259

Xalqimizning ma’naviy va ma’rifiy qudrati timsoli

Yangi O‘zbekiston inshootlari

Buyuk muhaddis Imom Buxoriy rivoyati bilan keltirilgan bir hadisda “Amallarning natijasi niyatga qarab bo‘ladi”, deyilgan. Darhaqiqat, 2018-yil 15-iyun – Ramazon hayiti kunida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, oliy va yuksak niyatlar bilan bu maskan poydevoriga tamal toshi qo‘ygan edi. O‘tgan davrda markaz binosi qad ko‘tarib, ayni vaqtda uning ichki bezaklari, peshtoqidagi yozuvlar hamda mazmunini boyitish ustida ishlar jadal olib borilmoqda. Bu bunyodkorlik ishlari hadisda keltirilgan ezgu niyatning yaxshi natijasi, to‘rt yil oldin ko‘zlangan buyuk maqsadning amaliy ifodasidir.

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, xalqimiz dunyoqarashini, g‘ururini ko‘tarish, qanday buyuk el ekanimizni ashyoviy dalillar bilan namoyon etish uchun bunyod etilayotgan bu markaz haqiqatan shonli o‘tmishimiz va kelajagimizni bir-biriga bog‘lab turadigan ma’rifat ko‘prigi bo‘lib xizmat qiladi.

Bu yilgi muborak Ramazon kunlarida davlatimiz rahbari ushbu majmuaga yana tashrif buyurib, markazda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Shavkat Mirziyoyev ushbu Markaz haqida fikr bildirar ekan, doimo uning ichki mazmun-mohiyatini ham to‘ldirish muhim ekanini ta’kidlaydi.

Markazning birinchi qavatida muzey ombori, qadimiy qo‘lyozma va osori atiqalarni saqlash hamda restavratsiya qilish xonalari, nashriyot va kitob do‘konlari joylashishi ziyoratga keluvchilarga qulaylik yaratadi. Markazga tashrif buyuruvchilar ikkinchi qavatdagi asosiy ko‘rgazma maydonida milliy tariximiz va ajdodlarimiz qoldirgan boy ma’naviy meros bilan tanishadi. Bu yerdagi islom tarixi muzeyi, tarixiy va ilmiy ashyolar bilan jihozlangan bo‘limlar, shuningdek, bino markazidagi mahobatli gumbaz ostiga Usmon mushafi qo‘yilishi markazning asosiy ichki konsepsiyasidir.

Prezidentimizning 2021-yil 16-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi “Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston” g‘oyasini targ‘ib qiluvchi, mamlakatning yangi yuksalish davridagi yutuqlarini ilmiy asosda o‘rganuvchi va keng jamoatchilikka yetkazuvchi markazga aylantirilishi ta’kidlandi. Shunga asoslanib, Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakat tarixining yangi yuksalish davridagi yutuqlarini ilmiy asosda o‘rganuvchi, uni keng jamoatchilikka yetkazib berish, shuningdek, moddiy-madaniy meros namunalarini, islom dini bilan bog‘liq qadimiy va boy an’analarni targ‘ib qilish kabi ishlarni amalga oshirishi belgilangan.

Birinchi va Ikkinchi Renessans tarixi va tadrijiy bosqichlarini, uning ilmiy taraqqiyot omillarini ham o‘rganib, Uchinchi Renessans uchun poydevor yaratishdek ulug‘vor vazifalar markaz zimmasiga yuklatilgan. Shuningdek, Markazning yana bir muhim vazifasi muqaddas islom dini bilan bog‘liq boy merosni ilmiy tadqiq etish, uning Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rnini innovasion usullar orqali targ‘ib qilishdan iborat.

Markaz tarkibidagi kutubxona va arxiv, qo‘lyozmalar fondlarini bugungi O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar, aziz-avliyolar, ular tomonidan asos solingan ilmiy va diniy maktablarga doir yurtimizda va chet ellarda saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozma, toshbosma kitoblar, tarixiy dalil va hujjatlar, arxeologik topilmalar, osori atiqalar, shu yo‘nalishdagi zamonaviy ilmiy-tadqiqot ishlari, kitob va to‘plamlar, video va foto hujjatlar bilan boyitib boriladi hamda yaxlit 100 mingdan ziyod qo‘lyozmani o‘zida ifoda etuvchi ilm-ma’rifat uchun xizmat qiladigan ulkan ilmiy majmua shakllantiriladi. 

Davlatimiz rahbari bu majmuaning kelajagi haqida fikr bildirar ekan, shunday ta’rifladi: “Bu markaz asrlar davomida xalqimizga xizmat qiladi, uning har bir naqshi tarixga muhrlanadi. Shuning uchun markazning bezagi, ma’no-mazmuni islomiy va ilmiy jihatdan asoslangan, chuqur o‘ylangan bo‘lishi kerak. Odamlar ham o‘qib, ilm oladigan, ham yurakdan his qiladigan muhit yaratish zarur”.

Prezidentimizning 2022-yil 10-fevraldagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi o‘zbek zaminida tavallud topib, ilmiy faoliyat olib borgan buyuk alloma va mutafakkirlar merosini ilmiy tadqiq etish va uning natijalaridan amaliy foydalanish jarayonida yangi bosqichni boshlab berdi.

Mazkur qaror bilan markaz davlat reestrini shakllantirish va yuritish, shuningdek, qadimiy yozma manbalarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish uchun mas’ul davlat muassasasi etib belgilandi. Markaz respublika hududidagi barcha muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlarida saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarning davlat reestrini tuzadi va doimiy monitoringini yuritib boradi. Markaz tomonidan yuritilgan yozma manbalar davlat reyestri asosida qadimiy yozma manbalar turlari bo‘yicha kataloglari va elektron nusxalari yaratiladi. Reestrni yuritish bo‘yicha yagona axborot tizimiga kiritish hamda muntazam to‘ldirib borish choralari ham ko‘riladi.

Bugungi kunda yurtimizda 100 mingdan ziyod yozma manba mavjudligi qayd etilgan bo‘lsa, xorijiy fondlarda ham ajdodlarimiz ma’naviy merosiga oid manbalar bundan kam emas. Turkiya, Misr, Saudiya Arabistoni, Buyuk Britaniya, Hindiston, Pokiston va boshqa ko‘plab davlatlardagi yozma manbalar fondlari asosini yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalarimiz yozma ma’naviy merosi tashkil etadi.

Saudiyadagi Fahd ibn Abdulaziz tadqiqot markazi direktori, doktor Abdulloh Munif “Movarounnahr allomalari yozma merosi dunyo fondlarining oltin zaxirasiga aylangan, biz ularni uzoq vaqt omonat holda saqlab keldik. Buyuk allomalar merosini ularning vorislari bilan hamkorlikda tadqiq etishga tayyormiz”, deb ta’kidlaydi. 

Shuningdek, Oksford islom tadqiqotlar markazi direktori Farhang Nizomiy “O‘zbekiston – buyuk mutafakkir va mutakallimlar, muhaddisu mufassirlarning ma’naviy xazinasini o‘zida jamlagan diyordir”, deb ta’riflaydi. 

Prezidentimiz markazga avvalgi tashrifi chog‘ida quyidagi yuksak maqsadni aytgan edi: “Ushbu markaz milliy tariximiz va madaniyatimizni, milliy o‘zligimizni tiklash va yanada ravnaq toptirish yo‘lida yangi davrni boshlab beradi. Bu markaz Uchinchi Renessansning ilmiy poydevori bo‘lishi kerak”.

Markaz tashkil etilishi munosabati bilan xorijlik ekspertlar ham o‘z e’tiroflarini bildirmoqda. Buyuk Britaniya lordlar palatasi a’zosi, Shayx Muhammad Iltaf shunday dedi: “Dunyo ilm-fan sivilizatsiyasi taraqqiyotida o‘zbekistonlik olimlarning buyuk xizmatlari bor. Muso Xorazmiysiz matematikani, Abu Ali ibn Sinosiz tibbiyotni, Imom Moturudiysiz aqida ilmini, Imom Buxoriy va Imom Termiziysiz hadis ilmini tasavvur etib bo‘lmaydi”. Ekspert buyuk ajdodlar merosini o‘rganish va ular ustida keng tadqiqotlar olib borishda O‘zbekistonda yangi tashkil etilgan ilmiy-tadqiqot markazlarining o‘rni beqiyosligini ta’kidlaydi.

O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi milliy tariximiz va madaniyatimizni, milliy o‘zligimizni tiklash va yanada ravnaq toptirish yo‘lida yangi davrni boshlab beradi.

Darhaqiqat, millatning yuksak ma’rifati va ma’naviyatini ko‘rsatish, muqaddas tariximizni o‘rganish, ajdodlarimiz ilmiy merosini tadqiq etib, xalqimiz hamda dunyo ahliga taqdim etishda Islom sivilizatsiyasi markazi muhim ahamiyat kasb etadi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bu markaz xalqimizning ma’naviy va ma’rifiy qudrati timsoli bo‘lib qoladi.

Shukurillo UMAROV,

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 14-aprel, 74-son

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish