351

Iyd al-Fitr – Ramazon hayiti muborak bo‘lsin!

MUNOSABAT

Bismillahir Rohmanir Rohiym. 

Ramazon oyining ro‘zasini bandalariga farz qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin! 

Ramazon oyining tunlarida bedor bo‘lishni ummatiga sunnat qilgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salovotu salomlar bo‘lsin! 

Allohning rahmat-mag‘firati yog‘iladigan, ajru mukofot beriladigan va xursandchilik ayyomi bo‘lgan Iyd al-Fitr — Ramazon hayiti bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi va o‘z nomimdan samimiy muborakbod etaman. 

Alloh taoloning amrini ado etib, taqvo ne’matini qo‘lga kiritgan, Rasul alayhissalomning sunnatiga ergashib, imon ila, savob umidida ro‘za tutgan mo‘min-musulmonlarga jannatning Rayyon darvozasidan kirish baxti nasib etsin!

Shunday fayzli kunlarga yetkazganiuchun Haq taologa shukronalar aytamiz. Qodir Allohdan xalqimizga qut-baraka, baxt-u saodat va tinchlik-ofiyat berishini so‘rab duolar qilamiz. 

Ramazon oyida butun dunyoga Alloh taoloning rahmati yog‘ildi. Mo‘min-musulmonlar subhidamda saharlik dasturxoni atrofida ibodatga kirishdilar. Fayzli oqshomlarda esa iftorlik qilib, qalb rohati — tarovih namozini ado etdilar. 

Haq taologa shukrki, so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yangidan ochilayotgan masjid-madrasalar, qayta chiroy ochayotgan qadamjolar mo‘min-musulmonlarni cheksiz mamnun etmoqda.

Har yili Ramazon oyi hamda ikki hayit bayramlari arafasida davlatimiz rahbarining qarori qabul qilinishi dinimizga qaratilayotgan e’tiborning amaldagi bir in’ikosidir. Ayniqsa, bu ayyom kunlari dam olish kunlarining ko‘paytirib berilayotgani har bir mo‘min-musulmonni yana ham xursand qilib, ayyomni munosib tarzda o‘tkazishga xizmat qilmoqda. 

Yana bir muhim voqelik — ulug‘ ayyom kunlari Prezidentimiz Islom sivilizatsiyasi markazi qurilish maydoniga tashrif buyurib, ma’naviy qudratimiz timsoli bo‘lgan ushbu muazzam majmua faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qimmatli maslahatlar berdi. Bu yerda yurtimiz ulamolarining islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan buyuk hissasi yaqqol ifoda etiladi. Imom xatiblarimiz mana shunday betakror maskanda malaka oshiradi.

Mazkur ishlarning uzviy davomi sifatida Prezidentimizning “Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan muhim vazifalar Ramazon hayitining yurtimizda ko‘tarinki ruhda o‘tishiga asosiy omil bo‘ladi. Ushbu qaror bayram kayfiyatini yanada oshirishga, muborak ayyomni yanada mazmunli o‘tkazish uchun sharoit hozirlaydi. 

Shuningdek, ulug‘ ayyom arafasida mo‘min-musulmonlarning himmati baland, shijoati yuksak bo‘ladi, ota-onalar, qarindosh-urug‘lar, qo‘ni-qo‘shnilar, keksalar, ustozlar, bemorlar va muhtojlarning ko‘ngli olinadi. Alloh taolo farz qilgan zakotlar ado etildi, fitr sadaqasi hamda fidyalar berildi. 

Ramazon hayiti shodiyonalari yurtimiz bo‘ylab ko‘tarinki kayfiyatda o‘tmoqda. Ayniqsa, ushbu kunlarda xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat, ezgulik kabi fazilatlar yanada yorqinroq namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining Ramazon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan bayram tabrigi yurtdoshlarimizning ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi. Tabrikdagi samimiy va dildan chiqqan purma’no gaplar yurtdoshlarimizning qalbiga to‘g‘ri kirib bordi, ularni cheksiz manmun etdi. Bayram kunlarida o‘zaro oqibatli bo‘lish, mehr-u saxovat ko‘rsatish kabi insoniy fazilatlarni yana bir bora amalda namoyon etishga turtki bo‘ldi. 

Shuningdek, ayyom kunlarida muqaddasdinimiz e’zozlagan, buyuk allomalarimiztarg‘ib etgan kam ta’minlangan, kambag‘al oilalar holidan xabar olish, yetimlar boshini silash, yordamga muhtojlarga muruvvat qo‘lini cho‘zish kabi ulug‘ an’analarimiz yanada jonlanadi. Imom-xatiblarimiz Mehribonlik va Muruvvat uylarida saxovat tadbirlarini o‘tkazdi, kam ta’minlangan oilalarga oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa zarur mahsulotlar tarqatadilar. Amalga oshirilgan bunday ezgu va savob ishlardan xalqimizning kayfiyati ko‘tariladi. 

Joriy yil 29-aprel kuni bo‘lib o‘tgan vidoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari “Ramazon oyi — saxiylik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik oyidir. Bu qutlug‘ ayyomda mehr-shafqatli, kechirimli bo‘lish hammamiz uchun ham farz, ham qarz”, dedi.

 Shu munosabat bilan, Ramazon hayiti arafasida Prezident adashib jinoyatga qo‘l urgan, lekin aybini chuqur anglab, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 65 nafar fuqaroni afv etish bo‘yicha farmonni imzoladi. 

Mutasaddilarga ushbu fuqarolar bayramni o‘z uyida, yaqinlari bag‘rida kutib olishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish bo‘yicha topshiriq berildi. 

Ta’kidlash joizki, oxirgi yillarda jadal faoliyat yuritayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarida islom dinining ilmiy jihatdan tadqiq etilishi katta samara bermoqda. Bunday xayrli ishlarning samarasi o‘laroq, zaminimizdan yana buxoriylar, termiziylar, nasafiylar va naqshbandiylar yetishib chiqajak, inshoalloh.

Shubhasiz, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan “Yaxshilikka dalolat qiluvchi uni qilgan kishi kabidir”, hadisi sharifiga muvofiq sanab o‘tilgan savobli ishlar sababchisi bo‘lgan insonlarga ham cheksiz ajru mukofotlar yoziladi hamda yurtimizga qut-baraka yog‘iladi, inshoalloh. 

Sizu biz mana shunday ulug‘ ne’matlarning qadriga yetib, dinimiz rivojiga ko‘rsatilayotgan sharoitlarni Alloh taoloning ulug‘ marhamati deb qabul qilishimiz, buning shukronasini hamisha ado etishimiz lozim. 

Bu yilgi Ramazon oyi chin ma’noda qut-barakali va fayzli bo‘ldi. Chunki bu oyda to‘xtovsiz xatmi Qur’onlar, go‘zal ma’rifiy suhbatlar, xalqaro doiradagi e’tiroflar bo‘ldi. Shuningdek, xalqimiz bu oyni taqvo-yu ibodat, xayr-u saxovat ulashish bilan o‘tkazib, doim yaxshiliklar payida bo‘ldilar. 

Ushbu amallar savobini hadisi shariflarda marhamat qilinganidek, har bir qilingan amalning evaziga 70 tadan 700 tagacha savob beradi. Inshoalloh. Ramazon hayiti islom dinining uchinchi rukni bo‘lmish ro‘za ibodatini ado etish munosabati ila nishonlanadigan katta quvonchli voqeadir.

Iyd al-Fitrni dunyo musulmonlari qatori yurtimiz ahli ham katta shodiyona va xursandchilik ila o‘tkazadi. Ushbu kun — Yaratgan Egamning rahmati Yer yuziga yog‘iladigan, qalblar zavqlanadigan, ro‘zadorlarga ajrlar beriladigan ajoyib fursat.

Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir qavmning o‘z bayrami bor, Iyd bizning bayramimizdir”, deb marhamat qilganlar. 

Hofiz Ibn Hajar rohimahulloh “Fathul Boriy” asarida shunday degan: “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridandir”. 

Iyd — Alloh taologa qilingan toat-ibodatlar tufayli, U zotning bandalariga ko‘rsatgan rahmatu mag‘firati tufayli xursandchilik izhor qilish uchun bir munosabat. 

Iyd ro‘za kabi ulug‘ ibodatni ado qilgandan so‘ng bandalarga taqdim qilingan Rabboniy ziyofatdir. Alloh taolo O‘zining fazli, mag‘firati va bu ro‘za ibodatiga loyiq ko‘rganidan xursand bo‘lsinlar, deb bandalarini Iyd al-Fitr ziyofatiga taklif qiladi. 

Inshaalloh, ushbu fazilatli oyning yakunlanishi barchalarimiz uchun Allohning rahmati, gunohlarimizning mag‘firat qilinishi hamda jahannamdan qutulish bayrami bo‘ldi. 

Zero, har bir mo‘min-musulmon uchun Robbining ibodatini ado etish chinakam baxt-u saodatdir. Shuning uchun bu bayram imon halovati, ibodat va duo-istig‘for bayrami. Bu bayramda musulmonlar jome masjidlariga to‘planib, Iyd namozini jamoat bilan o‘qiydilar. So‘ng duolar qilib, o‘tganlarning ruhini shod etadi, el-yurtga, Vatanga, butun dunyoga osudalik tilab, iltijolar qiladilar. 

Yaratgan Parvardigor butun dunyo musulmonlariga Ramazon hayiti bayramini muborak aylasin, butun olamga tinchlik-xotirjamlik ato etsin, ibodatlarimizni dargohida qabul qilsin, ona-Vatanimizni obod qilsin, xalqimiz hayotini yanada farovon aylasin. 

Prezidentimizni, butun elimizni, dunyodagi mo‘min-musulmonlarni Iyd al-Fitr — Ramazon hayiti bayrami bilan yana bir bor qutlaymiz, tinchlik-barqarorlik, qut-baraka, baxt-saodat tilaymiz! 

Aziz yurtdoshlar, Ramazon hayitingiz muborak bo‘lsin!

Nuriddin domla Xoliqnazarov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 2-may, 87-son.

Izoh qoldirish