Ekologik tarbiya psixologiyasi: muammolar, omillar, yechimlar
Inson dunyoga kelar ekan, maʼlum bir hayot sharoitida boʻladi va u bilan har doim oʻzaro taʼsirga kirishadi. Ammo mutlaqo aniq boʻlishi uchun aytish kerakki, individning individual mavjudligi embrionlik paytidan boshlanadi.
Shuning uchun insonni oʻrab turuvchi ilk yashash muhiti – ona vujudi deb xisoblash mumkin. U inson naslini toʻlaqonli rivojlanishiga imkon yaratib, nafaqat qon orqali ozuqa bilan taʼminlaydi, balki insoniyat individualligining betakror dasturini shakllantiruvchi ilk tashkiliy muhit sanaladi.
Maʼlumki, insonning oʻzini oʻrab turgan tabiiy muhitga munosabati dolzarb masalalardan va bu muammo jamoatchilikning diqqat markaziga koʻchgan. Mamlakatimizda bu muammoning yechimiga intilish uzoq tarixga ega. Zero, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-noyabrdagi “Mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida belgilangan vazifalar ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini olib borishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi” qarori belgilangan vazifalarni amalga oshirishga muayyan darajada xizmat qiladi.
Olimlar fikriga koʻra, inson xulq-atvori agar uni qurshab turgan muhit qulay va maqbul boʻlsagina tizim uchun maʼqul koʻrinishga ega boʻladi. Yaʼni atrof-muhit inson uchun “kongruent” boʻlishi kerak. Individ faoliyatini uni qurshab turgan muhitga nisbatan “nokongruent” boʻlsa, odamda frustratsiya – xavotirlanish holatlari vujudga kelishiga asos boʻlib, u oʻz navbatida, aksil-ijtimoiy harakatlarga olib kelishi mumkin. 1916-yilda R.Park psixologlar inson xulq-atvoriga muhitning taʼsirini oʻrganuvchi tadqiqotlar uchun sistemani hosil qiluvchi muhitga doir tushuncha va kategoriyalar sifatida - ekosistema tushunchasini qoʻllay boshlaganlarini alohida taʼkidlagan. Oʻtgan asrning 20-60-yillari oraligʻini insonga u yashayotgan, ishlayotgan va dam olayotgan joylarning tasirini oʻrganishga bogʻliq turli tadqiqotlarni oʻz ichiga olgan boshlangʻich bosqich sifatida tushunsa boʻladi. Mazkur yondashuv gʻarb sotsiologiyasining eng yirik boʻlimlaridan oʻrin olgan.
Tarbiya – ushbu jarayonga turli yondashuvchi ota-onalar yashaydigan chegaralangan maydondan, oiladan boshlanadi. Jismoniy va ijtimoiy muhit impulslarining taʼsirida shakllanayotgan bola asta-sekin nafaqat ota-onasidan balki, boshqa tarbiya institutlari va taʼlimdan, shu qatorda; bogʻcha, boshlangʻich va oʻrta maktabdagi impulslarni (maqtov, ragʻbat, taʼqiq, jazo) oʻziga singdirib boradi (bolalar oʻyin davomida vaqtni oʻtkazadigan tengqurlarini xam unutmaslik kerak).
Keyin esa ancha keng muhit taʼsirining navbati keladi: madaniy, etnik, ideologik va koʻp qismini egallovchi ommaviy axborot vositalaridan oqib keluvchi axborotning taʼsiri kuzatiladi. Madaniy va tarixiy muhit oʻziga xos tarzda geografik muhit bilan uygʻunlashib, peyzaj va atrof-muhitda oʻz izini qoldiradi.
Geografik sharoit ijtimoiy madaniy muhit sharoitiga juda katta taʼsir koʻrsatadi. Etnik madaniyat farqlari nafaqat ularning yashash tarzida, ozuqa tarkibida, eʼtiqod, urf-odat va anʼanalarida uylarining shakl-shamoyilida emas, ota-onalarining bolalariga munosabatlarida xam farq qiladi. Shaxsda atrofni tushunishga, qabul qilishga, atrof-muhitning oʻziga xosligi, xayotiy muhitning maʼlum tizimi orqali oʻrgatiladi.
Abu Rayhon Beruniy “Osori boqiya” (Abadiy qadriyatlar) asarida turli xalqlar: qadimgi yunonlar, eroniylar, sugʻdlar, xorazmliklar, xristianlar, yahudiylar, musulmonlarning psixologik xususiyatlari determinantlarini ochib bergan.
Turli xalqlarga xos xususiyatlarni oʻrganish maqsadida Beruniy oʻziga xos ilmiy metod yaratdi: buning uchun qadimgi xalqlar rivoyatlarini hamda oʻtmish avlodlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qayta ishlash, biografik uslubdan foydalanish kerak.
Beruniy fikriga koʻra, u yoki bu xalqlarning koʻplab jismoniy xususiyatlari va farqlari ular yashayotgan sharoitlar, geografik muhitdagi tafovutlar bilan bogʻliq: “...Axir gavda tuzilishi, rangi, tabiiy xossalari va sifatlari nafaqat kelib chiqish tafovutlariga bogʻliq, balki yer, suv, havo turfaligi bilan ham belgilanadi”.
Geografik omilning bashariyat turmushida tutgan oʻrni xususidagi oʻz mulohazalarini bayon etar ekan, Beruniy nafaqat uning jismoniy tuzilishni belgilashdagi oʻrni toʻgʻrisida, balki turli koʻrinishga ega ijtimoiy hodisalar determinatsiyasi haqida ham soʻz yuritgan.
Qadimgi davr mutafakkirlari asarlari boʻyicha umumiy xulosa qiladigan boʻlsak ekologiya insonni inson sifatida, uning nafaqat biologik, balki ijtimoiy xususiyatlari shakllanishiga ham taʼsir qilgan ekan, “odam-muhit” munosabatlarining buzilishi insonning psixologik qiyofasiga ham salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Aynan “odam-muhit” tizimidagi oʻzgarishlarning oqibatlari hozirgi zamon ekolog-olimlar tadqiqiy ishlarida oʻz aksini topgan.
Yuqoridagi fikrlardan koʻrinadiki atrof-muhit shaxs rivojlanishi va shakllanishidagi toʻldiruvchi aspekt boʻlib, atrof-muhit shaxsning tarbiyasida va genetik oʻsishida juda muhim omildir.
Mirmuhsin Akramov,
Oʻzbekiston xalqaro islom islom akademiyasi
“Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi dotsenti v.b.
Izoh qoldirish