394

Yangi O‘zbekiston: surat va siyrat uyg‘unligi

NIGOH

Iqtisod va madaniyat har qanday umummilliy yuksalishning qo‘sh qanotini tashkil etishiga ko‘hna tarixning o‘zi guvoh. Yurtimizda kuzatilgan Birinchi va Ikkinchi Renessanslar ham ushbu xulosaning isbotlaridir. Darhaqiqat, jamiyat hayoti moddiy-iqtisodiy va ma’naviy-madaniy mohiyatli omillarning biri ikkinchisini to‘ldiradigan uyg‘unlashuvidan iborat. Ularning har ikkisiga birdek e’tibor berilgan yurtlarda tom ma’nodagi yuksalishlar sodir bo‘lgan, bundan-da muhimi, bunday vaqtlarda inson manfaatlari, uning orzu-umidlari va qadr-u qimmati barcha sa’y-harakatlarning markaziga chiqqan. Tarix sinovidan o‘tgan ushbu haqiqat yurtimiz rivojlanishining bugungi bosqichida o‘zining navbatdagi ifodasini topayotgani xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda va xalqaro hamjamiyat tomonidan olqishlanmoqda.

Yurtboshimizning “...O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davri, ya’ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni o‘zimizga asosiy maqsad qilib belgiladik” degan so‘zlari Yangi O‘zbekistonning milliy g‘oyasiga aylandi. Oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan yurtimizning surati – tashqi qiyofasini misli ko‘rilmagan sur’atlar bilan o‘zgartirib borayotgan ulkan inshootlar, milliy iqtisodiyot infratuzilmasini zamonaviylashtirish va xalqaro raqobatga chidamli mexanizmga aylantirishga yo‘naltirilgan loyihalar o‘zining samarasini bermoqda. Toshkentda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishuv jarayonida yurtimiz rahbari tomonidan zikr etilgan – koronavirus pandemiyasi avj olgan murakkab bir paytda – ishga tushirilgan Qashqadaryodagi umumiy qiymati salkam 3,5 milliard AQSH dollariga teng sintetik yoqilg‘i ishlab chiqaradigan GTL zavodi ulardan biridir. 

Shu bilan barobar, umummilliy muhitning tub mag‘zini tashkil etadigan ma’naviy-­madaniy soha bilan bog‘liq o‘zgarishlarning ko‘lami va zalvori ham iqtisodiyotdan zarracha kam emasligini alohida ta’kidlash lozim. Toshkenti azimning diniy­-ma’naviy qalbi Hazrati Imom hududida bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi Yangi O‘zbekistonning siyrati – ma’naviy kamolotiga xizmat qiladigan ana shunday muassasalarning gultoji bo‘ladi deyishga arzirli loyihadir. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaz qurilishiga takror va takror tashriflari, jumladan, muborak juma kuni amalga oshirilgan navbatdagi ishchi ziyorati ham ana shundan dalolat beradi. 

Aytish joizki, Markaz nafaqat yurtimiz, balki undan­da kengroq ko‘lamlarda ilm-u irfon nurini tarqatish bilan shug‘ullanuvchi ziyo maskani bo‘lishi nazarda tutilgan. Navbatdagi tashrif chog‘ida Prezident tomonidan ushbu muassasaning nafaqat o‘tmishimizni o‘rganishdagi roli, balki uning yurtimizdagi yangi yuksalish davri – Uchinchi Renessans poydevoridagi tamal toshi sifatidagi o‘rni haqidagi qimmatli fikrlar bildirildi. Ulardan Islom sivilizatsiyasi markazi, eng avvalo, tom ma’nodagi o‘zligimizni anglash uchun xizmat qiladigan muassasa sifatida barpo etilayotgani, haqli ravishda faxrlananayotgan buyuk o‘tmishimizning barcha qirralarini o‘zida mujassam etgan, yurtimizning ko‘hna va ulug‘vor tarixi hamda xalqimizning boy va serqirra madaniyati hujjat­dalillarini o‘zida jamuljam etgan muazzam maskan bo‘lishi lozimligi haqidagi mantiqiy xulosa chiqadi. Xalqimizning ong-u shuuriga ko‘rsatayotgan ta’sir kuchidan tashqari, bunday hujjatlar yangi O‘zbekiston xalqaro maqomining yuksalishiga ham xizmat qilishi shubhasiz.

Islom sivilizatsiyasi markazi kabi, hech bir mubolag‘asiz, ellik-­yuz yilda bir marta amalga oshiriladigan loyihalardan ko‘zlangan ulkan maqsadlarni to‘laqonli amalga oshirishda ziyolilar alohida rol o‘ynashi mantiqiy. Bino etilayotgan Markaz haqida gapirganda, undan kutilayotgan natija – asrlar davomida diyorimizda erishilgan olamshumul yutuqlar mohiyatini asl manbalarga suyangan holda ochib berish, milliy g‘ururimiz sarchashmalari bo‘lgan alloma bobokalonlarimiz merosidan yanada kengroq bahramand bo‘lish, muqaddas dinimizning insonparvarlik, ezgulik va xalqchillikka yo‘g‘rilgan mohiyatini keng omma, ayniqsa, yoshlarga ilmiy asoslangan tarzda tushuntirib berish va ana shu asosda, yangi milliy yuksalish muhitini shakllantirish ommaviy safarbarlikni taqozo etadigan ulkan reja ekanini ta’kidlash lozim. Bunday reja ijrosini ta’minlashda ziyolilar yetakchilik qilishi lozimligi o‘z­o‘zidan tushunarli. Shuning uchun ham Prezidentimiz “Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda ziyolilarimizga katta ishonch bilan qaraymiz” degan edilar.

Bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi oldida turgan vazifalarning ijrosi uni yuksak salohiyatli kadrlar bilan ta’minlashni dolzarb zaruratga aylantiradi. Chunki markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishi keng omma bilan bevosita muloqotdir. Ana shu faoliyatning samarasi uning amaliy mexanizmi bo‘lgan gidlar, ya’ni markaz, jumladan, uning tarkibidagi islom san’ati muzeyiga tashrif buyuruvchilarga hamrohlik qiluvchi professional xodimlarning malakasiga ko‘p jihatdan bog‘liqdir. Shuning uchun ham Markaz faoliyati yo‘nalishlari doirasida bu masalaga ham alohida o‘rin ajratilgan. Bo‘lajak xodimlarning turli ilmiy yo‘nalishlarga ixtisoslashgan bilimdon mutaxassislardan iborat bo‘lishi Markaz muvaffaqiyatining kafolatlaridan biridir. Ushbu muassasa uchun kadrlar tayyorlash bilan shug‘ullanayotgan oliygohlardan biri – O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ishlayotgan pedagog sifatida aytishim mumkinki, yoshlarimizning bu dargohga intilishi, unda ishlashga bo‘lgan ishtiyoqi baland. Ularning magistratura va doktorantura bosqichlaridagi tahsili Markazda tashkil etilishi ayni muddao bo‘ladi. Zero, bu nazariy tahsil va amaliyotni birgalikda tashkil etishning eng samarali yo‘llaridan biridir. Bugun akademiyada tahsil olayotgan yoshlar orasida ikki va undan ortiq xorijiy tillarni yaxshi biladigan, xalqimizga xos go‘zal fazilatlarni o‘ziga chuqur singdirgan ziyoli o‘g‘il­qizlarimizning bisyorligi Prezidentimizning Markaz istiqboli bilan bog‘liq umidlari albatta ushalishidan darak bermoqda. 

O‘rni kelganda aytish lozimki, Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasida o‘xshashi yo‘q ko‘p profilli ilmiy­-madaniy­-ma’rifiy muassasa shaklida bunyod etilmoqda. U keng ommaga mo‘ljallangan ma’naviy-­ma’rifiy faoliyatdan tashqari, qadimiy tariximiz va serqirra madaniyatimizning sarchashmalari bo‘lgan asl manbalarni ilmiy o‘rganish, islom va ijtimoiy-­gumanitar ilmlar bilan bir qatorda, aniq va tabiiy fanlarga oid nodir manbalarni jamlash va tadqiq etish, ularni asrab-­avaylash va kelajak avlodlarga beshikast yetkazish, bunday manbalarning zamonaviy nashrlarini amalga oshirish, ham mamlakatimizda, ham xalqaro miqyosda ommalashtirish bilan shug‘ullanadi. U keng ma’nodagi islom sivilizatsiyasining mazmun­-mohiyatini, eng avvalo, muqaddas dinimizning insonparvar mohiyatini o‘zida mujassam etgan va targ‘ib qiladigan ilmiy nashrlarni amalga oshirish, ham mahalliy, ham xalqaro ko‘lamdagi ilmiy anjumanlarni o‘tkazish kabi serqirra faoliyat olib boradi. Qiyoslash joiz bo‘lsa, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yaqin kelajakda Fransiyadagi Luvr, Angliyadagi Britaniya muzeylari, Sankt-­Peterburgdagi Ermitaj kabi olamshumul ahamiyatga molik ilmiy-­madaniy muassasalar qatoriga qo‘shiladi. Demak, u asrlar davomida faoliyat ko‘rsatadi. Navbatdagi tashrif jarayonida Prezidentimiz tomonidan bildirilgan mulohaza va tavsiyalar aynan ana shunday yuksak marralarga qaratilganidan har qanday ziyoli benihoya ta’sirlanishi tabiiy.

Islom sivilizatsiyasi markazining bosh vazifasi, shubhasiz, dinimizdan oziqlangan milliy qadriyatlarimiz ustuvorligi sharoitida tarixiy Movarounnahr, ya’ni bugungi O‘zbekiston hududida shakllangan keng ma’nodagi serqirra islom madaniyatining bunyodkor mohiyatini jamoatchilikka ochib berishdir. Bu, onda-­sonda bo‘lsa ham uchrab turadigan, dinimiz mohiyatini yanglish tushunish tufayli kelib chiqayotgan ayrim muammolarning yechimiga ham xizmat qilishi shubhasiz.

Ma’lumki, har qanday xalq yoki millat, agar u tom ma’nodagi xalq yoki millat darajasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, albatta, o‘zining o‘tmishi haqidagi bilimlar zaxirasini boyitishga harakat qiladi. Bu – xuddiki, har bir ongli inson yetti pushtini bilishga intilgani kabi gap. Islom sivilizatsiyasi markazi ana shunday umummilliy ko‘lamli xazinagoh bo‘lishi nazarda tutilayotgani bilan ham ma’rifatparvar ziyolilar, jumladan, ilmga tashna yoshlarning e’tibor markazini egallab bormoqda. 

Bugun mamlakatimizda kechayotgan jarayonlarda mazmun­-mohiyatini Birinchi va Ikkinchi Renessanslarga xos bo‘lgan qator belgilar o‘zini tobora yaqqolroq namoyon qilib borayotgan belgilar tashkil etmoqda. Ularning qatoriga yurtimizning o‘rta asrlardagi kabi nufuzli ilmiy-­madaniy maqomini tiklash, milliy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarini ilg‘or xalqaro talablar darajasiga ko‘tarish, yoshlarni bugungi taraqqiyot taqozo qilayotgan tom ma’nodagi tadqiqotchi­-mutaxassislarga aylantirish, qadimiy ildizlarimiz sarchashmalarini tadqiq etish usullarini zamonaviylashtirish va takomillashtirish, yosh avlodning bunyodkorlik jarayonlaridagi ishtirokini kuchaytirish, yurt ravnaqi va turmush farovonligini oshirishni ko‘zlagan ishlarni kiritish mumkin. 

Prezidentimizning Islom sivilizatsiyasi markaziga qilgan navbatdagi tashrifidan, nazarimda, yana bir mantiqiy xulosa kelib chiqadi. Xalqaro jamoatchilik biz haqimizdagi ma’lumotlarni boshqalardan emas, o‘zimizdan olgani afzalroq. Shukrki, yurtimizda yaratilayotgan benazir muhit va qulay sharoit olimlar, ayniqsa, yangi O‘zbekistonda tarbiyalanayotgan umidli yoshlarga ushbu orzuni amalga oshirish imkonini bermoqda. Aytish lozimki, arablarga – arab tilida, turklarga – turk tilida, Gʻarb va Sharqning boshqa o‘lkalarida tarqalgan xalqaro muloqot tillarida ma’ruzalar qilish salohiyatiga ega olimlarimizning soni ham muntazam oshib bormoqda. Prezident tashabbusi va sa’y­harakatlari bilan bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi albatta dunyo olimlari bilan qizg‘in ilmiy hamkorlik qiladi. Demakki, u yurtimizning ibratli o‘tmishi, bunyodkorlikka yo‘g‘rilgan buguni va umidbaxsh kelajagi haqidagi rejalar bilan xalqaro jamoatchilikni tanishtirishning ta’sirchan mexanizmlaridan biri bo‘ladi.

Tarix – buyuk muallim. Uning darslari asrlar tajribasi bilan sinalgan. Dunyo tarixining ibratli saboqlaridan biri shuki, turli davrlar va yurtlarda kuzatilgan yuksalishlarning o‘z yetakchilari bo‘lgan. Ularning tashabbusi va sa’y­-harakatlari hosilasi bo‘lgan fundamental rejalar keng omma tomonidan qo‘llab­quvvatlangan yurtlar va millatlar tarixida tub burilishlar sodir bo‘lgan. Bundan chiqadigan mantiqiy xulosa – xalqimiz taqdirini uning shonli o‘tmishi va umidbaxsh kelajagiga uyg‘un tarzda o‘zgartirib borayotgan bugungi bunyodkor islohotlarning faol ishtirokchilari safida bo‘lish Uchinchi Renessans muvaffaqiyatining asosiy kafolatidir. Mamlakatimiz yetakchisining Islom sivilizatsiyasi markaziga qilgan navbatdagi ishchi tashrifidan hosil bo‘lgan umumiy taassurot ushbu muassasaning yangi O‘zbekiston surati va siyratining uyg‘unligi ramziga aylanib borayotgani haqidagi ishonchdir.

Zohidullo MUNAVVAROV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori

Manba: “O‘zbekiston bunyodkori” gazetasi 2022-yil 12-aprel, 26-son

 

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish