380

Samaradorlikka yo‘l ochgan hujjat

Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda strategiyani “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga doir davlat dasturining joriy yil I choragidagi ijrosi yuzasidan bajarilgan ishlar sarhisob qilindi.

Dasturning “Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish” deb nomlangan beshinchi yo‘nalishida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga bir qator vazifalar yuklatilgan.

Tadbir ishtirokchilari dastlab Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudovning ayni paytda amalga oshirib kelinayotgan  ishlar haqidagi ma’lumotini tingladi.

— Bugun yurtimizda ahillik, ezgulik, birdamlik va ma’naviy poklik fazilatlari ulug‘lanadigan qutlug‘ ramazon oyi va musulmonlarning moʻtabar bayrami Iyd al Fitr shukuhi kezmoqda, — dedi D.Maxsudov. — Ramazon oyining o‘tgan davri mobaynida diniy-ma’rifiy soha xodimlari tomonidan kam ta’minlangan 23 mingdan ortiq oila, 8,5 ming nafar yetim bola holidan xabar olindi. Ushbu maqsadlarga “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan jami 1 milliard 896 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi. Shuningdek, moddiy yordamga muhtoj fuqarolarga homiylarni jalb etgan holda 725 million so‘mdan ziyod moddiy yordam ko‘rsatildi.

Bugungi kunda yurtimizning turli hududlarida jami 2331 ta diniy tashkilot davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. 2017-yildan 2 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti, 72 ta masjid hamda turli konfessiyaga taalluqli 17 ta noislomiy diniy tashkilot faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Diniy konfessiyalarning barchasi o‘z ibodatlarini emin-erkin ado etadilar, diniy marosimlarini bajaradilar.

Dunyoda kuzatilgan COVID-19 pandemiyasi tufayli to‘xtab qolgan Umra ziyorati yanvar oyida qayta tiklanib, bugungi kunga qadar 33 mingdan ziyod yurtdoshimiz Saudiya Arabistoni Podshohligida ziyoratda bo‘lib qaytdi. Hozirga kelib, Umra uchun kvotalar olib tashlandi, bu yilgi Haj amallarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari ham belgilangan vazifalardan kelib chiqib samarali faoliyat yuritmoqda. Bugungi kunda markazlar tomonidan buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosiga oid 100 dan ziyod asar tarjima qilinib, nashr etildi. Bundan tashqari, diniy ta’lim muassasalari huzurida tashkil etilgan Qur’oni karim va tajvid kurslari faoliyati muntazamlik kasb etgan.

Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyati haqida ham mutasaddilarning hisoboti tinglandi.

— O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dunyodagi yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot markazlari orasida o‘z nufuziga ega, — dedi akademiyaning birinchi prorektori Shavkat Mavlonov. — So‘nggi yillarda faoliyatimizda ko‘plab yangiliklar tatbiq etilmoqda. Nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari kengaydi. Akademiya professor-o‘qituvchilari, yosh ilmiy tadqiqotchilarning xalqaro konferensiya, ilmiy seminarlar hamda xalqaro grantlardagi ishtiroki faollashdi.

2021-yilda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan oliy ta’lim muassasalari Milliy reytingi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi oliy ta’lim muassasalari ilmiy salohiyat reytingida 4-o‘rinni, ijtimoiy-gumanitar soha bo‘yicha OTMlar reytingida 5-o‘rinni, oliy ta’lim muassasalarining umumiy reytingida 7-o‘rinni egalladi. Ta’lim muassasasi xalqaro Times Nigher Education (THE) agentligining 2021-yilgi “Impact Rankings” reytingida dunyodagi yetakchi 1000 ta oliy ta’lim muassasasi ro‘yxatidan o‘rin oldi.

Bugungi kunda akademiyada tahsil olayotgan 1670 talabaning 39 nafari Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Afg‘oniston fuqarolaridir. Ta’lim muassasasi Yevropa, Afrika va Osiyodagi 14 mamlakatning 37 ta nufuzli oliy ta’lim, ilmiy-tadqiqot muassasasi va xalqaro tashkiloti bilan hamkorlik aloqalarini izchil amalga oshiryapti.

Xususan, o‘tgan qisqa vaqtda Misrning Al-Azhar universiteti, Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari ilmiy-tadqiqot instituti, Bolgar islom akademiyasi, Buyuk Britaniyaning Kembrij Markaziy Osiyo forumi, Saudiya Arabistonidagi Islom tadqiqot va ta’lim instituti (IRTI), Yaponiyaning Aichi san’at universiteti va boshqa qator oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan mustahkam ilmiy-pedagogik hamkorlik o‘rnatildi.

Matbuot anjumanida, shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada kelgusidagi rejalar haqida so‘z yuritildi.

Nodir Mahmudov,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 30-aprel, 86-son.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish