318

Xotin-qizlar uchun oliy o‘quv yurtiga kirishda qanday imkoniyatlar mavjud? – Mutaxassis aniqlik kiritdi

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda kamida 5 yillik ish stajiga ega ayollar oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz qabul qilinishi, ta’lim olgandan keyin ular yana 5 yil tanlagan yo‘nalish bo‘yicha ishlashlari kerakligi, tavsiya asosida oliy o‘quv yurtlarining ta’lim yo‘nalishiga kirishi mumkinligi yuzasidan xabarlar tarqaldi.

Ushbu mavzuga O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Dilshoda Mirzajonova bilan suhbat davomida oydinlik kiritdik.

Prezidentimizning 2022-yil 7-martdagi tegishli farmonida 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan 500 nafar xotin-qizlarni har yili qo‘mita tavsiyanomalariga asosan davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga umumiy qabul parametrlaridan tashqari alohida test sinovlari natijalariga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish amaliyotini joriy etish belgilangan. Bu borada Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan qanday choralar amalga oshirilmoqda?

– Ushbu tarixiy hujjat bilan xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyat juda katta ijtimoiy ahamiyatga egadir. Farmonda belgilangan ushbu vazifa ijrosini ta’minlash maqsadida Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasida Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi, Davlat test markazi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar mas’ullaridan iborat tarkibda ishchi guruhi tuzildi.

Ishchi guruh tomonidan “Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni oliy ta’lim muassasalariga alohida test natijalariga ko‘ra to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibini tasdiqlash haqida”gi normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu hujjat bilan Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni oliy ta’lim muassasalariga alohida test natijalariga ko‘ra to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibi tasdiqlanishi ko‘zda tutilgan.

Loyihada Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tavsiyanomasini berishda qandaydir mezonlarga asoslanish nazarda tutilganmi?

– Mazkur loyihada tavsiyanoma olish uchun talabgorlar o‘rta-maxsus va professional ta’lim bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lishi, tavsiyanoma olgunga qadar oliy ta’lim olmaganligi yoki olmayotganligi, o‘rta-maxsus yoki professional ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi kabi mezonlarning barchasiga to‘g‘ri kelishi zarurligi nazarda tutilmoqda.

– Loyihada besh yil ish stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun ajratilgan to‘lov-kontrakt asosidagi 500 ta alohida kvotani taqsimoti ham ko‘zda tutilganmi?

– Ha. Loyihada Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi bilan kelishilgan holda har yili 5 iyunga qadar ushbu kvotani davlat oliy ta’lim muassasalari kesimida taqsimlash va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga kiritish belgilangan.

– Demak, tavsiyanoma olish uchun talabgorlar yuqoridagi mezonlarning barchasiga mos kelishi zarur ekan. Shu bilan birga, tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar oliy ta’lim muassasalariga alohida tanlovda test sinovi natijalariga ko‘ra to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinar ekan, to‘g‘rimi?!

– Ha, albatta. Tavsiyanoma talabgorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy ta’lim muassasasiga kirish imtiyozini bermaydi. Tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar oliy ta’lim muassasalariga alohida tanlovda test sinovi natijalariga ko‘ra to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Loyihada tavsiyanomani berish tartibi, o‘qishga qabul qilish bo‘yicha qabul parametrlarini belgilash, talabgorlarning test sinovini tashkil etish va natijalarini e’lon qilish kabi jarayonlarning bosqichlari aniq belgilab berilmoqda.

Xususan, tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyentlar kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun ajratilgan qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlari doirasida o‘qishga qabul qilish kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) natijalariga muvofiq qabul qilinishi belgilanmoqda. Bunda tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha belgilangan tartibga muvofiq amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Loyihada kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizi va undan kam bo‘lmagan ball to‘plagan tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda, kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun ajratilgan qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida talabalikka tavsiya etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, loyihada tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar to‘plagan ballari bilan abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tish davrida tanlagan ta’lim yo‘nalishlarida umumiy tartibda tanlov natijasiga ko‘ra, talabalikka tavsiya etilmagan xotin-qizlar alohida ajratilgan qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etishi belgilanmoqda.

–Loyihada manfaatdor vazirlik va idoralarning o‘rni nimalarda aks etmoqda?

– Albatta, ushbu jarayonda ko‘plab vazirlik va idoralar, yoki ularning hududiy bo‘linmalarining ishtiroki talab etiladi. Jumladan, loyihada tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlarida talabgorga tavsiyanoma berish masalasini ko‘rib chiqish uchun tashkil etilgan tuman (shahar) hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i, tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari, tuman (shahar) iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i, tuman (shahar) moliya bo‘limi boshlig‘i, tuman (shahar) soliq bo‘limi boshlig‘i, tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazi boshlig‘i, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i, tuman (shahar) maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i, Yoshlar ishlari agentligi tuman (shahar) bo‘limi rahbaridan iborat ishchi guruhi tuzilishi belgilanmoqda.

Tavsiyanoma olish uchun talabgor doimiy yashash yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan joyidagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlariga elektron shaklda har yili 1-maydan 1-iyunga qadar murojaat qilishi, tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlarida Ishchi guruhlar tomonidan belgilangan mezonni tasdiqlovchi ma’lumotlar va elektron shakldagi hujjatlar (ish stajini tasdiqlovchi ma’lumotlar, o‘rta maxsus ta’lim muassasasida o‘qiganlikni tasdiqlovchi arxiv ma’lumotnomasi) “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Yagona milliy mehnat tizimi orqali olinishi belgilanmoqda.

Shuningdek, loyihada Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga ikki oy muddatda mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lib oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar ro‘yxatini shakllantirish va doimiy yangilab borish vazifasi yuklatilmoqda.

Ishchi guruh talabgorlarning hujjatlarini ko‘rib chiqish yakuni bo‘yicha tavsiyanoma berishga tavsiya etilganligi to‘g‘risida yoki mezonlarga muvofiq bo‘lmagan talabgorlarga tavsiyanoma berish rad etilganligi to‘g‘risida qaror qabul qilishi nazarda tutilmoqda.

– Tavsiyanomaga ega bo‘lgan talabgorlar oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilish uchun qayerda ro‘yxatdan o‘tadi?

– Mazkur loyihada masalaning ushbu jihati ham e’tiborga olingan, ya’ni, tavsiyanomaga ega bo‘lgan talabgorlar oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilish uchun amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan muddatlarda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali ro‘yxatdan o‘tadi.

Bunda tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlarning imtiyozlari haqidagi ma’lumotlar Davlat test markazining maxsus dasturi orqali ro‘yxatdan o‘tish jarayonida talabgorlarning shaxsiy kabineti (imtiyozlar bo‘limi)da shakllanadi. Talabgorlarning shaxsiy kabinetida unga tegishli tavsiyanoma haqida ma’lumot mavjud bo‘lmasa qo‘mitaga murojaat qiladi.

Ushbu hujjat bugungi kunda belgilangan tartibga muvofiq, vazirlik va idoralar hamda jamoatchilik fikri va tavsiyalari asosida takomillashtirilmoqda.
 

O‘zA muxbiri

Nazokat Usmonova

suhbatlashdi

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish