450

Iqtisod fanlari doktori, professor Nurislom Tuxliyev

Nurislom Tuxliyev 1947-yil 6-mayda Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 1965-yili o‘rta maktabni tamomlab Samarqand Davlat universitetining Tarix fakultetiga talabalikka qabul qilingan. 1969-yili Samarqand Davlat pedagogika instituti “siyosiy iqtisod” (hozirgi “Iqtisodiyot nazariyasi”) fani o‘qituvchisi sifatida mehnat faoliyatini boshlagan. 1970-1973-yillarda Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) Davlat universitetining Iqtisod fakulteti “Siyosiy iqtisod” kafedrasining kunduzgi ta’lim aspiranturasida tahsil olgan. 1973-yilda aspiranturani “siyosiy iqtisod” ixtisosligi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilish bilan tugallab, Samarqand Davlat pedagogika institutida o‘qituvchilikni davom ettirgan.

1974-yildan Samarqand viloyat partiya komiteti propaganda va agitatsiya bo‘limi lektori, lektorlar guruhi rahbari, bo‘lim mudiri o‘rinbosari vazifalarida ishlagan. 1979-yil O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti propaganda va agitasiya bo‘limi instruktori lavozimiga ishga o‘tkazilgan. 1984-1989-yillarda O‘zkompartiya Markaziy Komiteti fan va o‘quv yurtlari bo‘limi mudiri o‘rinbosari va mudiri lavozimlarida ishlagan. 1986-yilda O‘zbekiston Oliy Soveti deputati, O‘zkompartiya Markaziy Komiteti a’zoligiga nomzod etib saylangan.

1989-yili “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti direktori-bosh muharriri lavozimiga tayinlangan. U nashriyotga rahbarlik qilgan 25-yil davomida ko‘p jildli universal “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”, “Toshkent”, “Bolalar”, “Xotin-qizlar” ensiklopediyalari, 4 jildli Imom Buxoriyning “Al-Jomi’ as-sahih” hadislar to‘plami (o‘zbek tiliga o‘girilib), 5 jildli o‘zbek tilining izohli lug‘ati, ikki jildli ruscha-o‘zbekcha lug‘at kabi o‘nlab fundamental nashrlar amalga oshirilgan.

1983-yili doktorlik dissertatsiyasini “siyosiy-iqtisod” ixtisosligi bo‘yicha himoya qilgan. 1993-yilda “Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti” ixtisosligi bo‘yicha professor unvoni, 1997-yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni berilgan. U “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi” (2001). 3 nafar fan doktori va 20 ta fan nomzodiga ilmiy rahbarlik qilgan. 40 dan ortiq monografiya, o‘quv qo‘llanmasi, darslik va boshqa kitoblar muallifi. Ular orasida “Osiyo va bozor” (1992), “Bozorga o‘tishning mashaqqatli yo‘li” (1999), “O‘zbekiston Respublikasi” (o‘zbek, rus, ingliz tillarida), “O‘zbekiston iqtisodiyoti” (2018), “O‘zbek modeli: taraqqiyot tamoyillari” (2014), “Osiyo taraqqiyot modeli” (2015), “O‘zbekiston iqtisodiyoti anatomiyasi” (2019), “Moya strana” (2012), “Mintaqaviy iqtisodiy integratsiya: rivojlanish qonuniyatlari, xususiyatlari” (2020), “Jahon iqtisodiyoti rivojlanishida yangi trendlar” (2021) kabi kitoblar, iqtisodiyot va turizm bo‘yicha 13 ta darslik va o‘quv qo‘llanmalari bor. 200 dan ortiq ilmiy, ilmiy-publisistik maqolalari turli respublika gazeta va jurnallarida chop etilgan.

Ayni vaqtda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi professori, “Islom ensiklopediyasi” bo‘limi mudiri, o‘rindoshlik asosida Toshkent Davlat Sharqshunoslik universiteti kafedra mudiri (1989-2009), professori lavozimlarida ishlab keladi.

QISQACHA BIO-BIBLIOGRAFIYA BILAN TANISHIB CHIQISH UCHUN HAVOLA 👇

https://drive.google.com/file/d/1_Z6d6R5VtyfIY6CjiQcA_ZJuNcOeK76J/view?usp=sharing

Izoh qoldirish