296

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning Ramazon hayiti munosabati bilan yo‘llagan BAYRAM TABRIGI

Assalomu alaykum, hurmatli jamoadoshlar! 

Muhtaram professor-o‘qituvchilar!

Qadrli talaba-yoshlar! 

Mo‘min-musulmonlar oylarning sayyidi va eng fazilatlisi bo‘lgan Ramazon hayitini nihoyatda ko‘tarinki ruhda, qalblarda shukronalik bilan kutib olmoqda. Mehr-muruvvat, hamjihatlik, birodarlik kabi ezgu qadriyatlarni ulug‘lovchi mazkur ayyomning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. Bu qutlug‘ kunda barchamiz, avvalo, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, fayz-u baraka, oilalarimizdagi farovonlik uchun Alloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz. 

Shu fursatdan foydalanib, barcha jamoadoshlarimizni, tolib ilmlarni shukronalik, saxovat va mehr-oqibat ayyomi – muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Azizlar! 

Ramazon oyi fazilatlarga boy. U hidoyat oyi bo‘lib, aynan shu oyda Qur’oni karim nozil bo‘lgan. Bu haqida Alloh taolo “Baqara” surasi 185-oyatida shunday marhamat qiladi: “(U sanoqli kunlar) Ramazon oyidirki, bu oyda odamlar uchun hidoyat va furqon (haq bilan botilni ajratguvchi)ning ochiq bayonotlari bo‘lib, Qur’on nozil qilingan”. Imom Tabaroniy Ibn Abbos (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilingan hadisda esa Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): “Oylarning eng afzali Ramazon oyidir”, deganlari bejiz emas.

Butun dunyo ahli mo‘min va mo‘minalari ushbu tabarruk oyni solih amallar va Alloh roziligi yo‘lidagi ibodatlar bilan o‘tkazishdi. Yaqinlar holidan xabardor bo‘lish, nuroniylarimizni ziyorat qilish, tabarruk duolarini olish, muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish qalblarga xalovat, ezgulik bag‘ishlaydi. Moʻtabar kunlarda barcha araz-ginalar, xafagarchiliklar unutilib, kechirimli bo‘lish musulmon kishiga xos bo‘lgan go‘zal fazilatlardan biridir. Umuman, Ro‘za ibodati bilan nafs tarbiyalanadi, mehr-oqibat yuksaladi.

Qadrli hamkasblar!

Prezidentimiz tomonidan muborak Ramazon hayitining mehr-oqibat, saxovat va o‘zaro hamjihatlik kabi ezgu fazilatlari e’tiborga olingan holda, milliy-diniy qadriyatlarimizni ulug‘lash maqsadida “Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.

Davlatimiz rahbarining Ramazon hayiti munosabati bilan yo‘llagan tabrigida “Mehnatkash va oqko‘ngil xalqimizning moʻtabar mohi Ramazonda qilgan barcha ezgu niyat va duolari ijobat bo‘lsin!”, deya tilak bildirilgan. Zero, bugungi shiddatli davrdagi ayrim ixtiloflar, milliy, diniy, etnik nizolar, taraqqiyotga nisbatan tahdidlar xalqimizni doimo hushyor va ogoh bo‘lib, o‘sib kelayotgan yosh avlodning zamonaviy ilm-fan hamda kasb-hunarlarni egallashiga, ma’rifatli, mehr-oqibatli, barkamol bo‘lib voyaga yetishiga ustuvor ahamiyat qaratishimizni talab qilmoqda.

Binobarin, muqaddas islom dini tinchlik-totuvlik, ilm-ma’rifat, do‘stlik dini hisoblanadi. Bugungi osuda hayotimizning qadriga yetish, jamiyatimizdagi  bag‘rikenglik, yurtdoshlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash barchamizning asosiy burchimizdir.

Mamlakatimiz osoyishtaligi va taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lidagi barcha xayrli ishlarimizga Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin! 

Muborak Ramazon hayiti bilan Siz-azizlarni yana bir bor samimiy muborakbod etib, barchangizga sihat-salomatlik, oilangizga tinchlik-xotirjamlik tilayman!

          

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish