349

Yurtga baraka bo‘lib kelgan oy

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Bizlarga Ramazon oyini, ro‘za tutishlikni farz qilib bergan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Bu amalni ummatga mukammal o‘rgatgan Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollollohu alayhi va sallamga salovot-u durudlarimiz bo‘lsin.

Allohga behad shukronalar bo‘lsinki, yurtimiz mo‘min-musulmonlari bu yilgi muborak Ramazon oyini tinch va osuda, ko‘tarinki ruhda, kunduzlarini ro‘zador holda, kechalarini toat va ibodatda o‘tkazib, masjidlarda taroveh namozlarida qorilarimiz tomonidan o‘qilgan hatmi Qur’onlarda ishtirok etib, iymon va ixloslarini yanada ziyoda qildilar. Albatta, bu Allohning bizga bergan eng katta ne’mati va yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikning sharofatidir.

Shukrki, so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangidan ochilayotgan masjid-madrasalar, qayta chiroy ochayotgan qadamjolar mo‘min-musulmonlarni cheksiz mamnun etmoqda. Shu bilan birga, har yili Ramazon oyi hamda ikkala hayit – Ramazon va Qurbon bayramlari arafasida davlatimiz rahbarining qarori qabul qilinishi dinimizga, ma’naviy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan e’tiborning amaldagi in’ikosidir. Ayniqsa, bu ayyom kunlari dam olish kunlarining ko‘paytirib berilayotgani mo‘min-musulmonlarni yana ham xursand qilib, ayyomni munosib tarzda o‘tkazishga xizmat qilmoqda.

Joriy yil ham Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Unda Ramazon oyini xalqimizga xos mehr-oqibat va shukronalik tuyg‘ularini yuksaltirish, ehtiyojmand kishilarni qo‘llab-quvvatlashga alohida urg‘u berilgani barcha mo‘min-musulmonlarni mamnun etdi. Qaror doirasida Respublikamizning barcha jome masjidi va idora bo‘limlarida Ramazon oyini munosib o‘tkazishga harakat qilindi. Xususan, mo‘min-musulmonlarning erkin ibodat qilishi uchun masjidlarda qulay shart-sharoitlar yaratilib, xatmi Qur’onlarga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Shu bilan birga, iftorlik o‘tkazishda isrofga yo‘l qo‘ymaslik va muborak oy fazilatlari haqida imom-xatiblar tomonidan muntazam ravishda targ‘ibot ishlari olib borildi.

Qur’oni karim xatmonalarini yuqori saviyada tashkil etish uchun yurtimiz qorilari bosqichma-bosqich saralandi. Shuningdek, ilk bora Toshkent shahri masjidlarida taroveh namozlarida o‘qiladigan xatmi Qur’onning kunlik jadval taqsimoti ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, xatmi Qur’onlar ro‘zaning birinchi kunidan boshlab, 27 sanasi – Qadr kechasida yakunlanishi belgilandi. Ushbu tartibning joriy qilishdan maqsad Qur’oni karim tilovatidan ko‘proq bahramand bo‘lish va bir vaqtning o‘zida poytaxtdagi masjidlarda muborak kechada jamlangan Qur’on shaydolarining duolari barokatiga sazovar bo‘lishdir.

Bunday sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq Ramazon oyi yurtimizda o‘zgacha fayzli va shukuhli kechib, kechalari yurtimiz nurga to‘ldi, desak yanglishmaymiz. Chunki har kecha mamlakatimizdagi bir yarim mingdan ziyod masjidlarimizda 2400 nafardan ziyod qorilarimiz taroveh namozlarida Qur’oni karimni xatm qildilar.

Ularga some bo‘luvchi, Ilohiy kalomga muhabbatli tinglovchilar ham har yilgidan ko‘payib, masjidlarimiz namozxonlar bilan to‘ldi. Qolaversa, 50 dan ziyod masjiddagi eng mohir qorilar tomonidan o‘qilayotgan xatmi Qur’onlar ijtimoiy tarmoqlarda jonli-onlayn tarzda uzatilmoqda. Bu esa jahon afkor ommasining yurtimizda bo‘layotgan Qur’oni karim xatmonalaridan bahramand bo‘lishiga hamda xorijda yurgan yurtdoshlarimizning Qur’onga, Vatanlariga muhabbatlari yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

Shu o‘rinda bir holatni eslab o‘tish joiz. Avvallari yurtimizda sanoqli masjidlarda Qur’oni karim xatm qilinar, qorilar Misr, Turkiya, Saudiya Arabistoni kabi davlatlardan taklif etilar edi. Shukrki, bugun bizning olim-u qorilarimiz dunyoga chiqishmoqda.

