438

Ziyorat turizmini rivojlantirish masalalari muhokama etildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Ziyorat turizmini hozirgi kundagi ahamiyati va dolzarb muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Unda Turizm va madaniy meros vaziri maslahatchisi Temur Mirzayev, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi professori Nurislom To‘xliyev, soha mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda ishtirokchilarning “Ziyorat turizmini rivojlantirishdagi dolzarb muammolar”, “O‘zbekistonda mavjud dinlar, diniy konfessiya va tashkilotlar, mamlakatning ziyorat turizmi salohiyati”, “Ziyorat turizmi – madaniyatlararo almashinuv va bag‘rikenglikni mustahkamlash sohasi sifatida”, “O‘zbekistonda ziyorat turizmi va uning rivojlanish istiqbollari”, “Ziyorat turizmi odobi va qo‘llanmasi” kabi mavzularda ma’ruzalari tinglandi. 

Anjuman davomida ziyorat turizmi faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Sir emas, bugun aholi orasida ziyorat turizmiga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda. Bu borada fuqarolarga yurtimizning boy tarixi, muborak qadamjolar va ziyoratgohlar haqida yetarli ma’lumot berish, mavjud shart-sharoit, infratuzilmalarni yaxshilish zarurligi qayd etildi.

Tadbir yakunida so‘z yuritilgan mavzular yuzasidan fikr almashildi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish