy kentda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Diniy e’tiqod erkinligi, har bir millatning o‘z urf-odat va an’analari, qadriyatlarini asrab-avaylashi uchun keng imkoniyat mavjudligi ta’kidlandi.

– Yoshligimizda bu tabarruk zamindan yetishib chiqqan ulug‘ allomalar, muhaddislar kitoblarini o‘qib, ular mangu orom topgan maskanlarni ziyorat qilish baxti nasib etarmikan, deb orzu qilardik, – deydi Butunjahon musulmonlari ligasi bosh kotibining maxsus maslahatchisi Abdulaziz Sarxan. – Allohga shukr, bugun shu baxt nasib etganidan baxtiyormiz. Beruniylar, Xorazmiylar, Buxoriy va Termiziy yurti hamisha jahon ahlini o‘ziga chorlab kelgan. Ayniqsa, Samarqand – dunyoga mashhur qadimiy shahar, dunyo sivilizatsiyasida o‘z munosib o‘rniga ega. Shu bilan birga bugun bu yurt turli millatlar, dinlar vakillari ahil-inoq yashayotgan maskan sifatida e’tiborimizni tortdi.

– Samarqanddagi eng katta taassurot qoldirgan jihat, albatta, ko‘pchilik ta’kidlaydigan xalqingizning mehmondo‘stligi, – deydi Nigeriyaning Argungu shtati amiri Ismoil Muhammad Mera. – O‘zim ham ko‘p e’tibor berganman, ko‘pchilik o‘zbek xalqining ushbu jihatini alohida tilga oladi. Bu bejiz emas ekan. Samarqandning diqqatga sazovor joylarida bo‘lganimizda odamlar ham bizga katta iltifot ko‘rsatayapti. Bunday e’tiborni har qancha e’tirof etsang arziydi. Ko‘rsatilgan e’tibor, mehmondo‘stlik uchun rahmat.

Mehmonlar ayni paytda shaharda amalga oshirilayotgan ulkan qurilish-bunyodkorlik ishlari bilan ham tanishdi.

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA

Izoh qoldirish