“Yashil makon” umummilliy loyihasi aholi hayoti sifatini oshirish omili
YASHIL MAKON
Yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning eng muhim vazifalaridan biri inson hayot sifati va farovonligini oshirishdan iborat bo‘lib, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va kambag‘allikni qisqartirish, aholini yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai, munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish belgilab qo‘yildi.
Aholi hayot sifati – umumlashtiruvchi ijtimoiy-iqtisodiy kategoriya boʻlib, nafaqat moddiy ne’matlar va xizmatlarni iste’mol qilish darajasini (turmush darajasini), balki ma’naviy ehtiyojlarni qondirish, salomatlik, umr koʻrish davomiyligi, atrof-muhit ekologik sharoitlarni, axloqiy-psixologik iqlim, ma’naviyatni oʻz ichiga oladi. Oʻzbekistonda aholi hayoti sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar jumlasida mamlakatimizda ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni ta’kidlab oʻtish kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-oktabrdagi “2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi”, 2021-yil 30-dekabrdagi “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari” toʻgʻrisidagi farmonida tatbiq etilishi belgilangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi dasturlarida atrof muhit obyektlarini (havo, suv, yer, tuproq, yer qa’ri, bioxilma-xillik, qoʻriqlanadigan tabiiy hududlar) inson ta’siri hamda boshqa salbiy ta’sir qiluvchi omillardan saqlash va sifatini ta’minlash hamda sanoat ishlab chiqarishi, urbanizatsiya koʻlami keskin kengayishi va aholi punktlariga tushayotgan ekologik yukni kamaytirish mexanizmlarini takomillashtirish rejalari ishlab chiqilgan va amalga oshirilmoqda.
Shuni ta’kidlash lozimki, bu sohada xalqaro hamkorlik munosabatlarida ham davlatimiz faol qatnashadi. Oʻzbekiston Respublikasi 1993-yil 18-mayda Ozon qatlamini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasiga va Ozon qatlamini yemiruvchi moddalar boʻyicha Monreal protokoliga qoʻshildi, Oʻzbekiston 1993-yildan buyon BMTning Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi hadli konvensiyasining (Nyu-York, 1992-yil may) a’zosi hisoblanadi.
Xalqaro darajada aholi hayot sifatini yaxshilash borasida qabul qilingan eng muhim hujjat – Birlashgan millatlar tashkilotining (BMT) 2015-yilda qabul qilingan “Barqaror rivojlanish maqsadlari” boʻlib, ular butun dunyo aholisi duch kelayotgan asosiy muammolarni hal etishga qaratilgan 17 ta oʻzaro bogʻliq maqsaddan iborat. Oʻzbekistonda 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ishlanib, unda 16 ta milliy barqaror rivojlanish maqsadi, 125 ta vazifa belgilanib olindi. Milliy maqsadlardan iqlim oʻzgarishi va uning oqibatlariga qarshi kurash boʻyicha tezkor choralarni qabul qilish, quruqlik ekotizimlarini himoyalash va tiklash, ulardan oqilona foydalanishga koʻmaklashish, oʻrmonlardan oqilona foydalanish, choʻllanishga qarshi kurashish, yerlarning yemirilishini toʻxtatish va ortga qaytarish, bioxilma-xillikning yoʻqolib ketish jarayonini toʻxtatish vazifalari belgilandi.
Ekotizimlar va biologik xilma-xillik iqtisodiy rivojlanish va kambagʻallikni kamaytirish uchun muhim boʻlgan asosiy tovar va xizmatlar asosida yotadi. Shu nuqtai nazardan ekotizimlar va biologik xilma-xillikni barqaror boshqarish ilmiy, ekologik, ijtimoiy va rivojlanish masalalarida markaziy oʻrin tutadi.
Respublikada ekotizimlarni himoya qilish va tiklash, koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish va yashil maydonlarni kengaytirish borasida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirilishi muhim qadam boʻldi. Ushbu loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish reja qilingan. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalashtirilgan.
Hozirda barcha shahar va qishloqlarda daraxt ekish boʻyicha keng koʻlamda ish olib borilayotgani tahsinga sazovor. Shu bilan birga har yili kuz va bahor oylarida ekiladigan daraxtlar parvarishiga, ularning keyingi taqdiriga ham eʻtibor qaratilishi lozimligi belgilandi.
Loyiha doirasida mamlakatimiz shaharlarini aholiga qulay, ekologik toza va yashash uchun barcha imkoniyatlar mavjud boʻlgan hududga aylantirish, ularning koʻkalamzorlashtirish darajasini 30 foizga etkazish, shahar va tuman markazlarida har 50-100 ming aholi uchun “jamoat parklari”ni tashkil etish koʻzda tutilgan. 2021-yilning kuzida 85 million dona koʻchat oʻtqazildi. Koʻplab tashkilotlar, mahallalar, umuman, keng jamoatchilik bu savobli ishda jonbozlik koʻrsatdi. 2022-yil bahor mavsumida 125 million dona daraxt koʻchatlarini ekish moʻljallandi.
Shu oʻrinda soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda iqlimning oʻzgarishi, yillik oʻrtacha temperaturaning koʻtarilishi, mavsumiy qurgʻoqchilik kuchayishi tendensiyasi kuzatilmoqda. Bu esa Orol dengizining qurish jarayoni mintaqadagi iqlim sharoitiga salbiy ta’sir koʻrsatayotganidan dalolat beradi. Orol falokati yoz faslida qurgʻoqchilik va jazirama issiqni kuchaytirib hamda sovuq va qahraton qish faslini uzaytirib, iqlimning kontinentalligini chuqurlashtirdi. Bu salbiy ta’sirning oqibatlarini yumshatish uchun davlatimiz tomonidan qator tadbirlar ishlab chiqilib, ular qatoriga Orol dengizining qurigan tubida qoʻshimcha 500 ming gektar yashil maydonlarni barpo etish, 2026-yil yakuniga qadar ularning umumiy hajmini 2,5 million gektarga yoki hududning 78 foiziga yetkazish, Orolboʻyida xalqaro “Yashil iqlim” va Global ekologik jamgʻarmalarning bioxilma-xillik, iqlim oʻzgarishi va tuproq yemirilishining oldini olishga qaratilgan dasturlari asosida 300 million AQSh dollari qiymatidagi loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Davlatimiz rahbari taʻkidlaganidek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi – bu bir yillik tadbir emas”. Darhaqiqat, yashab turgan joyimizni ozoda saqlab, bizdan keyingi avlod ham munosib tabiiy muhitda yashashlari uchun bugun biz tabiatga mehr va eʻtibor bersak, kelajak avlod ham munosib ekologik sharoitda yashaydi. Buning uchun biz yer va suv resurslarini, ekologik tizimni asrash hamda daraxt koʻchatlarini ekib, bogʻ yaratishimiz zarurdir.
Gulnora GULYAMOVA,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi kafedrasi dotsenti v.b.
Manba: yuz.uz
Izoh qoldirish