342

Shukronalik va mehr-muruvvat bayrami

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Allohning rahmat-mag‘firati yog‘iladigan, ajr-u mukofot beriladigan va xursandchilik ayyomi bo‘lgan Iydul fitr — Ramazon hayiti yaqinlashib kelmoqda.

Alloh taoloning amrini ado etib, taqvo ne’matini qo‘lga kiritgan, Rasul alayhissalomning sunnatiga ergashib, imon ila savob umidida ro‘za tutgan mo‘min-musulmonlarga jannatning Rayyon darvozasidan kirish baxti nasib etsin!

Shunday fayzli kunlarga yetkazgani uchun Haq taologa shukronalar aytamiz. Qodir Allohdan xalqimizga qut-baraka, baxt-u saodat va tinchlik-ofiyat berishini so‘rab, duolar qilamiz.

Ramazon oyida yurtimizga Alloh taoloning rahmati yog‘ildi. Mo‘min-musulmonlar subhidamda saharlik dasturxoni atrofida ibodatga kirishdi. Fayzli oqshomlarda esa iftorlik qilib, qalb rohati — taroveh namozini ado etishdi. Alloh taolo farz qilgan zakotlar ado etildi, fitr sadaqasi hamda fidyalar berildi.

Qutlug‘ oyda 2 mingdan ziyod masjidda taroveh namozi o‘qildi, 1,5 mingdan ortiq jomeda Qur’oni karim xatm qilindi. Muxlis xalqimiz Haq taolo Kalomiga some’ bo‘ldi.

Bunday saodat Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar mevasidir, desak, ayni haqiqat.

Yangidan ochilayotgan masjid-madrasalar, qayta chiroy ochayotgan qadamjolar qalbimizni yashnatib, umrimizni nurga to‘ldirmoqda. Mamlakatimizda azaliy qadriyatlarimiz sanalgan, muqaddas dinimizning asosiy mezoni bo‘lgan o‘zgalarga yaxshilik qilish, yiqilganni suyash, kechirimlilik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat ko‘rsatish, ehtiyojmand insonlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ezgu ishlar keng quloch yozayotgani barchamizga mamnuniyat bag‘ishlamoqda.

 Bu boradagi ishlar muborak Hayit kunlarida yangicha mazmun bilan boyiydi. Mahallalar, xonadonlar toza-ozoda holga keltiriladi. Qarindosh-urug‘lar, yetimlar, bevalar, keksa va imkoniyati cheklangan insonlar, bemorlar  holidan xabar olinadi. Ularning ko‘nglini ko‘tarish, og‘rini yengil qilishga ko‘maklashiladi. O‘zaro sovg‘a-salomlar ulashiladi.

Prezidentimiz kecha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari oldiga bayramni ana shunday ruhda, yuqori saviyada o‘tkazish vazifasini qo‘ydi.

Zotan, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bugungi muborak kunlarda xalqimizga xos olijanoblik va mehr-muruvvat ramzi sifatida nuroniylarimiz, yolg‘iz va ehtiyojmand bo‘lgan opa-singillarimiz, aka-uka va farzandlarimizga e’tibor ko‘rsatish, holidan xabar olib, dardiga malham bo‘lish, Yaratganga ham, xalqimizga ham, albatta, xush keladi.

Yurtboshimiz tashabbusi bilan bu qutlug‘ ayyomda dam olish kunlarining ko‘paytirib berilgani bayramni o‘zgacha shukuh bilan munosib tarzda o‘tkazishimizga, savob ishlarni ko‘proq qilishimizga imkon yaratadi.

Joriy Ramazon oyi xalqimiz uchun esda qolarli voqealarga boy bo‘ldi.  Prezidentimiz O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilish maydoniga tashrif buyurib, ma’naviy qudratimiz timsoli bo‘lgan ushbu muazzam majmua faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qimmatli maslahatlar berdi. Bu yerda yurtimiz ulamolarining islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan buyuk hissasi yaqqol ifoda etiladi. Imom-xatiblarimiz ushbu betakror maskanda malaka oshiradi.

Alloh taolo qutlug‘ oyda xalqimiz hayotida muhim bo‘lgan xayrli ishlarni nasib etdi. Ushbu oy barakotidan yurtimizda yangi jome masjidlar ochildi, 13 ming fuqaro umra amalini ado etdi, shu kunga qadar esa bu raqam 40 ming nafarni tashkil qilmoqda.

Xorij davlatlari diniy idoralaridan kelgan takliflar asosida ulamo va qorilarimiz chet mamlakatlarda diniy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etib, taroveh namozlarini ado etib berdi. Yurtimizning bir guruh ulamolari AQSH va Rossiyaning turli hududlarida xatmi Qur’on va taroveh namozlarida qatnashib, e’tiroflarga sazovor bo‘ldi.

Keyingi yillarda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarida muqaddas dinimizning ilmiy jihatdan tadqiq etilishi “Jaholatga qarshi — ma’rifat” g‘oyasining hayotiy ro‘yobiga hissa qo‘shmoqda. Bunday xayrli ishlarning samarasi o‘laroq, zaminimizdan yana buxoriylar, termiziylar, nasafiylar va naqshbandiylar yetishib chiqajak, insha Alloh.

Shubhasiz, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan “Yaxshilikka dalolat qiluvchi uni qilgan kishi kabidir”, hadisi sharifiga muvofiq sanab o‘tilgan savobli ishlar sababchisi bo‘lgan insonlarga ham cheksiz ajr-u mukofotlar yoziladi hamda yurtimizga qut-baraka yog‘iladi.

Shunday ulug‘ ne’matlarning qadriga yetib, dinimiz rivojiga ko‘rsatilayotgan sharoitlarni Alloh taoloning ulug‘ marhamati deb qabul qilishimiz, buning shukronasini hamisha ado etishimiz lozim.

Ushbu ulug‘ kunlarda, hadisi shariflarda marhamat qilinganidek, har bir amal evaziga 70 tadan 700 tagacha savob beriladi. Insha Alloh.

Iydul Fitrni dunyo musulmonlari qatori yurtimiz ahli ham katta shodiyona va xursandchilik ila o‘tkazadi. Ushbu kun Yaratgan egamning rahmati Yer yuziga yog‘iladigan, qalblar zavqlanadigan, ro‘zadorlarga ajrlar beriladigan ajoyib fursat.

Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir qavmning o‘z bayrami bor, bu — Iyd kuni bizning bayramimizdir”, deb marhamat qilganlar.

Hofiz ibn Hajar rohimahulloh “Fathul Boriy” asarlarida shunday degan: “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridandir”.

Iyd — Alloh taologa qilingan toat-ibodatlar tufayli, U zotning bandalariga ko‘rsatgan rahmat-u mag‘firati tufayli xursandchilik izhor qilish uchun bir munosabatdir.

Alloh taolo o‘z Kalomida: “Allohning fazli va rahmati ila. Ana shu bilan xursand bo‘lsinlar. U ular jamlaydigan narsalardan yaxshidir”, deb ayt”, deb marhamat qilgan (Yunus surasi, 58-oyat).

Allohning fazlidan xursand bo‘lish ham U zotga qurbat sanaladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taologa farz amallaridan so‘ng eng mahbub amal mo‘minning qalbiga xursandchilik solishdir” (Imom Tabaroniy) degan.

Zero, har bir mo‘min-musulmon uchun Robbining ibodatini ado etish chinakam baxt-u saodatdir. Shuning uchun bu bayram imon halovati, ibodat va duo-istig‘for bayrami. Bu bayramda musulmonlar jome masjidlarga to‘planib, Iyd namozini jamoat bilan o‘qiydi. So‘ng duolar qilib, o‘tganlarning ruhini shod etadi, el-yurtga, Vatanga, butun dunyoga osudalik tilab, iltijolar qiladi.

Yaratgan Parvardigor butun dunyo musulmonlariga Ramazon hayiti bayramini muborak aylasin, butun olamga tinchlik-xotirjamlik ato etsin, ibodatlarimizni dargohida qabul etsin, ona Vatanimizni obod, xalqimiz hayotini yanada farovon qilsin!

Nuriddin Xoliqnazarov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy.

Izoh qoldirish