400

Allomaning onasi

Islom dinida farzand tarbiyasi ibodat darajasidagi amallar qatoriga kiradi. Shu sababli donishmand ota-bobolarimiz, oqila onalarimiz farzand tarbiyasiga alohida eʼtibor bergan. Tarixga nazar tashlasak, bunga juda koʻp misollarni koʻramiz. Jumladan, muhaddislar sultoni Imom Buxoriyning buyuk olim boʻlib yetishishida ota-onasining ulkan xizmatlari, uzoq yillik mashaqqatlari mujassamdir.

Imom Buxoriyning otasi Ismoil ibn Ibrohim oʻz davrining yetuk muhaddislaridan boʻlib, Imom Molikning shogirdi edi. Manbalarda uning Hammod ibn Zayd, Imom Molik ibn Anas va Abu Muoviya kabi yirik muhaddislardan hadislar rivoyat qilgani, Abdulloh ibn Muborakdan tarbiya olgani haqidagi maʼlumotlar qayd etilgan. Ismoil ibn Ibrohim ilm olish va uni tarqatish qatorida, tijorat ishlari bilan ham shugʻullangan.

Manbalarda zikr qilinishicha, Ismoil Buxoriy oʻta taqvodor, xudojoʻy, odil inson boʻlgan. Tarixchi Ahiyd ibn Hafs: “Abu Muhammad bandalikni bajo keltirayotgan mahal uni ziyorat qilishga borganimda, menga: “Bor mol-u dunyoimdan harom, shubhali, nopok yoʻl bilan topilgan bir dirhamni ham bilmayman”, deb iltijo qilganida, nafasim boʻgʻilib, bor vujudim uning ulugʻvorligi oldida arzimas bir narsadek tuyuldi”, deb yozgan. Buyuk shoir Abdurahmon Jomiy “Batho (Makka atrofidagi tepaliklar nomi) va Yasribda (Madinada) yasalgan tanganing sayqali Buxoroda kamoliga yetdi”, degan soʻzlari orqali taqvo va ilm bilan ziynatlangan nasab ortidan Buxoroi sharifda buyuk muhaddis Imom Buxoriy yetishib chiqqaniga ishora qiladi.

Buyuk muhaddisning onasi ham taqvodor, diyonatli va oqila ayol boʻlgan. Uning asl ismi manbalarda uchramaydi. Taqvodorligi va koʻp ibodat qilishi, ilmli va oqilaligi bilan tanilgani sababli el orasida asl ismi unutilib, karomat sohibasi sifatida “Duosi mustajob ayol” nomi bilan mashhur boʻlgan. Imom Buxoriyning ulugʻ alloma boʻlib yetishishida otasining taqvosi-yu onasining ixlos ila qilgan duo-ibodatlarining juda katta oʻrni bor.

Tugʻilganida ota-onasi goʻdakning ismini Muhammad deb qoʻyadi. Oradan bir necha yil oʻtib, yosh Muhammadning otasi Ismoil vafot etadi. Imom Buxoriy toʻrt yoshlar atrofida koʻzi jarohatlanib, koʻrish qobiliyatini yoʻqotadi va tabiblar harchand urinmasin, uni davolay olmaydi. Turmush oʻrtogʻidan ayrilgan, ham farzandiga yetgan bunday musibatdan yosh Muhammadning onasi oʻzini yoʻqotib qoʻymadi. Aksincha, kunduzlari oʻgʻlining taʼlim-tarbiyasi bilan shugʻullanib, uni ilm olishga ragʻbatlantirar, tunlarini ibodat bilan bedor oʻtkazib, Yaratgandan oʻgʻlining koʻz nurini qaytarishni tinmay iltijo qilib soʻrar edi.

Darhaqiqat, ota-bobolarimiz “Ota-ona farzand uchun eng birinchi va oliy madrasadir”, deb toʻgʻri aytgan. Oqila ayolning tarbiyasi bilan, koʻzi ojiz boʻlishiga qaramasdan, yosh Muhammadning ilmga, ayniqsa, hadislarni yod olishga ragʻbati kundan-kun oshib bordi. Kunlardan bir kuni onasi tushida Ibrohim alayhissalomni koʻradi. U zoti sharif bu mushfiqa onaga qarab: “Ey, volida! Sening behisob duolaring sharofatidan Alloh taolo oʻgʻlingga mukammal koʻrish qobiliyatini qaytardi”, deya xushxabar aytadi. Shu chogʻ uyqudan uygʻonib, oʻgʻlining qaroqlarida nur jilvalanib, koʻzlariga olam qaytadan nurafshon boʻlib turganini koʻradi. Oqila ona Alloh taologa shukrona ibodatini qilib, farzandlari haqiga uzundan-uzun duolar aytib, tong ottiradi.

Taʼlim-tarbiyani ibodat darajasidagi amal deb bilgan bir onaning beqiyos xizmati sabab bugun butun olam musulmonlari Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislaridan, eng sahih rivoyatlardan bahramand boʻlib kelmoqda. Allomaning 20 dan ziyod bebaho asari asrlar osha oʻz ahamiyatini yoʻqotmay kelmoqda. Muhaddisning “Al-Jomiʼ as-sahih” hadislar toʻplami butun dunyo musulmonlari tomonidan hadis ilmi sohasida eng muhim manba sifatida eʼtirof etilgan.

Nodir QOBILOV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Manba: “Zarafshon” gazetasi 2022-yil 12-aprel, 42-son

Izoh qoldirish