311

Toshkent, Samarqand va Buxoroda “Deklaratsiyalar muloqoti” bo‘lib o‘tadi

Joriy yil 16-20 may kunlari Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi o‘tkaziladi.
 

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, AQSH Global jalb qilish instituti,  Vazirlar Mahkamasi huzuridgi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Samarqand va Buxoro viloyatlari hokimiyatlari  tomonidan tashkil etilmoqda.

“Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 2018 yil qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” Maxsus rezolyutsiyasida mustahkamlangan  tamoyil va qoidalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi olib borayotgan izchil ishlarning bir qismi bo‘lib, 2020 yilda davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi maqsadlariga erishishga xizmat qiladi.

2019 yil Toshkent shahrida ilk bor o‘tkazilgan “Deklaratsiyalar muloqoti” jahon hamjamiyatiga o‘zbek xalqining boy madaniy-tarixiy va diniy-falsafiy merosi, O‘zbekiston Respublikasining konfessiyalararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, jamiyatda do‘stlik va o‘zaro hamjihatlik muhitini saqlab turish bo‘yicha siyosiy-huquqiy tajribasi bilan tanishish imkonini beruvchi muhim maydonchaga aylandi.

Anjuman doirasida turli mamlakatlar dinshunos olimlari, amaliyotchi mutaxassislariga jamiyatda tinchlik va totuvlikni saqlab turishning muhim sharti sifatida dinlar va madaniyatlar o‘rtasida samarali muloqot o‘rnatish sohasidagi eng yaxshi xalqaro amaliyot, ilg‘or xorijiy tajriba namoyish etiladi.

Mazkur xalqaro forum jahon hamjamiyatining e’tiqod erkinligini ta’minlash  va dinlararo muloqotni mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatini birlashtirish jarayonining ajralmas qismi bo‘lib, davlatimizning inson huquq va erkinligi bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga qat’iy sodiqligi, O‘zbekiston Respublikasi 2020 yil ilk bor saylangan  BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi mas’ul a’zosi sifatida mamlakatimizning ayni yo‘nalishda e’tirof etilgan umumiy standartlarni  xalqaro miqyosda faol targ‘ib etishga tayyorligi ifodasidir.

Bo‘lajak forumda 2019 yilda bo‘lgani kabi Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika mamlakatlari va AQSH yetakchi din ulamolari, ilohiyotshunoslari, huquqshunoslari, rasmiylari to‘planadi.

Anjumanga an’anaviy tus berilishi va tadbirda dunyoning turli hududlaridan keng doiradagi vakillar ishtirok etishi ham O‘zbekiston Respublikasining e’tiqod erkinligini, konfessiyalararo totuvlikni ta’minlash borasidagi davlat siyosati samaradorligi jahon hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof etilayoganidan dalolat.

Forum kun tartibi bir necha bosqichdan iborat. Dasturning birinchi qismiga ko‘ra, 16-17 may kunlari Toshkentda ko‘p millatli jamiyatda konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish sohasida tajriba almashish, diniy erkinlik masalasida qonun ustuvorligini ta’minlash, turli din vakillari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmatni mustahkamlash bo‘yicha ilg‘or amaliyot bilan tanishish yuzasidan ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkaziladi.

18 may kuni Samarqand shahriga tanishuv sayohatini tashkil etish ko‘zda tutilgan ikkinchi qismda xorijiy delegatsiyalar mamlakatimizdagi eng qadimiy shaharlardan birining madaniy merosi bilan tanishadilar, turli konfessiyalar diniy maskanlariga tashrif buyurib, yurtimizning tarixiy  poytaxti bo‘lmish Samarqanddagi diniy hamjamiyat vakillari bilan uchrashadilar.

Anjuman 19 may kuni Buxoro shahrida “Deklaratsiyalar muloqoti” mavzusidagi xalqaro konferensiya bilan o‘z ishini yakunlaydi. Tadbirda ilmiy-amaliy seminarlar sarhisob qilinadi, e’tiqod erkinligi va dinlararo muloqotni ta’minlash masalasi bo‘yicha fikr almashiladi, kelgusi hamkorlik istiqboli belgilanadi.

Xalqaro uchrashuvning asosiy natijasi sifatida “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilinadi. Ilgari Marokash, Makka, Jakarta, Potomak va Punto-del-Esteda qabul qilingan deklaratsiyalarni to‘ldiradigan ushbu hujjat O‘zbekistonning diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik g‘oyalarini xalqaro darajada qaror toptirishga qo‘shadigan muhim hissasi bo‘ladi.

O‘zA

Izoh qoldirish