Bir necha yildan buyon xorij davlatlari diniy idoralaridan kelgan takliflar asosida ulamo va qorilarimiz chet mamlakatlardagi diniy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etib, tarovih namozlarini ado etib bermoqdalar. Joriy yil ham yurtimizning bir guruh yetuk ulamolari AQSH va Rossiya Federatsiyasining turli joylarida Ramazon oyi yakuniga qadar xatmi Qur’on va tarovih namozlarda qatnashib, ma’rifiy suhbat qilib berish barobarida turli tadbirlarda ham ishtirok etib, e’tiroflarga sazovor bo‘lishdi. Bu ham o‘z navbatida yurtimizda ilm-u ma’rifatga berilayotgan e’tiborning samarasi desak, mubolag‘a bo‘lmas.

Zero, joriy yilning 8-aprel kuni – muborak Pamazon kunlarida davlatimiz rahbarining poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiya markazi majmuasiga tashrif buyurib, ilm-u ma’rifat markazini ko‘rkam va sifatli qurish bilan birga, uning mazmuniga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlaganlari ham mamlakatimizda ilmga berilayotgan yuksak e’tibor namunasidir. Shuningdek, Prezidentimiz Islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning ma’naviy qudrati qay darajada ekanini ko‘rsatishi kerakligini ham qayd etib, bu markazdan kelgusida ulug‘ allomalarimiz kabi yetuk ulamo-yu olimlar yetishib chiqib, islom ma’rifatini keng yoyishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Albatta, yurtimizda bo‘layotgan bunday o‘zgarishlar dunyo miqyosida ham e’tirof etilmoqda. Xususan, joriy yilning 14–17-aprel – Ramazon kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi delegatsiyasi Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlarining I yig‘ilishida ishtirok etib, salmoqli takliflarni ilgari surdilar. Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi Ali Erbosh amaliy va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan mana shunday takliflar uchun minnatdorlik bildirib, ularni kelgusida amalga oshirishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, mazkur safar chog‘ida xalqaro anjuman tashkilotchilari yurtimiz delegatsiyasiga, O‘zbekiston maqomiga mos va xos tarzda ehtirom ko‘rsatdi.

Gapning indallosi, Ramazon oyi bizga chin ma’noda barakali keldi, deyishimiz mumkin. Chunki bu oyda to‘xtovsiz xatmi Qur’onlar, go‘zal ma’rifiy suhtablar, xalqaro doiradagi e’tiroflar bardavom bo‘ldi. Shuningdek, xalqimiz bu oyni taqvo-yu ibodat, o‘zaro mehr-muruvvat, xayr-u saxovat ulashish bilan o‘tkazib, doim yaxshiliklar payidan bo‘ldilar. Inshaalloh, Alloh taolo bu amallar savobini, hadisi shariflarda marhamat qilinganidek, har bir qilingan amalning evaziga 70 tadan 700 tagacha savobini beradi.

Yana bir gap. O‘tgan Ramazon oyi behad shukronalar aytish oyi bo‘ldi. Chunki ayni kunda dunyoning ayrim joylarida urushlar, to‘s-to‘polon, tabiiy ofatlar bir dam to‘xtagani yo‘q. Shukrki, Vatanimiz tinch, dasturxonlarimiz to‘kin-sochin, xalqimiz hayoti kundan-kunga farovon bo‘lib bormoqda. Inshaalloh, bunday farovonlik yanada to‘kis bo‘ladi. Chunki Ramazon oyida yurtdoshlarimiz ko‘ngillar erigan, qalblar yumshagan damlarda Yaratgandan yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab, duo-yu iltijolar qildilar.

Nuriddin Xoliqnazarov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

Manba: “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi 2022-yil 29-aprel, 15-son.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish