“Yashil makon” umummilliy tadbirlarida Akademiya jamoasi faol qatnashmoqda
“Yashil makon” umummilliy harakati amalda!
Ona tabiatga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbat, uni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash, e’zozlash inson bolasining go‘daklik paytidanoq unga uqtirilishi kerak. Uning ong-u tafakkurida o‘zi yashayotgan, buyuk ajdodlaridan qolgan ozod va obod Vatanni munavvar aylash, ko‘rkiga ko‘rk, chiroyiga chiroy qo‘shish birinchi galdagi vazifa bo‘lib turishi lozim.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Yashil makon” loyihasining ahamiyati, uning tub zamirida ham mana shunday maqsad mujassam. Zero, mazkur loyiha doirasida 1-martdan boshlangan “Yashil yillik” umummilliy tadbirlari orqali butun mamlakatimiz bo‘ylab bahor mavsumida 125 million to‘p mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgani e’tiborlidir. Bu, eng avvalo, insonlar qalbida undirilgan ertangi yorug‘ kunga umid, ezgu niyat nihollari bo‘lmoqda, desak hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Zotan, xalqimizda qadim-qadimdan xonadonda farzand dunyoga kelsa, ezgu maqsad — yangi uy, yosh oila bunyod etish niyatida ko‘chat o‘tqazish an’anasi hanuz bardavom.
Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida e’lon qilingan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari Sergeli tumanida uyushqoqlik bilan davom ettirildi. Tumandagi 4,5 gektar qarovsiz maydon tartibga keltirilib, sug‘orish tizimlari tortildi hamda 3 ming 540 tup turli manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Prezidentimizning joriy yil 8-aprel kuni Olmazor tumaniga tashrifida “Yashil makon” loyihasining amaliy tatbiqini kuchaytirish yuzasidan bergan topshirig‘idan so‘ng, Sergeli tumaniga bosh prokuratura nazoratida 20 dan ortiq tashkilot, oliy ta’lim muassasalaridan hasharchilar jalb etildi.
Loyiha doirasida tuman hududiga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish ishlarini yanada jadallashtirish maqsadida Bosh prokuratura tomonidan Sergeli tumani uchun 100 ming tup daraxt ko‘chatlari beg‘araz ajratildi. Shu kungacha 18 ming 600 tup nihollar ekildi.
E’tiborlisi, Oliy ta’lim vazirligi tomonidan Sergeli tumani hududidagi obodonlashtirish ishlariga jalb etilgan hasharchilar orasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi xodimlari ham bor.
Ushbu xayrli ishda Akademiya jamoasi vakillari o‘zaro uyushqoqlik, yurtimiz go‘zal maskanlarini yanada obod etish uchun o‘z hissalarini qo‘shib kelishmoqda.
“Yaxshidan bog‘ qoladi”, deydi dono xalqimiz. Bugun ozod va obod yurtimiz yanada chiroy ochib borayotgan bir paytda undagi yangilanishlar, bunyodkorliklarni ko‘rib, beixtiyor har bir kishining ko‘zi quvnaydi, qalbi orom oladi. Zero, bugun umummilliy harakatga aylangan “Yashil makon” loyihasida yurtimizda istiqomat qilayotgan har bir kishi ushbu xayrli ishga o‘zining munosib hissasini qo‘shishga shoshmoqda.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish